O‘zbekiston biznes-muhiti tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

O‘zbekiston biznes-muhiti tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan oylik so‘rovlar asosida biznes-muhit tahlili natijalarini taqdim etdi. Olingan ma’lumotlar asosida biznesning joriy holatiga oid baholar va kelgusi uch oylik davr uchun kutilmalarni ifodalovchi yig‘ma biznes-muhit indikatori shakllantirildi.

O‘zbekiston yig‘ma biznes-muhiti dinamikasi

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonning yig‘ma biznes-muhit indeksi −100 dan +100 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 64 bandni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yil darajasiga nisbatan 23%ga yuqori.

Biznes-muhitining o‘sish asosan joriy holat bo‘yicha baholarning yaxshilanishi hisobiga ta’minlandi, ushbu ko‘rsatkich 28%ga o‘sdi.

Qisqa muddatli istiqbollar bo‘yicha optimizmning kuchayishi ham qo‘shimcha hissa qo‘shdi. Xususan, korxonalarning kutilmalari 20%ga oshdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 22%i ishchilar sonini ko‘paytirgan. Shu bilan birga, respondentlarning 71%i kelgusi uch oyda mahsulotga talab o‘sishini kutmoqda, o‘tgan yilning shu davrida esa bunday fikrda bo‘lganlar ulushi taxminan 60%ni tashkil etgan.

Kelgusi chorakda ishchilar soni ortishini prognoz qilayotgan korxonalar ulushi 65%gacha ko‘tarildi (o‘tgan yili — 58%).

Tarmoqlar kesimida o‘tgan yilga nisbatan biznes-muhitning yaxshilanishi qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida kuzatildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida biznes-muhit indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62%ga oshdi. Ko‘rsatkich 2025 yil yanvardagi 48 banddan joriy yilda 77 bandga yetdi.

O‘sish asosan joriy sharoitlarga berilgan baholarning sezilarli yaxshilanishi va yanada ijobiy kutilmalar hisobiga ta’minlandi. Tarmoqda joriy holat ko‘rsatkichi 27 banddan 72 bandgacha, ya’ni 2,7 barobarga oshdi. Kutilmalar esa 17%ga o‘sib, 82 bandga yetdi.

Tadbirkorlarning 44%i o‘z tarmog‘idagi biznes holatini «yaxshi» deb baholagan (o‘tgan yili — 39%). So‘nggi uch oyda mahsulotga talab oshganini korxonalarning 46%i qayd etgan, o‘tgan yil yanvar oyida bu ko‘rsatkich 39%ni tashkil etgan edi. Yaqin istiqbolda talabning yanada o‘sishi bo‘yicha kutilmalar ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda — 71% (o‘tgan yili — 68%).

Xizmatlar sohasida biznes-muhit o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 25%ga o‘sib, 52 banddan 65 bandga yetdi.

Bu o‘sish biznes yuritishning joriy sharoitlari izchil ravishda yaxshilangani bilan bog‘liq. Jumladan, joriy holatga berilgan baholar 18%ga oshib, 52 bandni tashkil etdi. Kutilmalar ko‘rsatkichi esa 32%ga oshib, 79 bandga yetdi. Bu kompaniyalarning yaqin istiqbolga nisbatan ishonchi ancha kuchayganini ko‘rsatadi.

Kelgusi uch oyda tadbirkorlarning 70%i o‘z xizmatlariga talab oshishini kutmoqda (2025 yil yanvar oyida — 58%). Kelasi chorakda ishchilari sonini ko‘paytirishni rejalashtirayotgan korxonalar ulushi 61%ni tashkil etdi (o‘tgan yili — 54%).

Qurilish sohasida biznes-muhit o‘tgan yilga nisbatan 13%ga o‘sib, 54 banddan 61 bandga yetdi. Tarmoqda joriy holat 43%ga yaxshilanib, 57 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, kutilmalar ko‘rsatkichi 66 band darajasida shakllandi va 4%ga pasaydi.

Qurilish sohasida respondentlarning 38%i so‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etgan (o‘tgan yili — 35%). Xodimlar soni oshganini bildirgan korxonalar ulushi 22%dan 38%gacha ko‘tarildi. Kelgusi uch oyda talab o‘sishini tadbirkorlarning 77%i kutmoqda (o‘tgan yil yanvar oyida — 61%).

Sanoat sohasida biznes-muhit o‘tgan yilga nisbatan 5%ga biroz pasaygan bo‘lsada, yetarlicha yuqori darajada, ya’ni 54 bandda saqlanib qoldi.

Shu bilan birga, sanoat korxonalarining optimizmi barqaror yuqori darajada qolmoqda. Yanvar oyida kutilmalar 10%ga oshib, 78 bandga yetdi. Bu tarmoqda rivojlanish istiqbollariga nisbatan ijobiy munosabat saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi uch oyda ishbilarmonlik vaziyati yaxshilanganini bildirganlar ulushi 32%ni tashkil etdi (o‘tgan yili — 30%). Shu davrda mahsulotga talab oshganini sanoat korxonalarining 38%i qayd etgan (o‘tgan yil yanvar oyida — 36%). Ayni paytda, bandlikni kengaytirish rejalari kuchaydi: kelgusi uch oyda xodimlar sonini ko‘paytirishni tadbirkorlarning 69%i kutmoqda (o‘tgan yili — 62%).

Tadbirkorlik faoliyatidagi to‘siqlar

So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi (57%) o‘z faoliyatida hech qanday to‘siqlarni ko‘rmayotganini bildirgan. Qayd etilgan muammolar orasida eng ko‘p tilga olinganlari — soliq yuki (11%), kommunal xizmatlar (9%) va kredit resurslariga kirish imkoniyati (8%) hisoblanadi.

Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi: (78) 150 02 02 (441)

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar