Jahon banki (JB) o‘zining dunyo mamlakatlarida biznes muhitini baholovchi mashhur Doing Business (Biznes yuritish) reytingi hisobotini butunlay bekor qildi. Bu haqda JB o‘zining rasmiy saytida xabar berdi.
«Jahon banki rahbariyati Doing Business hisobotini e’lon qilishni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qildi. <...> Endilikda biz ishbilarmonlik va investitsion klimatni baholash bo‘yicha yangicha yondashuv ustida ishlaymiz», — deyiladi xabarda.
Avvalroq JB Doing Business reytingini 2018 va 2020 yilgi hisobotlarda ma’lumotlar o‘zgarishi bilan bog‘liq nomuvofiqliklar to‘g‘risidagi xabarlar sababli nashr etishni to‘xtatgan edi. Tashkilot so‘nggi besh yillik hisobot ma’lumotlarini qayta ko‘rib chiqmoqchiligini ma’lum qilgan edi.
WSJ ning yozishicha, tergov-surishtiruv ishlari natijalariga ko‘ra, Xitoy va boshqa mamlakatlarga tegishli ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda yaxshilash maqsadida hisobot metodologiyasi va ma’lumotlarini o‘zgartirish to‘g‘risida rahbariyat tomonidan xodimlarga bosim o‘tkazish holatlari aniqlangan.
Rahbariyat deganda, o‘sha vaqtdagi Jahon banki ijrochi direktori, ayni paytda Xalqaro valyuta fondining boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva va o‘sha vaqtdagi Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim nazarda tutilganligi aytilmoqda.
«Men Jahon banki Doing Business 2018 reytingi hisobotidagi rolim bilan bog‘liq ma’lumotlar xatoliklari tekshiruvining natijalari va talqinlariga mutlaqo qo‘shilmayman», — dedi Georgiyeva.
Xabarda aytilishicha, Doing Business reytingi hisoboti Jahon bankining, kambag‘al mamlakatlarni moliyalashtirishni ta’minlash ishlari bilan bir qatorda, iqtisodiy taqdiqotlarga asoslangan nufuzli nashri bo‘lib kelgan. Yillik hisobotning e’lon qilinishi dunyo miqyosida ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘lib, mamlakatlar siyosiy o‘zgarishlar vositasida reytingdagi o‘z o‘rinlarini yaxshilashda kimo‘zarga harakat qilishardi.
Yillar mobaynida mazkur reyting hukumatlarnining biznes uchun litsenziya olish, elektr tarmoqlariga ulash yoki soliq majburiyatlarini bajarish imkoniyatini baholashda hisobga olinadigan barcha ko‘rsatkichlarni yaxshilashlariga turtki berib kelgan.
Mustaqil auditorlik tekshiruvini olib borish uchun JB tomonidan yollangan WilmerHale yuridik firmasi 15 sentyabr kuni Doing Business reytingi hisoboti ustidan undagi ma’lumotlar xolisligi nuqtai nazaridan olib borilgan mustaqil auditorlik tekshiruvi natijalarini e’lon qildi (pdf). Unga ko‘ra, bankning yuqori martabali rahbarlari, jumladan, Georgiyeva 2018 yilgi reytingda Xitoyning ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida reytingni ishlab chiquvchi mas’ul xodimlarga bosim o‘tkazgan. Shu bilan bir vaqtda, u va boshqalar bankni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi uchun Xitoyni ko‘ndirishga uringan.
Tergov-surishtiruv ishlari natijalari shuni tasdiqlaydiki, sobiq rahbariyat Xitoyning 2018 yilgi reytingdagi o‘rnini yaxshilash maqsadida hisobot metodologiyasini o‘zgartirgan, ma’lumot yig‘ish jarayoni tugaganiga qaramasdan ma’lumotlar bazasini qayta ochib Xitoyga tegishli ma’lumotlarni qayta ishlagan. Natijada Xitoy 85-o‘rindan 78-o‘ringa ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, Ozarbayjon, BAA va Saudiya Arabistoniga tegishli ma’lumotlarda ham kichik o‘zgartirishlar amalga oshirilganligi qayd qilingan.
Xususan, JBning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha sobiq direktori va Kristalina Georgiyevaning maslahatchisi, Simeon Dyankov Doing Business jamoasiga Saudiya Arabistoni ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Unga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zgartirish orqali Doing Business 2020 reytingida ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turgan Iordaniyaning o‘rniga Saudiya Arabistonga yetakchi o‘rin berilgan. Bu, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni bilan soliq tizimi o‘xshash bo‘lgan BAAga tegishli ma’lumotlarni ham o‘zgartirishni talab etgan. Shunga qaramasdan, mazkur o‘zgarishlar BAAning umumiy reytingida aks etmagan.
Shuningdek, hujjatda qayd etilishicha, Simeon Dyankov ko‘rsatmasi bilan Doing Business 2020 reytingida Ozarbayjonning uchta islohoti hisobga olinmagan. JB xodimlari surishtiruv vaqtida Dyankovning mamlakatga nisbatan dushmanlarcha munosabatda ekanligini va u yerdagi islohotlarning haqqoniyligiga ishonmasligini ta’kidlashgan. Simeon Dyankovning o‘zi Ozarbayjondagi bir nechta islohotlarning tan olinishini «muzlatib qo‘yish» qarori «O‘zbekiston protokoli»ga (Uzbekistan Protocol) — «shubha ostidagi islohotlarni tan olishdan voz kechish imkonini beruvchi yozilmagan qoida» — mos kelishini qayd etgan.
Doing Business jamoasi «O‘zbekiston protokoli»ni tasdiqlangan metodologik tamoyil sifatida bilmaganliklarini ma’lum qilishgan. Doing Business menejeri O‘zbekiston bo‘yicha o‘tgan reytingdagi ma’lumotlar jamoaning hududiy direktori, hududiy vitse-prezident, ijrochi direktor va boshqalar ishtirokidagi qarori bilan «muzlatib qo‘yilgan"ini ta’kidlagan.
WSJ qayd etishicha, hisobotning shubha ostiga olinganligi ilk marta 2018 yilda, Jahon bankining bosh iqtisoodchisi Paul Romer WSJ ga bergan intervyusida hisobotdagi ma’lumotlar siyosiy maqsadlarda o‘zgartirilganligidan gumon qilayotganligini aytganida, ma’lum bo‘lgan edi.
WSJ ga ko‘ra, o‘shanda Jahon banki hisobot manipulyasiya qilinganini rad etgan va janob Romer ko‘p o‘tmay iste’foga chiqqan.
Biroq 2020 yilgi ichki auditorlik tekshiruvi natijalari hisobot ma’lumotlari buzib ko‘rsatilganligini tasdiqlagach, bank hisobotni e’lon qilishni to‘xtatgan va mustaqil tergov-surishtiruvga topshirgan.
Ma’lumot uchun, Jahon bankining Doing Business 2020 yillik hisobotida O‘zbekiston 69-pog‘onaga ko‘tarilib, biznes muhitni yaxshilashda eng katta muvaffaqiyatga erishgan 20 ta eng yaxshi davlatlar qatoriga kirgan edi. 2018 yilning iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan mamlakatda tadbirkorlik uchun sharoitlar yaratish va shu orqali 2022 yilda ushbu reytingda eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Izoh qoldirish