Xususan, Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi 80 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari va pishiriq pishirish pechlari olib berildi. Bu esa Prezident virtual qabulxonasiga asosan moddiy yordam masalasida murojaat qilgan shu ayollarning ishlab daromad topishi, biri ikki, ro‘zg‘ori but bo‘lishi uchun yana bir qo‘shimcha imkoniyatdir.
Tikuv mashinali bo‘lgan 75 nafar ayollar baxmallik 22 tadbirkor bilan kichik kooperatsiyalar tashkil qilib, ish boshladi. 22 tadbirkorning barchasi tikuvchilik sohasida boy tajribaga, yetarlicha salohiyat-u barqaror ish hajmiga, eng muhimi o‘z bozoriga ega.
Zulayho Yo‘ldosheva to‘rt yildan beri Baxmalning Navro‘z qishlog‘idan Toshkent bozorlariga kiyim-kechak yetkazib beradi. Buyurtmasi kundan kun ko‘payib borayotgan bu oilaviy korxona bilan shu qishloqlik yana 9 nafar tikuvchi kooperatsiya tashkil qilgach, sexning ishchilari soni 22 nafarga yetdi.
Xuddi shunday kamida besh yillik tajribaga ega baxmallik Marhabo Nazarova va Mehriniso Rahmonova kabi yosh tadbirkorlar ham 3-4 nafardan yangi chevarlarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Ularning aytishicha, ishlagan chevar Baxmalning shu chekka qishlog‘ida turib ham oyiga 3-4 million so‘m bemalol daromad qila oladi.
Prezident Xalq qabulxonasining aholi qo‘shimcha daromad qilishi uchun sharoit-u imkoniyat yaratishga oid navbatdagi loyihasi lokatsiyasi bizni ikki karra og‘ir cho‘l hudud bo‘lmish Arnasoyga yetakladi. Maqsad – oqar suv taqchil mahalda tomorqalardagi ekinlarni saqlab qolish uchun sizot suvlaridan foydalanishni tashkil qilishdan iborat. Buning uchun tez orada og‘ir sharoitdagi 500 ta xonadon tomorqasida ichki imkoniyatlar hisobidan quduq qaziladi. Ichishga yaroqsiz bu sizot suvlariga mahalliy o‘g‘it aralashtirilib, asosan yoz chillasida ekinlarni sug‘orish mumkin. “Chinobod” mahallasida yashovchi O‘lmasjon Xudoyberdiyev bir necha yildirki shu usuldan foydalanib, daromad qiladi.
Tuman sektorlari rahbarlari bu borada yana bir tashabbus bilan chiqishdi: “Zarafshon” mahallasida tajriba tariqasida ichki imkoniyatlar hisobilan tomorqalarga 7 tonnalik rezervuarlar o‘rnatilyapti. Agar bu tajriba amalda o‘zini oqlasa, keyingi bosqichda arnasoylik yana 150 ta xonadon o‘z tomorqasida zaxira sug‘orish mexanizmiga ega bo‘ladi.
Izoh qoldirish