Pirovard maqsad – aholi bandligini ta’minlash

Pirovard maqsad – aholi bandligini ta’minlash

Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan viloyat aholisi muammolarini hal qilish, “mahalla yettiligi” hamkorligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlash, aholi bandligini ta’minlash, tomorqalardan foydalanishni samarali tashkil etish kabi yo‘nalishlarda qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh mutasaddilari viloyat tumanlarida mahalla faollari, yoshlar bilan ochiq muloqotlar, xonadonbay o‘rganishlar olib bormoqda.

Jumladan, ushbu tadbirlarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, tadbirkorlik istagini bildirgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash orqali issiqxonalarni tashkil etish, dehqonchilik qilish uchun yer maydonlarini ajratishda amaliy ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Xususan, Xalq qabulxonasi tomonidan Paxtakor tumanida uy sharoitida biogumus va qo‘ziqorinning shampinion turini yetishtirish va shu orqali daromad topishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir mahalla faollari, hokim yordamchilari hamda tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar ishtirokida “BEST GOLD CROWN” MChJda tashkil etildi.

Tadbirkor A.Hayitov o‘tgan yili 33 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga 8 kvadrat metr maydonda Kaliforniya qizil chuvalchangini parvarishlashni boshlagan edi. Bugunga kelib 72 kvadrat metr maydonda ishlab chiqarishni kengaytirib, xaridorlarga 50-100 tonna biogumus yetkazib bermoqda.

– Hozirgi kunda bir kilogramm biogumus bozorda o‘rtacha ming so‘mni tashkil etadi, - deydi A.Hayitov. – Kelgusida qishloq xo‘jaligi uchun juda muhim hisoblangan bu mahsulotni tashqi bozorga ham yetkazib berishga kirishsak, daromad ham shunga yarasha ko‘payadi.

A.Hayitov boshchiligida turmush o‘rtog‘i, farzandlari tomonidan “Shanpinion” qo‘zoqirini 100 metr kv.da yetishtirilmoqda. Bir mavsumda o‘rtacha xosil 1500 kilogrammdan oshadi.

Tadbir yakunida 15 nafar fuqaro ushbu yo‘nalishda o‘z tadbirkorligini boshlash istagini bildirib, Xalq qabulxonasi tomonidan kerakli amaliy ko‘maklarni olishdi.

Respublika ishchi guruhining Arnasoy tumanida o‘rganishlari natijasida “Bo‘ston” mahallasida istiqomat qiluvchi G‘aybullayev Sherzod Xalq qabulxonasi tavsiyasi asosida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni boshladi. U 2 sotix maydonda pomidor ko‘chatlarini yetishtiradigan bo‘ldi. Qolaversa, Sherzod o‘zidan tashqari yana ikki kishini ish bilan ta’minladi.

“Tinchlik” mahallasida “Ayollar” va “Yoshlar” daftaridagi 29 nafar fuqaroga 20 sotixdan ajratilgan, jami 5.8 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan “Bir kontur - bir mahsulot - bir mahalla” tamoyili asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun yer tayyorlash jarayonlari bilan tanishildi va yoshlarga tegishli tavsiyalar, amaliy ko‘maklar ko‘rsatildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar