Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi NASAning tungi yorug‘lik (NTL) ma’lumotlari asosida birinchi marta O‘zbekistondagi viloyatlar va shaharlar darajasidagi iqtisodiy faollikni baholash uchun foydalandi.
Tahlil sun’iy intellekt texnologiyalari asosida amalga oshirildi. Ushbu yondashuv xalqaro amaliyotda farovonlik darajasini baholash hamda mahalliy rivojlanishni aniq va mustaqil tarzda o‘lchashning tezkor vazifasi sifatida qo‘llaniladi.
Natijalar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va rasmiy statistika o‘rtasida yuqori darajada moslik mavjudligini tasdiqlaydi. Xususan, 2020–2024 yillar davrida NTL ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM 63,5 %ga o‘sib, 2 011 dollardan 3 287 dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich rasmiy statistikada qayd etilgan 59,4 %lik o‘sish bilan deyarli mos keladi.
Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan 5 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM 3,2 ming dollarga oshib, 7,2 ming dollarga yetgan. Poytaxtning ayrim hududlarida, jumladan, Mirabad, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlarida bu ko‘rsatkich 9 ming dollardan oshgan bo‘lib, mamlakatdagi yirik shaharlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli 2 barobar yuqoridir.
2024 yilda shaharlar kesimida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHMning eng yuqori ko‘rsatkichlari Navoiy (8,3 ming dollar), Zarafshon (6,8 ming dollar), Samarqand (5,7 ming dollar), Qo‘qon (5,6 ming dollar), Andijon (5,1 ming dollar), Yangiyol (5 ming dollar) va Qarshi (4,8 ming dollar) shaharlarida qayd etildi.
Shuningdek, Termiz (4,5 ming dollar), Urganch, Marg‘ilon, Kattaqo‘rg‘on (4,3 ming dollar) va Chirchiq (4 ming dollar) kabi kichik va o‘rta shaharlarda ham yuqori iqtisodiy faollik kuzatilmoqda.
Tahlil natijalari Navoiy (1,5 ming dollar), Namangan (1,4 ming dollar), Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham iqtisodiy faollikning sezilarli o‘sishini ko‘rsatdi. Shuningdek, Zarafshon, Qarshi, Chirchiq, Marg‘ilon va Termez kabi kichik va o‘rta shaharlarda ham yuqori darajadagi iqtisodiy faollik qayd etildi.
Shu bilan birga, tungi yorug‘lik ma’lumotlaridan foydalanish orqali tumanlar kesimida urbanizatsiya darajasi ham baholandi. Xususan, 2020–2024 yillar davomida shahar aglomeratsiyalariga xos bo‘lgan tungi yorug‘lik darajasi (NTL ko‘rsatkichi 10dan yuqori) yuqori bo‘lgan hududlar soni 21 tadan 26 tagacha oshdi.
O‘z navbatida, kam yorug‘likka ega bo‘lgan qishloq tumanlari soni 129 tadan 102 taga kamaydi. Shu tariqa, 27 ta tumanda shahar tipidagi rivojlanish yo‘nalishiga o‘tish kuzatilmoqda.
Xulosa
Xalqaro tajriba shaharlarning rivojlanishi, iqtisodiy faollikning o‘sishi va xizmatlar sohasining kengayishini muvaffaqiyatli tuzilmaviy transformatsiyaning asosiy belgilaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Bunday jarayonlar bugungi kunda Vetnam, Indoneziya, Gruziya va Ozarbayjon kabi mamlakatlarda kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar darajasi hanuzgacha o‘rtacha miqyosda saqlanib turganiga qaramasdan, so‘nggi yillarda shaharlarning barqaror rivojlanishi va ishbilarmonlik faolligining ortishi kuzatilmoqda.
Zamonaviy usullar, jumladan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini tahlil qilishni qo‘llash monitoring yuritish va strategik rejalashtirishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Abdulaziz G‘aybullayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)
Izoh qoldirish