29-30-sentyabr kunlari Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berdening O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston hukumati va parlamentining boshqa oliy martabali vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Berde xonim, shuningdek, Birinchi Xalqaro Iqtisodiy Forumda va O‘zbekiston bo‘yicha yangi tashkil etilgan “Mamlakat platformasi”ning yig‘ilishida ishtirok etdi.
Toshkentda Berde xonim O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etdi. Mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Berde xonim so‘nggi besh yil ichida mamlakatning iqtisodiy transformatsiyasidagi yutuqlarni, shuningdek, mamlakatning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli o‘tishi bo‘yicha hukumat rejalarini muhokama qildi.
«Jahon banki O‘zbekistonning 2026 yilga qadar kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish va 2030 yilga kelib o‘rtachadan yuqori daromad darajasiga erishish bo‘yicha rejalarini olqishlaydi. Keyingi avlod islohotlari turli sohalarda yangi va sifatli ish o‘rinlari yaratish maqsadida xususiy sektor o‘sish suratlarini jadallashtirishga qaratilsa, ular ushbu maqsadlarga erishishga yordam beradi. Shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi rolini o‘zgartirish, uni yirik tovarlar va xizmatlar ishlab chiqaruvchisidan raqobat hamda xususiy firma va kompaniyalarning rivojlanishiga ko‘maklashuvchi kuchga aylantirish muhim», - deya ta’kidladi Berde xonim
«PHukumat sog‘liqni saqlash, ta’lim va aholini ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, iqtisodiyotning ekologik barqarorligini yaxshilash orqali fuqarolarning rivojlanishiga ko‘proq sarmoya kiritishi kerak bo‘ladi. Biz bu islohotlarni Jahon bankining O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturi doirasida qo‘llab -quvvatlashga tayyormiz. Unda kelgusi besh yil ichida islohotlar dasturining Bank tomonidan moliyaviy tarzda va maslahatlar orqali qo‘llab -quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi», deya qo‘shimcha qildi Berde xonim.
Tashrif davomida Berde xonim O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Bosh vazir o‘rinbosari va investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Moliya vaziri Timur Ishmetovlar bilan samarali muzokaralar olib bordi. Berde xonim Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvlar doirasida inklyuziv iqtisodiy o‘sishga erishish va kambag‘allik, ishsizlik va gender tengsizligini qisqartirish bo‘yicha hukumat choralari; aholining sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish; biznes uchun qulay muhit yaratish va investitsiyalarni jalb qilish; davlat institutlari, korxonalar va banklarni, shuningdek qishloq xo‘jaligini isloh qilish; davlat xizmatlarini raqamlashtirish; suv va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish; shuningdek, O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Berde xonim Toshkentda bo‘lgan vaqtida O‘zbekiston uchun “Mamlakat platformasi” yig‘ilishida ham ishtirok etdi. Bu forum hukumatga turli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashuvchi xalqaro hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga yangi tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlantirish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining faoliyati, maqsad va vazifalari havola etildi.
Jahon banki O‘zbekistonni texnik yordam ko‘rsatish va umumiy qiymati 4,8 milliard dollarga yaqin 26 ta loyihani moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu loyihalar hukumatga muhim makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va sanitariya xizmatlari, energetika va transport tarmoqlari, ijtimoiy himoya tizimlari, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga hamda COVID-19 pandemiyasining aholi salomatligi va mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatishga yordam bermoqda.
Izoh qoldirish