Yangi qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonunga sharh: avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati belgilab berildi

Yangi qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonunga sharh: avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati belgilab berildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va ular doirasida qabul qilinayotgan davlat dasturlarida respublikamizning transport-logistika sohasini rivojlantirish hamda mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Zero, har tomonlama rivojlangan transport tizimi ichki va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz transport-logistika tizimini jahon standartlariga moslashtirish, xalqaro ahamiyatdagi transport koridorlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, yangi arzon va qisqa transkontinental tranzit koridorlarini shakllantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining jahon transport tizimi bilan o‘zaro uyg‘unlikdagi rivojlanishi ta’minlashdan iboratdir.

Prezidentimiz tomonidan 2021 yilning 9 avgust kuni “Transport to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning imzolanishi bilan avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy hamda tashkiliy asoslari va tamoyillari belgilab berildi.

Zero, shu kunga qadar mamlakatimizda transport faoliyatini tartibga soluvchi alohida O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunlar, Havo kodeksi va boshqa ko‘plab qonun hujjatlari mavjud edi.

Biroq, barcha turdagi transportlarning optimal, muvozanatlashgan va uyg‘unlashgan o‘zaro aloqasini ta’minlaydigan, samarali logistika tizimi, aralash tashishlarni kengaytirish orqali yagona transport tarmog‘iga integratsiya qilish mezonlarini belgilaydigan yagona qonun mavjud emas edi.

Mazkur qonun tarkibiy qismi 9 ta bob, 45 ta moddadan iborat bo‘lib, transport tashkilotlari, yuk jo‘natuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, yo‘lovchilar o‘rtasida qatnovlarning har bir turida, asosan aralash qatnovlarda tashish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini belgilaydi.

“Transport to‘g‘risida”gi Qonunning 1-bobida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar ma’nosi ochib berilgan, xususan, milliy qonun hujjatlarida mavjud bo‘lmagan yangi tushunchalar keltirilgan, bulardan:

“aralash tashishlar operatori”, “tashishlar xavfsizligi”, “transport xavfsizligi”, “transport infratuzilmasi ob’yektlari”, “tranzit transport yo‘lagi” va boshqalar.

Qonunning 2-bobida transport faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish, Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, transport sohasida davlat nazorati, transport faoliyatini litsenziyalash, transport vositalarini sertifikatlash va transport tariflari masalalari yoritib berilgan.

Qonunning 3-bobida yo‘lovchi, bagaj, yuk bagaji, pochta va yukni tashish bilan bog‘liq faoliyatni va transport-ekspeditorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari ta’riflangan, mijozning asosiy huquq va majburiyatlari hamda tashuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan.

Ushbu qonun samarali transport logistikasidan foydalangan holda transport turlarining maqbul va muvozanatli, uyg‘unlashgan o‘zaro hamkorligini ta’minlashga qaratilganligi sababli qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqni bartaraf etish imkonini beradi. “Aralash tashishni tashkil etish”, deb nomlangan 4-bob ushbu qonunning asosiy qismlaridan biri hisoblanadi. Ushbu bob aralash tashishlarni amalga oshirish shartlarini tartibga soladi, aralash tashish shartnomasining mazmunini va tuzish tartibini belgilaydi.

Qonunning 5-moddasiga muvofiq transport faoliyatining asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilangan:

xavfsizlik;

ekologik tozalik;

transport xizmatlaridan foydalana olish;

ochiqlik va shaffoflik.

Qonunda yuklarni tranzit tashish, transport logistikasi, transport xavfsizligi alohida boblar bilan ochib berilgan. Shuningdek, respublika transport tizimining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida, qonunning 7-bobida alohida “Transport sohasida ekologik normalarni ta’minlash” nomli 32-modda kiritilgan.

Ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida:

birinchidan, amaldagi qonun hujjatlari normalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining transport sohasidagi hujjatlaridan kelib chiqadigan talablariga muvofiqlashtirish, shu jumladan qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga;

ikkinchidan, transport faoliyatini, shu jumladan aralash tashishlarni amalga oshirishda transport tashkilotlari va ular xizmatlaridan foydalanuvchilarning o‘zaro hamkorligi huquqiy asoslarini yaratishga;

uchinchidan, milliy transport tizimining xalqaro transport-logistika tizimiga integratsiyalash jarayonlarini chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida transport sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining ushbu sohadagi xalqaro-huquqiy baza bilan uyg‘unlashtirishga;

to‘rtinchidan, transportda tashishning barcha turlarini barqaror rivojlantirish, ularning hammabopligi va sifatini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga;

beshinchidan, yo‘lovchi va yuk tashish xalqaro bozorida milliy transport tizimining raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga;

oltinchidan, transport tizimini davlat tomonidan boshqarish samaradorligini oshirishga;

Yangi qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonunga sharh: avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati belgilab berildittinchidan, respublika hududi bo‘ylab barcha turdagi tashishlarni amalga oshirishda raqobat muhitini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga erishildi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur qonun mamlakatimiz transport tizimining holati va rivojlanishi uchun juda muhim ahamiyat kasb etib, uning boshqa infratuzilma tarmoqlari bilan birga jamiyat faoliyati uchun asosiy sharoitlarni ta’minlashi, ijtimoiy-iqtisodiy va tashqi siyosat maqsadlariga erishishda muhim element sifatida xizmat qilishi shubhasizdir.

Sardor Gafarov

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi

Yuridik boshqarma rahbari

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar