– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi joriy etilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– Mahallalarda hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi bilan, ayniqsa, tuman markazidan olisda joylashgan mahallalarda istiqomat qilayotgan, oilasida muammosi bo‘lgan aholi murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglash, zarur bo‘lsa, joyiga chiqib o‘rganish, tegishli mutasaddilarni jalb etgan holda ijobiy hal etish bo‘yicha eng samarali institut yaratildi, deb ishonch bilan aytishim mumkin. Ushbu tizim yordamida mahalla hududida bo‘sh turgan, samara keltirmayotgan bino va yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, ulardan foydalanish maqsadida belgilangan tartibda tadbirkorlik sub’yektlariga ajratish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar berish, mazkur joylarda tashkil etilayotgan korxonalarga mahallada istiqomat qilayotgan ishsiz aholini ishga joylashtirish, bu orqali esa oilalarga moddiy daromad olib kelish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu lavozimning joriy etilishini hurmatli yurtboshimiz tashabbuslari bilan yaqin kelajakda mahalliy aholi farovonligini ko‘zlab o‘ylangan va samarali natijasini berishi mumkin bo‘lgan strategik islohotlardan biri deb hisoblayman.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– 2022 yil yanvar oyidan boshlab Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish buyicha Kegeyli tumani Nurli bostan MFYda hokim yordamchisi lavozimida ish boshlaganman. Unga qadar 2004 yili Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagach, 2004-2016 yillari Kegeyli tumani xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi, Monitoring bo‘limi boshlig‘i, mudiri o‘rinbosari, tumandagi 1-sonli maktab direktori, 2016-2022 yillarda esa tuman hokimligining bosh mutaxassisi, hokimlikning tashkiliy-nazorat guruhi rahbari, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishladim. Avvalgi ish tajribam, bu sohaga o‘tgach fuqarolar bilan bo‘ladigan muloqotimda, qolaversa, yoshlarning bandligini ta’minlash, kasbga kayta o‘qitish borasida katta imkoniyatlar berdi. 2023 yilning 17-25 dekabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida xizmat safarida bo‘lib, Yaponiyaning SME Support Japan tashkiloti o‘quv-seminarida ishtirok etdim. Tadbir doirasida Yaponiyada kichik va o‘rta korxonalarning hozirgi holati, ular duch kelayotgan muammolar, davlatning o‘ziga xos korxonalari, ularning rahbarlari, kadrlar taqchilliligi hamda raqamlashtirish tizimini joriy qilish va uni ommalashtirish yuzasidan chora-tadbirlar haqida tajriba almashildi.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanaqa, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
– Mahallamiz Kegeyli tumanining markazida joylashgan bo‘lib, mahalla iqtisodiyotining asosiy “drayveri” – xizmat ko‘rsatish sohasi hisoblanadi. Mahallada 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 2 ta umumta’lim maktabi, 2 ta MTM, 1 ta poliklinika, 3 ta xususiy klinika, 1 ta tuman tibbiyot shifoxonasi, 3 ta non va non maxsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sex, 2 ta mebel sexi, 2 ta to‘yxona, 12 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 8 ta kichik ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Mahallada jami xonadonlar soni 559 ta bo‘lib, aholi soni 2 395 nafarni tashkil etadi, oilalar soni esa 655 ta.
- 1-toifa – 28 ta;
- 2-toifa – 467 ta;
- 3-toifa – 64 ta.
Ijtimoiy guruhlarga kirgan fuqarolar soni 62 nafarni tashkil etadi. Hozirgi kunda 87 nafar ishsizlar borligi aniqlangan.
– Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz, mahalla ahli bilan tanishishingiz qanday kechdi, aholi bilan qanday muloqot o‘rnatish qiyin bo‘lmadimi?
– Men uchun bu masalada qiyinchilik bo‘lmadi, sababi o‘zim ushbu mahallada tug‘ilib, o‘sganman. Lavozimga kirishgan kunimdan boshlab, avvalo, ushbu mahalla raisi, mahalla raisining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, yoshlar yetakchisi vazifasida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan yaqindan tanishib, dastlabki rejalarni belgilab oldim. Mahalla faollari va 22 ta ko‘cha boshilari bilan uchrashuv tashkillashtirib, mahalladagi mavjud muammolar ro‘yxatini tuzdim. Albatta, hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda Telegram ijtimoiy tarmog‘ida guruh tashkil qilib, fuqarolarni a’zolikka chorladim. Har kuni faol fuqarolarim bilan mahalladagi muammolarni o‘z joyida o‘rganib, muhokama qilib, uning yechimi ustida tegishli tashkilotlar bilan tizimli ish olib boraman. Bundan tashqari, mahalla hududida yashovchi har bir oilani xatlovdan o‘tkazish orqali mahalladagi ishsiz aholi ro‘yxati shakllantirildi, hududdagi mavjud bo‘sh turgan binolar va yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga mutasaddi tashkilot xodimlarini jalb etgan holda aniqlik kiritildi va chuqur o‘rganishlar olib borildi. Ushbu ob’yektlardan oqilona foydalanish maqsadida tuman hokimligi mutasaddilari ishtirokida hamda istiqbolli biznes rejalar asosida ularni ishsiz aholiga tanlov asosida olib berish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz?
– Hokim yordamchisi sifatida “Mahalla muammolari” nomi ostida mahallada onlayn so‘rovnoma o‘tkazdim. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, asosan, mahalla yo‘llarini ta’mirlash, tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish va ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar tomonidan uy atrofiga chiqindilarni chiqarish joylarini yangidan qurish kerak, degan javoblar eng yuqori foizlarni tashkil etdi. Ushbu aniqlangan muammolarni bartaraf etish davlatimiz tomonidan har bir mahallaga ajratilgan 500 mln so‘mdan foydalanilib, mahalla faollari bilan maslahatlashgan holda ijobiy hal etildi.
– O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun ma’lum bir tartibda yondashuvlar ishlab chiqdingizmi? Ushbu sohalarda qanday chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?
– 2023 yil boshida mahallada yangidan qayta xatlov o‘tkazildi. Xatlov jarayonida xonadonlar 3 toifaga ajratilib, xonadonning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davrida, asosan, 1-toifadagi 28 ta xonadonning 87 nafar fuqarosining ish bilan band emasligi aniqlanib, ushbu fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dastur ishlab chiqildi. Bu dastur asosida:
- ishga joylashtirish;
- dehqonchilik faoliyatini boshlash uchun yer ajratish;
- kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha Monomarkazga o‘qishga yo‘naltirish;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit ajratish;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiya ajratish choralari ko‘rilmoqda.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– Mahalla raisi, Xotin-qizlar faoli va Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda mahalladagi ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan birgalikda ishlash va ularga yordam ko‘rsatish maqsadida “Yo‘l xarita” ishlab chiqildi. Ushbu “Yo‘l xarita” asosida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolar yil davomida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Monomarkazlarda kasb-hunarga o‘qitildi, ushbu fuqarolarga subsidiya va yengillashtirilgan kredit asosida asbob-uskunalar olishda yordam ko‘rsatildi. Endilikda ular o‘zini o‘zi band qilib kelmoqda.
Bundan tashqari, mahalladagi kambag‘al oilalarni o‘rganib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun aniqlangan muammolarni tuman hokimlgiga olib chiqish asnosida fuqaro Maxsetbay Allabayevning uyi mahalladagi faol tadbirkorlar homiyligida qayta qurib berildi, Sarigul Pirlepesova xonadonining tomi homiylar tomonidan shiferlandi va Gulbahor Asanovaning uyi ta’mirlab berildi. Shuningdek, homiylarning ko‘magi bilan mahallamizdagi 11 ta xonadonlarning tom qismi shiferlandi. Subsidiya asosida tomorqa yerlari uchun yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berilib, mahalla hududini oqova suv bilan sug‘orish uchun 5 ta 150 mmlik suv nasosi olib berildi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Xatlov jarayonidan aniqlangan 87 nafar fuqarolar, asosan, ishsizlikdan qiynalgan fuqarolar hisoblanadi.Ushbu ro‘yxatga kirgan odamlarimizning 26 nafariga 1 gektardan dehqonchilik uchun yer berildi, 24 nafari kasbga o‘qitildi va 15 nafar fuqaroga 2 tadan asalari uyasi subsidiya asosida olib berilib, 22 nafar fuqaroga biznesga ilk qadam maqsadida 5 mln so‘mdan naqd pulda kreditlar berildi. Mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish zarur deb bilaman.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
– Mahalla Kegeyli tumani markazida joylashganligi uchun kommunal va transport masalalarida muammo yo‘q. Shunday bo‘lsada, mahallamizdagi ko‘chalarning 2,1 km.ga shag‘al to‘shaldi va 6 ta ko‘chaga tungi chiroqlar o‘rnatildi. Mahallada obodonlashtirish ishlari mahalla faollari va ko‘cha boshilari bilan birgalikda maslahatlashgan holda olib borilmoqda. Bu borada mahallada “Yashil makon” 40 kunlik aksiyasi davomida mingdan ortiq manzarali va mevali daraxtlar ekildi.
– Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” (drayverlari), tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu so‘rov nimani ko‘rsatdi? Bu haqda, shuningdek, aniqlangan “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish uchun nima qilayotganingiz haqida ko‘proq gapirib bering.
– “Drayver”ni aniqlash bo‘yicha so‘rov o‘tkazilmadi. Lekin ish boshlaganimizda xatlov o‘tkazganmiz. Mahalla tuman markazida joylashganligi uchun xizmat ko‘rsatish sohasida imkoniyatlarga ega. “O‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish uchun qo‘shimcha:
- ishlab chiqarishni rivojlantirish;
- tomorqadan unumli foydalanish va mineral o‘g‘it – biogumus ishlab chiqarishni “drayver”ga aylantirish ishlarini boshlaganman.
– “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni hal qilishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Bu hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan? Amaliyotingizda shunday holatlar bo‘lganmi? Qanday muammoga yordam berilgani, qaysi tashkilotdan va bu muammo qanday hal qilinganiga aniq misollar keltiring.
– Mahalla 1-sektorda joylashgan bo‘lib, tuman hokimi bilan uzviy hamkorlikda faoliyat yuritamiz. Albatta, mahalla darajasida hal qilib bo‘lmaydigan muammolar uchraydi. Farzanlarining og‘ir kasalligi tufayli tibbiy operatsiya uchun mablag‘ zarurligidan Aygul Ayipova, Biybigul Daujanova, Rustem Seytkamalovlar murojaat qilgan. Ushbu fuqarolarning muammolari tuman hokimligining deputatlar sessiyasiga kiritilib, barcha darajadagi boshqaruv organlari hamkorligida hal qilib kelinmoqda.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Davlatimiz tomonidan berilayotgan ish haqi va oilamdagi to‘kinchilik korrupsiyaga hojat qoldirmaydi va men bir davlat xizmatchisi sifatida bunday ishlardan nafratlanaman. Shuningdek, mahallabay ish tizimi doirasida amalga oshiriladigan barcha ishlar jamoatchilik oldida, shaffof amalga oshiriladi. Bu ham korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi? Kelajak rejalaringiz haqida so‘zlab bering.
– Aholimizning amalga oshirilayotgan islohotlarni ich-ichidan sezib turganligini his qilish qiyin emas. Chunki birinchi qadam tashlandi, aholi vakillari bilan munosabatlar o‘rnatildi, hududda o‘tkazilgan xatlovlar o‘z yakuniga yetkazildi, aholining ishsiz va bandligi ta’minlangan qatlamining real yashash darajasi toifalarga asosan ajratib olindi. E’tiborimizni turmush darajasi nisbatan og‘irroq bo‘lgan xonadonlarga qaratishdan boshladik. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillariga tadbirkorlik qilish va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar, kredit resurslari va boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanib, ularni daromad keltiradigan faoliyatga jalb etish vazifasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga, tadbirkorlik va hunarmandchilikka o‘qishga yo‘naltirish vazifalari amalda qo‘llanilmoqda. Boshlagan ishlarimiz o‘zining samarali natijasini bera boshlaganda, ishonchim komilki, aholi tomonidan Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi xalqimizning farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lamiz.
Izoh qoldirish