Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga Prezident sovg‘alari topshirildi

Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga Prezident sovg‘alari topshirildi

Jumladan, Prezident virtual qabulxonasiga moddiy yordam masalasida arz qilgan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi qariyb 170 nafar murojaatchiga ishlab daromad topishi uchun Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan qisqa muddatda tikuv mashinalari olib berildi. Muborak Ramazon oyida Prezident sovg‘asi sifatida tuhfa etilgan bu ish anjomlari oilalarning ro‘zg‘orini butlashi uchun yana bir yangi imkoniyat bo‘ldi. O‘z tikuv mashinasiga ega bo‘lgan ayollar endi ishlab chiqarish va oilaviy korxonalarda kooperatsiya asosida ish boshladi.

Tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish, ularga tezkor va samarali yechim topish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh tumanlarda o‘rganishlar olib bordi.

Xususan, Shovotning “Shovot” mahallasidagi hunarmand Sadoqat Matpanayeva korxonasi faoliyati o‘rganildi. Hozirgi kunda korxona 10 turdagi quroqlar tayyorlab, Qozog‘istonga eksport qilyapti. Buyurtmalari kundan kun oshayotgan Sadoqat Matpanayeva ham bugun yana 6 nafar quroqchini ishga qabul qildi. Umuman, Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan bir oyda Shovotda 60 nafardan ziyod ishsiz ayollarga tikuv mashinalari olib berilib, ular bandligini ta’minlash uchun o‘ndan ortiq mahallada kooperatsiyalar ishga tushirildi.

Xuddi shunday Hazoraspdagi “Hazorasp Diomond” korxonasiga Prezident Xalq qabulxonasi tavsiyasi bilan biriktirilgan 20 nafar tikuvchi Rossiyaga eksport qilish uchun kiyim-kechaklar tayyorlashga kirishgan bo‘lsa, yana 30 nafar tikuvchi “Hazorasp nurli zamin” oilaviy korxonasida ko‘rpa, yostiq, kelinlar uchun sarpolar ishlab chiqarishga hissa qo‘sha boshladi.

Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan bir qator yoshlarga motokultivatorlar va boshqa ish anjomlari olib berildi. Deylik, shovotlik 2-guruh nogironi Bekpo‘lat Eshjonovga ham etikdo‘zlik uskunalari sovg‘a qilingach, natija uch kundayoq bilindi. U o‘z kichik tadbirkorligi boshladi.

Shuningdek, bu jarayonda og‘ir xastalikka chalingan 39 nafar murojaatchining dori-darmon va davolanish xarajatlari qoplangan bo‘lsa, shovotlik Muqaddas Sotimova kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor 33 nafar talabaning kontrakt to‘lovi to‘lab berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Xalq qabulxonasining Hazorasp va Shovot tumanlaridagi faoliyati davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj 274 nafar murojaatchining eng birlamchi hayotiy muammolari hal qilindi, shundan qariyb 170 nafar murojaatchi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Xalq bilan muloqotning mazkur yangi hayotiy mexanizmi endi Yangibozor va Tuproqqal’a tumanlarida amalga oshiriladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar