O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi joriy yilda barqaror o‘sish bilan boshlandi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi joriy yilda barqaror o‘sish bilan boshlandi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Soliq va Bojxona qo‘mitalari, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xomashyo birjasining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlik faolligi bo‘yicha monitoring olib bormoqda.

Joriy yil yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,2%ga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani namoyon etdi.

Tushumlar o‘sishining eng yuqori ko‘rsatkichlari Sirdaryo, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha qariyb 49%ni tashkil etdi.

Jismoniy shaxslar daromad solig‘i tushumlari 15,1%ga, mol-mulk solig‘i tushumlari 19,6%ga hamda yer solig‘i tushumlari 20,3%ga oshdi.

Bojxona to‘lovlari yillik hisobda 19,8%ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Navoiy, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etildi va o‘rtacha qariyb 67%ni tashkil qildi.

Shuningdek, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham barqaror ijobiy dinamika kuzatilib, tushumlar o‘rtacha 31%ga oshdi.

Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili yakunlariga ko‘ra, tovarlar eksporti 19,5%ga oshdi. Eksport hajmining eng yuqori o‘sishi Toshkent va Navoiy viloyatlarida qayd etildi va o‘rtacha 47%ni tashkil qildi.

Shu bilan birga, kreditlash hajmida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2,7%ga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida qayd etilib, o‘rtacha 58%ni tashkil etdi.

Xususiy sektorning faol rivojlanishi yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar sonining sezilarli ortgani bilan ham tasdiqlanmoqda. 2026 yil yanvar oyida 7 116 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi tadbirkorlik sub’yektlarining eng ko‘p qismi Toshkent shahrida (1 712 ta) qayd etildi. Hududlar orasida esa Toshkent viloyati (735 ta), Samarqand viloyati (610 ta) va Xorazm viloyati (550 ta) yetakchilik qildi.

O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 1,8 barobarga oshdi. Birja faolligi mamlakatning aksariyat hududlarida o‘sgani kuzatildi, ayniqsa Sirdaryo viloyatida faollik 11,1 barobarga oshdi. Shuningdek, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham o‘sish qayd etilib, o‘rtacha 6,5 barobarni tashkil etdi.

Sultonmurod Ozodov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islhotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar