O‘zbekistonda paxta hosilining 70% dan ortig‘i paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan yig‘ib olindi

O‘zbekistonda paxta hosilining 70% dan ortig‘i paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan yig‘ib olindi

Joriy yilning 3 dekabr kuni “Poytaxt” biznes markazida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va klasterlarining 2020 yilda amalga oshiriladigan ustuvor loyihalari” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri maslahatchisi N.Otajonov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv ho‘jaligi vazirligi, O‘zkimesanoat” AJ, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi, “Agrobank” ATB, “JOHN DEERE”, “Case New Holland” kompaniyalari va paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Joriy yilda respublikamizning 93 ta tumanida 75 paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilib, 701 ming gektar yer maydonida paxta hosili yetishtirildi. Natijada joriy paxta mavsumining 25 noyabr holatiga, ushbu klasterlar tomonidan 2065,3 ming tonna paxta (prognozga nisbatan 100,0%) yoki jami paxtaning 70 foizi, shu jumladan 95,3 ming tonna (yoki 5.1%) paxta terish mashinalari yordamida terib olish ta’minlandi.

Shartnoma majburiyatlarini ortig‘i bilan bajargan Farg‘ona viloyatidagi klasterlar 122,7%, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 113,6%, Andijonda 108,4% va Xorazm viloyatida 106,5% paxta xom ashyosi yig‘ib olindi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 40 ta tumanda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasterlari yangi texnologiyalarda ishni tashkil qilganligi tufayli so‘ngi 10 yil ichida birinchi marta yillik hosildan yuqori hosil olindi.

Paxta terimiga 130 dan ortiq yangi paxta terish mashinalari sotib olindi va so‘ngi 40 yil davomida ular yangilandi.

Hozirgi kunda butun dunyoda global muammo bo‘layotgan suv tanqisligi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari tomonidan paxta yetishtirish jarayonida alohida e’tibor berildi. Joriy yilda 4 ming 600 gektar paxta ekin maydonlariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi. Isroilning "Netafin", Xitoy Xalq Respublikasining "Qingdao Flourish Textile Machinery CO LTD" va ko‘plab mahalliy suvni tejovchi quruvchi tashkilotlar tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qurib bitkazilib mazkur texnologiya bo‘yicha paxta ekin maydonlari sug‘orildi.

Yana bir quvonarli jihati shundaki, ilk marotaba klasterlar tomonidan yurtimizda organik paxta yetishtirilishiga erishildi. Bunda Textile Technologies Group va Fanlar akademiyasi olimlari hamkorligida hech qanday kimyoviy yoki boshqa unsunlardan foydalanmagan holda organik paxta yetishtirildi va Yevropa kompaniyasi tomonidan sertifikatlandi.

Tadbirga so‘zga chiqqanlar, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va klasterlarining 2019 yildagi ijobiy yutuqlari hamda sohani rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolari, qishloq xo‘jaligida paxtani ekin maydonlarida munosib joylashtirish va sifatli urug‘ navlari bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari hamda suv ta’minotini mutonosib taqsimlash, zamonaviy paxta terish mashinalari va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish hamda xorijdan import qilish, shuningdek, 2020 yildan bosqichma-bosqich paxta terimini mexanizatsiyalashtirish afzalliklari, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash, moliyalashtirishni takomillashtirish, kredit resurslaridan foydalanish tizimini soddalashtirish kabi mavzularda ishtirokchilarga taqdimotlar namoyish etishdi.

Tadbir so‘ngida, yil davomida samarali mehnat ko‘rsatib, klaster tizimini rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shgan bir qator paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari faxriy yorlig‘ va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar