Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar tahlilini taqdim etdi.
Joriy yilning iyul oyida, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 26 mingtadan oshib, iyun oyiga nisbatan 25 foizga ko‘pdir. Bu so‘nggi davrlarda kuzatilgan eng yirik oylik o‘sish ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Hududiy dinamika
Iyul oyida O‘zbekistonning barcha hududlarida uy-joy bozorida faollik oshgani kuzatildi.
Faollikning eng sezilarli o‘sishi Surxondaryo (41%), Sirdaryo (35,3%) va Qashqadaryo (33,7%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy bozori faolligi 24,6%ga o‘sdi.
Ikkillamchi uy-joy bozori
Iyul oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha bozor qiymati o‘sish sur’ati tezlashdi. Iyun oyida o‘rtacha 0,3% o‘sishdan so‘ng, iyul oyida o‘sish 1,7%ni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3%ga oshdi.
Hududlar kesimida o‘tgan yilning iyul oyidan buyon uy-joy narxlarida sezilarli o‘sishi Jizzax (15,2%), Surxondaryo (14,1%) va Xorazm (9,6%) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Iyul oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida yillik pasayish tendensiyasi saqlangan holda, narxlarda o‘rtacha o‘sish qayd etildi.
Oy davomida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,8%ga oshdi. Yillik hisobda o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2%ga, birlamchi uy-joylar narxi esa 0,9%ga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joylarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-8,2%), Yashnobod (-4,5%) va Yunusobod (-4,2%) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy narxlarida eng sezilarli pasayishi Uchtepa (-8,8%), Yunusobod (-6,7%) va Shayxontohur (-4,7%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy ijara bozori
Iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollar.
Yillik hisobda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi 2,8%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish