2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi
2022 yil 1 yanvardan:
- kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
- tadbirkorlar tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.
ID-karta qayerdan olinadi?
2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshiriladi. Pasport uchun to‘lov narxi BHMning 1,2 baravaridan 1 baravarigacha arzonlashtiriladi.
Bundan tashqari, DXMlar va YaIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati — 87 ta, qolaversa, 1 yanvardan ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari ro‘yxati — ular 59 ta tasdiqlandi.
Malaka sertifikatlarini berish uchun murojaatlar
1 yanvardan jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi.
Bunda imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi.
Ayrim davlat OTM to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini mustaqil belgilaydi
Moliyaviy mustaqil davlat OTMlari 2022 yil 1 yanvardan quyidagilar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qiladi:
- kontrakt qiymatini, to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
- mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
- o‘z hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
- xorijiyan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish;
- bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash;
- avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilash.
Shuningdek qarorga ko‘ra, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari uchun davlat OTM xarajatlarini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Pensiyalarni tenderda yutgan bank to‘laydi
2022 yil 1 yanvardan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlar (pensiya va nafaqalar)ni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.
QQS to‘lovchilar majburiyatlari o‘zgaradi
2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:
- asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan avtomat tizimida aks ettirish;
- xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yo‘q qilinganda va hisobdan chiqarilganda 3 ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” AATda aks ettirish.
Shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Bunda hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
Davlat boshqaruv idoralari xodimlariga qo‘shimcha ustama to‘lanadi
“O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Pedagoglarga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat elektron shaklda beriladi
2022 yil 1 yanvardan:
- pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hamda ta’lim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalarini tuzish va yig‘ma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinadi;
- pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ularning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
- pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish DXM yoki YaIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasi rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi;
- pedagog kadrlarga qog‘oz shaklidagi attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi;
- pedagog kadrlarga bungacha berilgan sertifikatlar o‘z kuchida qoladi va amal qilish muddati tugagunga qadar sertifikatda ko‘rsatilgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari asosida haq to‘lashda hisobga olinadi.
Tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar
- nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlar faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;
- Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlar roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
- Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda yuritiladi;
- tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi (soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Nogironligi bo‘lgan har bir xodim uchun subsidiya ajratiladi
2022 yil 1 yanvardan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oyda BHMning 1,5 baravarida subsidiya beriladi.
Mobil ilova ishga tushiriladi
2022 yil 1 yanvardan quyidagi ma’lumot va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:
- metropoliten yo‘nalishlari (ularning qurilishi bo‘yicha ma’lumotlar);
- bekatlar (ular atrofida joylashgan ob’yektlar va jamoat transporti yo‘nalishlari);
- poyezdlar harakati jadvali;
- elektron to‘lov.
Meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi
2022 yil 1 yanvardan:
- fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kredit ajratiladi;
- meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik “revolver” kredit beriladi.
Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 2 trln so‘m byudjet ssudasi ajratiladi.
Elektr energiyasi faoliyat turiga ko‘ra sotib olinadi
2022 yil 1 yanvardan “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi faoliyat turiga ko‘ra kafolatlangan tarzda II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:
● suv oqimi bo‘yicha ishlaydigan gidroelektr stansiyalarida – 70 foiz miqdorda;
● elektr energetikasi tizimining rejimiga bog‘liq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektr stansiyalarida – 100 foiz miqdorda;
● gidroto‘plash elektr stansiyalarida – 150 foiz miqdorda sotib olinadi.
Elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalaridan (bundan sanoat ko‘lamidagi 1 MVt yoki undan ortiq quvvatlar mustasno), quvvati 5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalaridan o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgandan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish II guruh iste’molchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Byudjet mablag‘lari xarajatlarni amalga oshirish qanday holatda to‘xtatiladi?
2022 yil 1 yanvardan konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
- moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmaganda;
- loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki ular qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlanganda, ya’ni parallel ravishda olib borilganda;
- pudratchi (loyihachi) tashkilotlar tanlov (tender) o‘tkazilmasdan tanlab olinganda.
Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazganlarga xarid summasining 1 foizi qaytariladi
Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida qilingan xarid chekini soliq organlarining maxsus mobil ilovasida skanerlagan jismoniy shaxslarning kartalariga oy yakunida xarid summasining 1%i qaytariladi.
Shuningdek, mijozga chek bermasdan mahsulot sotganlik yoki xizmatlar ko‘rsatganlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzardan undirilgan jarimaning 20%i miqdorida mukofot to‘lanadi.
Hokim yordamchilari soni bittaga ko‘payadi
2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etiladi.
Mazkur lavozimga:
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘’ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;
- nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
- tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.
Talab qilinadigan hujjatlar turi kamayadi
Davlat tashkilotlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan bir qator ma’lumotnoma va hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi.
Ayrim to‘lovlar miqdori kamayadi
Ayrim davlat xizmatlari uchun undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar miqdori kamaytiriladi.
Davlat xizmatchilari daromadlari deklaratsiyasi joriy etiladi
2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Ularga xorijda bank hisobraqamlarini ochish taqiqlanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik uchun javobgarlik joriy qilinadi.
Yetim bolalarni farzandlikka olish qanday amalga oshiriladi
2022 yil 1 yanvardan:
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olish “Vasiylik va homilik” elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan amalga oshiriladi.
Byudjet xarajatlari
Tuman va shahar byudjetlari xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Orolbo‘yi mintaqasidagi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
Mo‘ynoq tumanidagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun bir qator soliq stavkalari 1% etib belgilanadi hamda kichik tadbirkorlik subektlariga korxona qurilishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va texnikalarni temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.
Avtomototransport vositalarini elektron onlayn-autsion yo‘li bilan ijaraga berish
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron onlayn-autsion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi.
Bunda, elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.
Tezkor xabar markazi ishga tushadi
Fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tun-u kun faoliyat yuritadigan “Call-markaz” ishga tushiriladi.
Xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi
Xonadonda pilla yetishtiruvchilarga hosilning bir kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi hamda tutzorlarni sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmiga soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llaniladi.
Ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotiladigan gazga aksiz solig‘i solinmaydi
Tadbirkorlarga tabiiy va suyultirilgan gazni O‘zbekistonga import qilishda QQSni 120 kungacha muddatga foizlar hisoblanmagan va uning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda, kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi beriladi.
2022 yildan ko‘p kvartirali uylar kamida 1 Gbit/s tezlikli internetga ulanadi
2022 yil 1 yanvardan Internetga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladi:
- ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan;
- ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Mbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati imkoniyati bilan ulash.
Paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda qancha yig‘im undiraladi?
O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021 yil 1 yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari, 2022 yil 1 yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSh dollari, 2023 yil 1 yanvardan – 0,1 AQSh dollari, 2025 yil 1 yanvardan – 0,2 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
Izoh qoldirish