Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni «Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.
Boshqa chora-tadbirlar qatorida hujjat yirik va mayda shoxli qoramollar uchun QQS to‘lovchilariga subsidiyalar 2 marta oshirishni belgilaydi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab 2023 yil 31 dekabrgacha QQS to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2000 so‘mdan 4000 so‘mga hamda sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshiriladi.
Bunda, subsidiya qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtinchalik ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanadi.
Bundan tashqari, chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Ozuqa ekin yer maydonlarida yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xo‘jaliklariga uning har bir gektari uchun 8 mln so‘m miqdorida respublika byudjeti hisobidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.
Gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining — 100 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yig‘ish va ozuqa tayyorlash qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 martga qadar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) hamda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 mlrd so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining MBning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.
Mablag‘lar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun beriladi.
Chorvachilik yo‘nalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Izoh qoldirish