Xalq qabulxonasi: Prezident topshiriqlari ijrosi nazorati

Xalq qabulxonasi: Prezident topshiriqlari ijrosi nazorati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi ishchi guruh tumanda ijtimoiy soha ob’yektlari, mahallalarning ijtimoiy infratuzilmasi holati, yoshlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator masalalar bo‘yicha o‘rganishlar olib bormoqda.

Xususan, Shovot tumani tadbirkorlari uchun Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, banklarlar hamda sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilot vakillari ishtirokida uchrashuv va sayyor qabul tashkil etildi.

Ochiq muloqotni o‘tkazishdan maqsad tadbirkorlik sub’yektlarini qiynayotgan masalalarni, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflarni muhokama qilish hamda amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.

Ikki yuzga yaqin tadbirkor ishtirok etgan ushbu uchrashuv chog‘ida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan muammo va takliflarni ilgari surishdi. Xususan, kredit, soliq, kadastr, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid masalalar ko‘tarildi.

Tadbir doirasida kelib tushgan murojaatlar asosida tumanning “Oq oltin” mahallasida ish yuritayotgan tikuv sexi, “Katqal’a” mahallasidagi mebelchilik korxonasi faoliyati bilan tanishildi va ularning muammolarini bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, tumanidagi “Po‘lat” mahallasida istiqomat qiluvchi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, oilalarga qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida 20 sotixdan ekin yer maydonlari ajratilib berildi.

Respublika ishchi guruhi vakillari tumandagi ijtimoiy soha ob’yektlari holati bilan tanishish uchun “Komiljon ota” mahallasi, ushbu mahallada joylashgan oilaviy shifokorlik punkti, “Yangi O‘zbekiston” mahallasida joylashgan 32-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi, “Arbek” mahallasida joylashgan 17-son bolalar musiqa va san’at maktabi bilan yaqindan tanishdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Shovot tumanida yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ularni bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi. Tadbir doirasida yoshlar va xotin-qizlar uchun mehnat yarmarkasi, sport musobaqalari, bepul tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.

Respublika ishchi guruhining Xorazm viloyatidagi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar