O‘zbekistonda 6,76 milliard so‘mdan ziyod soliqlarni to‘lash muddati keyinga qoldirildi

O‘zbekistonda 6,76 milliard so‘mdan ziyod soliqlarni to‘lash muddati keyinga qoldirildi

Karantin davrida tadbirkorlik sub’yektlariga 6, 76 milliard so‘mdan ziyod soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirishga ruxsat berildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida iqtisodiy barqarorlikni va sohalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator soliq imtiyozlari joriy etildi.

Jumladan, koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan karantin sababli vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan va soliqlarni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliqlarni kechiktirish yoki bo‘lib to‘lash huquqini berishiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan uch turdagi – mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish bo‘yicha yengilliklar berildi.

Joriy yilning 6 aprel holatiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushgan murojaatlar asosida umumiy hisobda 6,76 milliard so‘mlik soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirishga ruxsat berildi.

Jumladan, ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi sub’yektlarning 3481, 6 millionlik soliq to‘lovlarini to‘lash muddatini o‘zgartirish haqida qaror qabul qilindi.

Bu sohalar kesimida eng yirik ko‘rsatkichdir. Transport sohasida 604,5 million so‘m miqdoridagi, qurilish sohasida esa 568,2 million so‘mlik soliqlarni to‘lash muddatini o‘zgartirish imkoni yaratildi.

Ma’lumot uchun, shu kunlarda yana 255745 million so‘mlik soliqlarni to‘lash muddatini o‘zgartirish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘rganilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar