1,2 trln. so‘mdan ortiq QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlandi

1,2 trln. so‘mdan ortiq QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlandi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan faoliyatida soliqlarni to‘lashdan qochishning turli xil sxemalaridan foydalanganlik holatlari kuzatilgan «Shubhali» korxonalar ro‘yxati yangilanmoqda.

Dastlabki aniqlangan 396 ta va ikkinchi bosqichda aniqlangan 129 ta shubhali korxonalar qatoriga uchinchi bosqichda yana 53 ta korxona kiritildi.

Hozirgacha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, mazkur 53 ta shubhali korxona bilan iqtisodiy aloqaga kirgan 1 733 ta kontragent tomonidan amalga oshirilgan tovar aylanma 682,5 mlrd. so‘mni, shundan asossiz hisobga olingan QQS summasi 87,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Mazkur shubhali korxonalar hisob raqamlari yopildi va ularning kontragentlariga xabarnomalar jo‘natildi.

Dastlabki bosqichlarda «Shubhali» deb topilgan 525 ta korxonaning soliq qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 4 ta korxonada «shubhali» deb topilishiga asos bo‘lgan holatlar to‘liq bartaraf etilganligi sababli ularni «Shubhali» korxonalar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risida xulosa qilindi.

Bugungi kunda «Shubhali» korxonalar jami 574 ta bo‘lib ularning kontragentlarida 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlandi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni o‘rganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlari tashkil etilmoqda.

Xususan, joriy yilning 19 mart holatiga respublikamiz bo‘yicha jami 8 796 ta korxonada 1 284,5 mlrd. so‘mlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi.

Natijada:
– 8 529 ta, ya’ni 97 foiz korxonada (1 214,6 mlrd. so‘m) «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
shundan, 100 ta, ya’ni 1,1 foiz (23,5 mlrd. so‘m) tashkilotda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti qisman tasdiqlandi;

– 267 ta, ya’ni nazorat tadbirlari o‘tkazilgan 3 foiz soliq to‘lovchilar tomonidan 46,4 mlrd. so‘mlik QQS summasini to‘g‘ri hisob (zachet)ga olganligi holatlari bo‘yicha asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Shu sababli ulardan ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi.

Shuningdek kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig‘ini topgan bo‘lsada, tadbirkorlik sub’yektlarini uzluksiz faoliyat ko‘rsatishlariga sharoit yaratish maqsadida, kamchiliklarini tan olgan 352 ta sub’yektga 53,9 mlrd. so‘mlik byudjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar