Jahon banki O‘zbekistonda nogironlar duch kelayotgan muammolarni tahlil qildi

Jahon banki O‘zbekistonda nogironlar duch kelayotgan muammolarni tahlil qildi

Jahon banki O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tahlil qiluvchi yangi hisobotini e’lon qildi.

Unda ushbu guruhning sog‘liqni saqlash, ta’lim, reabilitatsiya va yordamchi reabilitatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatlari, mehnat bozori, infratuzilma, ijtimoiy himoya, COVID-19 ning ularga ta’siri, shuningdek, hukumat tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolarini hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlari baholanadi. Tadqiqotda nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan islohotlar bo‘yicha tavsiyalar ham mavjud. Quyida tadqiqotdan asosiy qismlar keltirilgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha statistik ma’lumotlar

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasman e’lon qilingan soni aholining 2,1 foizini tashkil qiladi. Butun dunyo aholisining taxminan 15 foizi nogironlikning u yoki bu shakliga ega ekanligini hisobga olsak, ehtimol, bu raqam yuqoriroq bo‘lishi kerak. 2019 yilning oxiridagi holat bo‘yicha O‘zbekistonda 693,9 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs (295,5 ming nafar ayol va 398,4 ming nafar erkak), jumladan 111,3 ming nafar 16 yoshgacha bo‘lganlar (48,8 ming nafari qiz va 62,5 ming nafari o‘g‘il bolalar), pensiya va ijtimoiy nafaqa olgan.

Bu past rasmiy raqamlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash sohasida qo‘llaniladigan O‘zbekistonda nogironlikni baholash va aniqlashning amaldagi cheklangan ta’rifiga ta’sir etuvchi eskirgan tizimi bilan izohlanishi mumkin. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mamlakat aholisining 3 va undan katta yoshdagi qariyb 13,5 foizi nogironlikning qaysidir shakliga, 3,5 foizi esa og‘ir nogironlikka ega bo‘lishi mumkin.

Tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, nogiron bolalar va kattalarning 25 foizi zarur tibbiy xizmatlarni olmaydilar, nogiron bo‘lmaganlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil qiladi. To‘lov bilan bog‘liq qiyinchiliklar, qayerdan olishni bilmaslik va boshqa omillar tufayli fuqarolarning ushbu toifasida shifokorlar tomonidan belgilangan dori-darmonlarni qabul qilishga bo‘lgan imkoniyatlari uch baravar kam.

2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlardan biri shuni ko‘rsatdiki, nogironlik aravachasiga muhtoj bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning atigi 26,9 foizi ulardan foydalangan. Ushbu tadqiqot ishtirokchilarining deyarli yarmi (43,6%) nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yordamchi vositalar va xizmatlarga muhtojligini ta’kidlaganlar. Respondentlarning 21,5 foizi bu vositalardan foydalanishga imkonli bo‘lgani xolda, ularning atigi 2,8 foizi tegishli davlat muassasalaridan ushbu vositalarni olganlar.

Gender omil va nogironlik

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar soni 2007 yildagi 408,9 ming nafar xotinlar va 16 yoshgacha bo‘lgan 68,8 ming nafar qizlardan 2019 yilga kelib 295,5 ming nafar xotinlar va 48,8 ming nafar qizlarga kamaygan (taqqoslash uchun: 2019 yilda 398,4 ming nafar nogiron erkaklar va 62,519 nafar nogiron bolalar).

Ushbu ko‘rsatkichlar pasayganining sababi to‘liq aniq emas, chunki ayollar orasida umr ko‘rish davomiyligi uzoqroq bo‘lgani sababli nogironlik ko‘proq uchraydi. Shuningdek, nogiron xotin-qizlar tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida «nogiron» maqomini olishda qo‘shimcha qiyinchiliklarga duch keladilar.

Imkoniyatlar muhiti

Kerakli infratuzilmalardan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush tarzi va farovonligiga salbiy ta’sir qiladi. Yaqinda o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahridagi binolar va ijtimoiy infratuzilmalarning 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan, garchi bu yerda qariyib 70 mingta ushbu toifadagi fuqarolar istiqomat qiladi.

Poytaxtdagi jamoat transporti ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik mezonlariga javob bermaydi, bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning farovonligi uchun jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga ega.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishini osonlashtiruvchi infratuzilma va zarur moslamalarga yetarli darajadagi imkoniyatlarning kamligi ushbu toifadagi fuqarolarning huquqlarini buzadi, hamda ularning ijtimoiy hayotda to‘liq ishtirok etishi, ta’lim olishi, mehnat qilishi va boshqa faoliyat turlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladi, va natijada, ularning yashash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu tariqa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa jismoniy funksiyalari buzilganlar, majburiy ijtimoiy chetlanish holatiga tushib qolishadi, boshqalarga qaram bo‘lib qolishadi va shaharlarda yashash imtiyozlaridan foydalana olmaydilar.

Ta’lim olish imkoniyati

Jahon bankining tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, nogiron bolalarning maktabgacha ta’limga bo‘lgan imkoniyati nogiron bo‘lmagan bolalarga nisbatan deyarli 20% pastroqdir, bu esa nogiron bolalarni yuqori sinflarda ushlab turish darajasini yomonlashtirishi mumkin.

Tajriba tariqasida 2021−2022 o‘quv yilida O‘zbekiston shaharlari hamda Toshkent shahri tumanlaridagi 42 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi. Mazkur sinov dasturi natijalariga ko‘ra, respublikaning boshqa hududlarida ham ta’limga inklyuziv yondashuv joriy etiladi. Biroq o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, umumta’lim maktablari hali bunga tayyor emas, chunki ularda imkoniyati cheklangan bolalar uchun qulay infratuzilmalar va hojatxonalar, o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan moslamalar, malakali kadrlar mavjud emas. Misol uchun, surdo-tarjimonlar, ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosidagi darsliklar, ta’lim olish imkoniyati cheklangan va eshitish qobiliyati past bolalar uchun o‘qituvchilar va repetitorlarga ehtiyoj mavjud.

Bandlik imkoniyati

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, nogironligi bo‘lgan odamlarning ish topish imkoniyati nogironligi bo‘lmaganlarga qaraganda taxminan to‘rt baravar kam. 2019 yilda 16−59 yoshdagi nogironligi bo‘lgan erkaklarning atigi 8,9 foizi va 16−54 yoshdagi nogironligi bo‘lgan ayollarning atigi 4,4 foizi rasman ish bilan ta’minlangan, bu esa nogironligi bo‘lganlarning atigi 7,1 foizidir. Qishloq joylarda bu ko‘rsatkich undan ham past, ya’ni 5,8 foiz bo‘lgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, amaldagi ijtimoiy himoya tizimi tuzilmasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy mehnat bozorida ish izlashga bo‘lgan motivatsiyasini pasaytiradi. Nogironlik uchun nafaqa olish imkoniyati bo‘yicha tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan tibbiy nuqtai nazardan «ishlashga layoqatsiz» deb baholanganlar uchun chegaralar mavjud. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoridan chetlatadi.

Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida muntazam tibbiy ko‘riklar o‘tkazilayotganda mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslar nogironlik nafaqalarini yo‘qotishdan qo‘rqishadi. Shu sababli ular ko‘proq iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlashni afzal ko‘radilar. Biroq, bu yerda nogironlik asosidagi diskriminatsiya yanada yuqori va ish haqi rasmiy sektordagidan taxminan ikki baravar kam.

COVID-19 pandemiyasining ta’siri

Jahon banki ko‘magida mamlakatning barcha hududlarida 4 mingga yaqin xonadonning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholagan har oylik «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» so‘roviga ko‘ra, karantin cheklovlari davrida nogironligi bo‘lgan shaxslar ruhiy salomatliklari yomonlashganini ma’lum qilishgan. Jumladan, 2020 yilning iyulidan dekabrigacha ushbu toifadagi fuqarolarning o‘rtacha 51 foizi o‘zlarining ruhiy salomatligini «qoniqarli» yoki «yomon» deb baholaganlar. 2020 yilning avgust oyida bu ko‘rsatkich eng yuqori cho‘qqisiga kelib, 61 foizga yetgan. Qattiq karantin vaqtida nogironligi bo‘lgan shaxslar bozorlarga borishda, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelishgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy integratsiyasi bo‘yicha tavsiyalar

Tadqiqot nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy hayotga jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Masalan, ushbu toifadagi fuqarolarni himoya qilish sohasidagi qonunchilik va davlat dasturlarini BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurligi bildiriladi; umume’tirof etilgan xalqaro ta’riflar va vositalar asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq statistika va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini uyg‘unlashtirish; shuningdek, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini milliy darajada amalga oshirishni idoralararo muvofiqlashtirish va nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish.

Bundan tashqari, tadqiqot hokimiyat organlariga nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini ifodalovchi mahalliy NNTlar salohiyatini rivojlantirishni tavsiya qiladi; nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan odob-axloq qoidalarini o‘zgartirishga ko‘maklashish, hamma, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar ham yetisha oladigan universal muhit (infratuzilma) tamoyilini joriy etish; nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlarni faol rivojlantirish va mahallalar kabi mavjud jamoat tuzilmalaridan foydalangan holda JSST tavsiyalari asosida mahalliy hamjamiyat miqyosida nogironligi bo‘lgan bemorlarni reabilitatsiya qilish amaliyotini joriy etish; nogironligi bo‘lgan shaxslarni ta’lim va bandlik tizimlariga keng jalb etishni rag‘batlantirish.

Batafsilroq Jahon bankining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qamrab olish bo‘yicha mamlakat sharhi: O‘zbekiston» nomli tadqiqoti rus va ingliz tillarida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar