“Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (132-son, 11.03.2021 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari, jumladan, quyidagilarga yo‘naltiriladi:
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
– yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflanadigan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
– mamlakatimizdagi OTMda o‘qiyotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
– “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga.
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish, boshqarish va ulardan foydalanish maqsadida manfaatdor muassasalar rahbarlari va jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda Vasiylik kengashi tuziladi.
Vasiylik kengashi raisi har chorakda Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga hisobot beradi.
Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi Jamg‘armaning ishchi organi hisoblanadi.
Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va tuman (shahar) mahalliy byudjetiga olib qo‘yilmaydi.
Izoh qoldirish