Tadbirkorning tashrif qog‘ozi
Taniqli tadbirkor Anvar Norboyev 1975 yilning 23 aprelida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Enamyaxshi qishlog‘ida dunyoga kelgan. O‘quvchilik paytlarida “matematika” fani bo‘yicha 3 marta Respublika olimpiadasi final bosqichida qatnashgan va 2 marta faxrli 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. 1992 yil o‘rta maktabni “oltin medal” bilan bitirgan. 1997 yilda Toshkent davlat universitetini, 2004 yilda esa Toshkent moliya institutini muvaffaqiyatli tamomlagan. Matematika va bank ishi bo‘yicha egallagan bilimi uning tadbirkorlik faoliyati uchun mustahkam asos yaratdi.
U 2005 yilda Toshkent shahrida “STANDART ELEKTRO TEXNIKA” xususiy korxonasini tashkil etdi. Korxona o‘z faoliyatini elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarishdan boshladi. Bugungi kunda bu yerda kompleks transformator podstansiyalari, taqsimlash shkaflari va energiya tejamkor transformatorlar ishlab chiqariladi. Mazkur mahsulotlar avval xorijdan import qilinar edi, endi ularni xorijdan sotib olishga chek qo‘yildi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizga muayyan miqdorda xorijiy valyutani tejash imkoniyatini yaratdi.
Tadbirkor 2020 yilda faoliyatini yanada kengaytirib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kattaqo‘rg‘on tumanida “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi”ni tashkil etdi. Zavodda ilg‘or texnologiyalar asosida 3 fazali moyli germetik rusumli transformatorlar va elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarilmoqda.
Anvar Norboyevning turmush o‘rtog‘i Matluba Norboyeva “STANDART ELEKTRO TEXNIKA” korxonasida ofis-menejer sifatida ishlab, tadbirkorlik ishlariga ko‘mak bermoqda. Ularning o‘g‘li Nurmuhammad Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashgan tayanch maktabining 9-sinfida ta’lim olmoqda.
Anvar Norboyevning mehnati 2023 yilda hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Uning hayoti va tadbirkorlik faoliyati fidokorona mehnat, qat’iyat va innovatsion yondashuv orqali yutuqlarga erishishning yorqin namunasidir.
– Tadbirkorlikni qanday boshlagansiz? Nega aynan elektrotexnika sohasini tanlagansiz? Undan oldin nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgansiz?
– Tadbirkorlikni ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda boshladim. Aspiranturada tahsil olish bilan birga, qo‘shimcha ish sifatida hozirgi kundagi hamkorlarimdan biri bo‘lgan ixtisoslashgan montaj korxonasida montajchi bo‘lib ishladim. Bu ish jarayonida men sohaga oid qimmatli bilim va tajribaga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim.
Tadbirkorlikning elektrotexnika sohasini tanlashimda otamning ta’sirlari katta bo‘lgan. Chunki otam elektrotexnika sohasida mutaxassis edilar. U kishining maslahatlari va qo‘llab-quvvatlashlari men uchun muhim turtki bo‘lib, otam bilan birgalikda elektrotexnika korxonasini ochishga qaror qildim. U sohadagi bilimlarning ko‘pini aynan otamdan o‘rgandim va otamning nasihatlarini doimo qadrlab kelaman.
Men ilk yaxshi natijalar bilan chegaralanib qolmay, elektrotexnika sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida dunyoning nufuzli korxonalarida o‘z malakamni oshirishga kirishdim. Internet orqali Rossiya, Ukraina va Belarusning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdim. Keyinchalik esa ushbu davlatlardagi transformator ishlab chiqarish zavodlariga shaxsan borib, faoliyatlarini yaqindan kuzatdim. Zavodlardagi ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur o‘rganib, yuqori texnologiyali yechimlarni o‘z korxonamda joriy qilish ustida ishladim.
– Tadbirkorlikda katta yutuqlarga erishgansiz. Bunga yurtimizda yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashlar yordam berganmi?
– Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan islohotlar mening hayotimda eng katta burilish yasadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, imtiyozli kreditlar, soliq yukini kamaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar mening muvaffaqiyatimda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
Yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar bizga yangi loyihalarni amalga oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishda katta yordam bermoqda. 2005 yilda “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi”ni tashkil etishim tadbirkorlik faoliyatimni boshlashda birinchi qadamim bo‘ldi.
Bugungi kunda zavodda yiliga 1200 dona transformator ishlab chiqariladi va 120 nafar ish o‘rni yaratilgan. Shu jumladan, 80 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan.
Korxonada import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga o‘zimizning hissamizni qo‘shmoqdamiz. Bugungi kunda “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” orqali nafaqat ichki bozor uchun, balki eksport salohiyatiga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ldik.
Biz tadbirkorlik faoliyatimizni faqat ishlab chiqarish bilan cheklamay, ijtimoiy rivojlanishga ham katta e’tibor qaratyapmiz. O‘z qishlog‘imda 300 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini ishga tushirdim. U xususiy maktabda 40 ta o‘qituvchi ishlayapti. Shuningdek, 34 gektar yerda uzumzor tashkil etib, hosilga kirgan 10 gektar maydonda 12 nafar doimiy ish o‘rni ochildi. Ushbu zavod va loyihalar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shmoqda, balki mahalliy aholining ijtimoiy farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Biz kelajakda yanada katta yutuqlarga erishishni maqsad qilganmiz.
– Tadbirkorligingizning rivojlanish tarixi qanday bo‘lgan? Qanday mahsulotlar ishlab chiqarasiz?
– 2005 yilning 17 noyabrida tashkil etilgan “STANDART ELEKTRO TEXNIKA” xususiy korxonamiz o‘z faoliyatini kichik loyihalarni amalga oshirishdan boshlagan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan yirik ishlab chiqarish maskaniga aylandi. Har bir qadamda innovatsion yondashuv va sifatli mahsulot yaratishga e’tibor qaratildi.
Korxona faoliyatini kengaytirish jarayonida energotejamkor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashib, elektrotexnika sohasida jahon standartlariga mos yechimlar taklif etila boshlandi. Komplekt transformator podstansiyalari (25 kVA dan 2500 kVA gacha), KSO-298 va KSO-386 rusumli xizmat ko‘rsatish kameralari, K-59, K-63, KM1, KRN kabi taqsimlash uskunalari, ShO85 seriyasidagi taqsimlash shitlari, VRU-0,4, PR 8503 kabi boshqaruv shkaflari, ORU-35 kV va ORU-220 kV uchun uskunalar, UKRM-0,4 rusumli kondensator quvvat uskunalari (20 kVAr dan 1600 kVAr gacha), TMG kuch transformatorlari (16-2500 kVA) kabi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
2020 yilda yangi bosqichda “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” tashkil etildi. Zavodimizning asosiy maqsadi – energotejamkor va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘lib, bugungi kunda TMG rusumli transformatorlar va zamonaviy elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqaryapmiz.
Hozircha, yuqori kuchlanishli (110kv) elektrouskunalar O‘zbekistonga asosan chetdan import qilib olib kelinmoqda. Zavodimizda import o‘rnini to‘liq bosuvchi “Yuqori kuchlanishli elektrotexnika uskunalari” ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishni boshladik.
– Biznesingizning hozirgi kuni haqida axborot bering, jumladan, mahsulotlaringizni sotish bozorlari qanday? Qanday loyihalar amalga oshirildi, ular viloyatga va iste’molchilarga nima beradi?
– Bizning korxonamizda ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda quyidagi natijalarga erishildi: “Yuqori kuchlanishli vakumli o‘chirish” uskunalari 2023 yilda ishlab chiqarishga tushirildi. Bu loyiha nafaqat ichki bozor talablarini qondirishga yordam berdi, balki qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga ham sabab bo‘ldi. Jami 15 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. “Kuchlanish va o‘lchov transformatorlari” ishlab chiqarish loyihasi 2024 yilning II choragida ishga tushirildi. Ushbu loyiha ham yana 15 ta yangi ish o‘rni yaratishga imkon berdi.
Yangi loyihalarimiz quyidagilar: birinchisi, kuchlanishi 110 kVA bo‘lgan oddiy va elegazli ajratkichlar ishlab chiqarish. Bu uskunalar yuqori kuchlanishli tarmoqlarda ishlatilib, elektr energiyasini uzatish jarayonini xavfsiz va samarali amalga oshirishga xizmat qiladi. Natijada, 20-30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ikkinchisi, kuchlanishi 500 kVAgacha bo‘lgan elektr tarmoqlari va podstansiyalarni loyihalash va qurish. Ushbu loyiha respublikamizning energetika infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan. Undan ko‘zlangan maqsad – energiya uzatish tizimlarini modernizatsiya qilish. Ishga tushish vaqti – 2024-2025 yillar. Yangi ish o‘rinlari 30-40 tani tashkil etadi.
Uchinchisi, quvvati 100 mVA, kuchlanishi 500 kVAgacha bo‘lgan transformatorlar ishlab chiqarish. Ushbu transformatorlar energetika tizimining yuqori kuchlanishli tarmoqlarida ishlatilishi rejalashtirilgan. Ular orqali importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish maqsad qilingan. Ishga tushish vaqti – 2025-2026 yillar. Yangi ish o‘rinlari: 100-150 ta.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi, nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarimizni oshirishga, balki ichki bozorda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning ulushini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ish o‘rinlari yaratilishi orqali hududimizda ishsizlik darajasini pasaytirishga ham hissa qo‘shamiz.
– Zavodda bugun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar avval qaysi davlatlardan import qilinardi?
– Korxonamiz asosiy yo‘nalishlaridan biri import o‘rnini bosuvchi elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni mahalliylashtirish hisoblanadi. Keyingi yillarda ishga tushgan loyihalarimiz doirasida quyidagi mahsulotlar mahalliylashtirildi:
- “TMG” rusumli energotejamkor transformatorlar. Avvalgi davrda bu turdagi transformatorlar, asosan, Turkiya, Ukraina, Belarus, Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan import qilingan.
- Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va uskunalarini boshqarish, ularni turli xil avariya holatlaridan asrash uchun qo‘llaniladigan “VS1-12” rusumli vakuumli uzgichlar. Bu turdagi mahsulotlar Rossiya, Germaniya va Xitoydan olib kelinardi.
- Yuqori kuchlanishli elektr tarqatish uskunalarida himoya va tok o‘lchovlari uchun ishlatiladigan quyma tok transformatorlari. Ular oldin asosan Rossiya va Xitoydan sotib olingan.
Mana shu mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali korxonamizda 2022-2024 yillarda 60 mlrd so‘mlik import o‘rnini to‘liq bosuvchi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarildi.
– Zavodingiz qaysi davlatning qanday firmalari bilan hamkorlik qiladi?
– Xitoyning CHINT ELECTRIC Co., Ltd., Xiaogan Hanguang Senyuan Electric Co., Ltd, People’s Electric Appliance Group Co., Ltd., Jubang group co. Ltd., Tianhong Power Technology Co., Ltd. kompaniyalari bilan yaqin iqtisodiy aloqalar o‘rnatganmiz. Bir-birimizga borib-kelib, o‘zaro tajriba almashamiz.
Ba’zi bir mahsulotlar ishlab chiqarishda Rossiyaning “OOO VP “NTBE”, “NPP “Dinamika”, “Korporatsiya VED-Sentr”, “KOMPLEKTENERGO”, “Sverdlovenergoshit”; Ukrainaning “RELSIS”, “VOLTEN”, “Integral”, “Aplayd Prodjekts”, “Promservis” kompaniyalari; Turkiyaning “İNCİ TRANSFORMATÖRAKSESUARLARI SAN. VETİC. A.Ş.”, “KAEL MUHENDİSLİK ELEKTRONİK TİC.” va “SAN. LTD. ŞTİ.”; Belarusning “Minskiy elektrotexnicheskiy zavod im. V.I.Kozlova” (METZ) nomli korxonalari bilan doimiy aloqada ishlaymiz.
– Sizning biznesingizning ijtimoiy ahamiyati qanday? Masalan, qancha ish o‘rni yaratildi? Korxonangizning ehtiyojmand guruhlarga nisbatan ijtimoiy siyosati qanday? Xodimlaringizning ijtimoiy paketlari va daromad darajasi yetarlimi?
– Bizning faoliyatimiz nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirishga ham yo‘naltirilgan bo‘lib, biz uchun ishchi-xodimlarimizning farovonligi va ijtimoiy himoyasi ustuvor ahamiyatga ega.
Korxonamizda 100 dan ortiq ish o‘rni tashkil etilgan. Yangi loyihalarni amalga oshirish orqali 2025 yil ichida ish o‘rinlari sonini 200 dan oshirish rejalashtirilgan.
Xodimlarimiz sog‘lig‘ini saqlashga ham e’tibor qaratyapmiz. Yurak bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan xodimimiz F.Nurmonova uchun zarur bo‘lgan operatsiya o‘tkazishda katta yordam ko‘rsatdik. Bu jarayonda Shveysariya va Amerikadan yuqori malakali shifokorlar jalb qilindi. Bu sa’y-harakatlarimiz xodimlarimizning salomatligiga bo‘lgan munosabatimizning yorqin namunasidir.
Ehtiyojmand xodimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir bayramda ularning oilalariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatamiz. Bu ularning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan doimiy qadamlarimizdan biridir.
Ta’lim sifatini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 260 o‘rinli zamonaviy maktab qurish rejalashtirilgan. Loyiha Melixo‘ja MFY “Tong” qo‘rg‘onida amalga oshiriladi. Loyihaning ishga tushish muddati 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 60-70 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu maktab zamonaviy jihozlar va innovatsion ta’lim metodlari bilan jihozlanadi. Iqtidorli yoshlar uchun bu katta imkoniyatlar yaratadi.
Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorni ta’minlaydi, balki viloyatimizda energetika sohasi rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, ijtimoiy loyihalar orqali jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratamiz. Bizning maqsadimiz – iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish o‘rtasida muvozanatni ta’minlash.
– Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tayyorlangan qaysi Farmonlar, qarorlar va chora-tadbirlar sizning biznesingizga eng foydali ta’sir ko‘rsatdi va bu qanday namoyon bo‘ldi?
– Yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishimizda soliq tizimida qilinayotgan islohotlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Masalan, 2021 yil aprel oyidan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun daromad solig‘ining 50 foizi korxonalar ixtiyorida qoldirilishi bizga moliyaviy barqarorlik va yangi texnologiyalarga investitsiya kiritish imkonini yaratdi.
2023 yil yanvar oyidan QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi mahsulotlarimizning tannarxini pasaytirib, ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirdi.
Biznes uchun qulay imkoniyatlardan foydalangan holda biz yuqori kuchlanishli (110 kV) elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini boshladik. Bugungi kunda ushbu uskunalar, asosan, chetdan import qilinadi. Zavodimizda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish orqali milliy iqtisodiyotimizga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.
Agar ushbu loyihalar doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar kafolatli bozor bilan ta’minlansa, biz 2025-2026 yillarda yurtimizning energetika tizimi uchun zarur bo‘lgan yuqori kuchlanishli uskunalarni to‘liq ishlab chiqarishga o‘tamiz va 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratamiz. Bu nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki ishsizlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Bu kabi Farmon va qarorlar tadbirkorlik rivoji uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda, shuning uchun bunday islohotlarning davomliligi katta ahamiyatga ega.
– Siz qanday loyihalarni ishlab chiqmoqdasiz yoki rejalashtirmoqdasiz? 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?
– Kattaqo‘rg‘on tumanida 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda sanoat, ta’lim va tadbirkorlik sohalarida yangi loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat siyosatiga muvofiq, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Bu vazifalar doirasida biz ham qator istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Kattaqo‘rg‘onda sanoat salohiyatini oshirish uchun “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” MChJ loyihasi amalga oshirilmoqda. Quvvati 100 MVA, kuchlanishi 110 kV bo‘lgan transformatorlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni maqsad qilgan bu zavod tumanning sanoat rivojlanishida yangi bosqichni boshlaydi. U 2028 yilgacha ishga tushiriladi va yangi zavodda 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 75 mlrd so‘mlik sanoat transformatorlari ishlab chiqarishga teng bo‘ladi.
Bu loyiha tumanning eksport salohiyatini oshirish, energotejamkor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali viloyat milliy iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shishga yo‘naltirilgan. Zavodning ishga tushishi nafaqat iqtisodiy yuksalish, balki aholini ish bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xullas, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli men ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirish asosida muvaffaqiyatli biznes loyihalarni amalga oshira oldim, deb ayta olaman.
Odil Olimjonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2025
Izoh qoldirish