Infografika: O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik

Infografika: O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘nggi 9 yil davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni tahlil qildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat an’anaviy savdo-iqtisodiy hamkorlar bilan, balki yangi eksport bozorlariga chiqishga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotgan mamlakatlar bilan ham hamkorlikni faollashtirdi.

Bunday davlatlar orasida Pokiston alohida o‘rin egallaydi. U Janubiy Osiyoda aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan, iqtisodiy rivojlanish salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat bo‘lib, O‘zbekiston uning ishtirokida «transafg‘on temir yo‘l yo‘nalishi»ni barpo etish bo‘yicha yirik va istiqbolli loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

2022 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif davomida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro niyatlar tasdiqlandi.

2025 yil fevral oyida esa Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Muzokaralar chog‘ida savdo, sanoat va transport sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari muhokama qilindi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi amal qiladi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Ikki tomonlama savdo dinamikasi

2017–2025 yillar davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,2 barobarga oshib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 445,9 mln dollarni tashkil etdi. Shu davrda O‘zbekistonning Pokistonga eksporti 32 barobarga o‘sib, 325 mln dollarga yetdi, Pokistondan import esa 4,6 barobarga ko‘payib, 120,9 mln dollarni tashkil qildi.

Eksport hajmining jadal o‘sishi natijasida O‘zbekistonning Pokiston bilan tashqi savdo saldosi 2019 yildan boshlab ijobiy ko‘rsatkichga o‘tdi.

2025 yilda O‘zbekiston eksporti tarkibi quyidagi yo‘nalishlardan shakllandi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlari (qurutilgan dukkakli sabzavotlar, yong‘oq va yeryong‘oq) — 260,2 mln dollar (80%);
  • Sanoat mahsulotlari (ip-kalava) — 21,2 mln dollar (6,5%);
  • Nooziq-ovqat xomashyosi — 13,2 mln dollar (4,1%);
  • Xizmatlar (asosan transport) — 30,1 mln dollar (9,3%).

2025 yilda Pokistondan import tarkibida asosiy ulush quyidagilar hissasiga to‘g‘ri keldi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht, kartoshka, sitrus mevalar) — 56,2 mln dollar (46,5%);
  • Kimyoviy mahsulotlar (dori-darmonlar, yuvish vositalari) — 45,3 mln dollar (37,5%);
  • Sanoat mahsulotlari — 6,4 mln dollar (5,3%);
  • Xizmatlar — 4 mln dollar (3,3%).

Investitsiyaviy hamkorlik

2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida 208 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 18 tasi qo‘shma korxona, 190 tasi esa 100% Pokiston kapitali asosida tashkil etilgan korxonalardir.

2017–2024 yillar davomida Pokistondan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 62,5 mln dollarni tashkil qildi. Bu mablag‘ning 47,4 mln dollari 2024 yilning o‘zida jalb etilgan.

O‘zbekiston–Pokiston investitsiyaviy hamkorligi, asosan, qayta ishlash sanoati tarmoqlarida rivojlanmoqda. Xususan, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika yo‘nalishlari bilan birga, transport va logistika sohalari (jumladan, infratuzilma loyihalari) hamda AKT va injenerlik xizmatlarida ham qo‘shma tashabbuslar kengaymoqda.

Transport sohasida hamkorlik

O‘zbekiston va Pokiston, shuningdek Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida savdo hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri — to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovining mavjud emasligidir.

Shu bois O‘zbekiston Pokiston ishtirokida «Mazori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor. Ushbu loyiha mamlakatlar o‘rtasida qisqa va iqtisodiy jihatdan maqbul transport koridorini shakllantiradi.

Loyihaning amalga oshirilishi:

  • O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi;
  • har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshiradi;
  • Markaziy va Janubiy Osiyo hududlarini qisqa transport yo‘lagi orqali bog‘laydi;
  • Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning «Gvadar» va «Karochi» portlariga chiqish imkoniyatini ochadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar