Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil yanvar oyi bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil yanvar oyi bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil yanvar oyi uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasi bo‘yicha tahlilini taqdim etdi.

Ko‘chmas mulk bozori faolligi va hududiy dinamika

Yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12%ga oshdi.

Yil boshidan buyon ko‘chmas mulk savdolari dinamikasi respublika hududlarida ijobiy tendensiyalarni namoyon etmoqda. Respublika ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4%ga oshdi. Bu esa respublikaning barcha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Shuningdek, Samarqand (26%) va Sirdaryo (24%) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Respublika miqyosida ikkillamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi

Yanvar oyida ikkillamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning mo‘’tadil o‘sishi qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9%ga oshdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar o‘sishi 8%ni tashkil etdi.

Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24%ni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar 16%ga oshdi.

Toshkent shahrida ikkillamchi va birlamchi uy-joy narxlari dinamikasi

Yanvar oyida Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narxi qariyb 1120 dollarni tashkil etdi va oylik hisobda 0,6%ga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2%ga o‘sdi.

Ikkillamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7%) va Mirabad (4,3%) tumanlarida qayd etildi.

Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx 9%dan ko‘proqqa oshdi.

Birlamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Mirobad (18,4%) va Mirzo-Ulug‘bek (17,3%) tumanlarida qayd etildi.

Toshkentda ijara bozori tahlili

Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv. metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga yuqori.

Ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobad, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rchata 11 dollar atrofida.

Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish sur’atlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13%ni tashkil etdi.

Jaloliddin Usmonov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar