O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirmoqda

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida yetakchi tahlil markazlari, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan sektor mudiri Ruslan Abaturov ma’ruza bilan chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘izistonni nafaqat umumiy chegara, tarixiy va madaniy yaqinlik birlashtirib turadi. Mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar hamda tadbirkorlar va hududlarning bevosita aloqalariga asoslangan umumiy iqtisodiy makon bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi haqida gapirganda, ekspert o‘zaro savdoning barqaror o‘sishiga e’tibor qaratdi. 2016 yilga nisbatan uning hajmi 7 baravardan ziyodga oshdi. Bunda O‘zbekiston eksporti 6 baravardan ortiq, Qirg‘izistondan import esa 9 baravardan ziyodga o‘sdi. Shu tariqa, tovar oqimlari har ikki yo‘nalishda ham kengaymoqda.

2025 yilda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb 1,2 mlrd dollarga yetdi va bir yilda 37 foizga oshdi. O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksporti 46,5 foizga o‘sib, 771 mln dollarni, import esa qariyb 23 foizlik o‘sishni namoyish etib, 428 mln dollarni tashkil etdi.

Ijobiy dinamika 2026 yilda ham davom etdi. Yanvar–may oylarida tovar aylanmasi 45,5 foizga o‘sib, 469 mln dollarga yaqinlashdi. Bunda O‘zbekiston eksporti 63 foizga o‘sib, 771 mln dollarni, Qirg‘izistondan import esa salkam 13 foizga o‘sib, 428 mln dollarni tashkil etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti ta’kidlaganidek, oxirgi o‘n yilda mamlakatlar to‘planib qolgan masalalarni hal qilishdan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tdi. Chegara g‘ov emas, balki bog‘lovchi bo‘g‘inga, iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishi esa yangi imkoniyatlar manbaiga aylanmoqda.

Ma’ruzada ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining ikkinchi muhim dreyveri bo‘lgan investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Agar 2016 yilda O‘zbekistonda qirg‘iz kapitali ishtirokida atigi 49 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga kelib ularning soni 7 baravarga ko‘payib, 344 taga yetdi. 2026 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra mamlakatda shu kabi korxonalar soni 374 tani tashkil etdi.

Xulosa o‘rnida ekspert O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy sheriklikning mustahkam poydevorini yaratib bo‘lganini ta’kidladi. Nabatdagi vazifa — miqdoriy o‘sishni sifatli ishlab chiqarish integratsiyasiga aylantirishdan iborat.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar sektori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar