Tadbirkorlikning rivojlanishini «BUSINESS INDICATOR» onlayn tizimi baholaydi

Tadbirkorlikning rivojlanishini «BUSINESS INDICATOR» onlayn tizimi baholaydi

Joriy yilning 1 martidan respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik ko‘rsatkichlarini hisob-kitob qilish va baholash uchun ushbu tizim ishga tushiriladi. Bu Hukumatning 8.01.2020 yildagi 8-son qarorida nazarda tutilgan.

«BUSINESS INDICATOR» – bu avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – Tizim), uni ishlab chiqish tender savdolarini o‘tkazmasdan eng yaxshi takliflarni saralab olish yo‘li bilan tanlangan tashkilotga topshiriladi.

Hududda biznes rivojlanishi darajasini aniqlash uchun rasmiy statistik ma’lumotlar 17 ko‘rsatkich (indikatorlar) bo‘yicha 10 balli tizimda baholanadi. Ular quyidagilardan iborat: bo‘sh binolar, inshootlar va uchastkalarni ajratish, EIZ va KSZdan samarali foydalanish, tadbirkorlarning mulkiy huquqining daxlsizligini, ularni kreditlash, biznesdan tushumlar ulushini ta’minlash va boshqalar. Baholash davriyligi – bir yilda ikki marta (yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha).

Rasmiy statistik ma’lumotlar mas’ul organlar tomonidan quyidagi muddatlarda tizimga kiritiladi:

  • yarim yillik uchun – yilning 1 avgustiga qadar;
  • yil yakuni bo‘yicha – kelgusi yilning 1 martiga qadar.

Kiritilgan ko‘rsatkichlar hisob-kitobi tasdiqlangan metodika bo‘yicha Tizim orqali amalga oshiriladi.

Reyting yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha baholanadi:

  • 9 balldan 10 ballgacha - «namunali»;
  • 7 balldan 9 ballgacha - «yaxshi»;
  • 5 balldan 7 ballgacha - «qoniqarli»;
  • 5 ballgacha - «qoniqarsiz».

Tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi «namunali» deb topilganda, hokimlarning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, bunga jalb etilgan davlat tashkilotlari rahbarlari va boshqaruv xodimlari moddiy rag‘batlantiriladi (ularning ro‘yxati hujjatga ilovada keltirilgan). Natijalar «qoniqarsiz» deb topilganda intizomiy chora ko‘riladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar