21 oktyabr kuni Senatning 20-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Xususan, Soliq kodeksining 483-moddasiga 2021 yil 10 oktyabrdan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlari, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni O‘zbekiston hududiga olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qo‘shimcha norma kiritilmoqda.
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning fikricha, qonunning qabul qilinishi aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarni barqarorlashtirish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun tibbiyot normalarga ko‘ra, 1,5 mln tonna go‘sht, ya’ni har bir kishi uchun yiliga 42,8 kg go‘sht talab etiladi. Joriy yilda 1,4 mln tonna go‘sht ishlab chiqarish rejalashtirilgan, bu 2020 yilga nisbatan 4 foizga ko‘p.
«Bu miqdor aholi iste’moli talabining 93 foiziga teng. Demak ehtiyojning qolgan qismi import go‘sht hisobidan qoplanishi kerak», dedi Erkin Gadoyev.
Erkin Gadoyev import go‘shtning o‘rtacha narxi 43,2 ming so‘mni tashkil etishini, shundan 5700 so‘m QQSga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Ichki bozorda esa 18 sentyabr holatiga go‘shtning o‘rtacha narzi 62 ming so‘mga teng, bu esa 2020 yilga nisbatan 13 foizga (55 ming so‘m) qimmatlaganini anglatadi.
Senatorning ta’kidlashicha, kartoshka importiga QQSni bekor qilish ortidan byudjet — 76,5 mlrd so‘mni, savdo aylanmasidan esa — 30 mlrd so‘m yo‘qotadi. Agar go‘shtga qo‘llanidigan soliq imtiyozini qo‘shib hisoblasa, byudjet 251,1 mlrd so‘m yo‘qotadi.
Izoh qoldirish