2020 yilda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha daromadlar o‘zgarishi qanday bo‘lgan

2020 yilda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha daromadlar o‘zgarishi qanday bo‘lgan

2020 yilda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 21,3 trln. so‘mni (yoki YaIMga nisbatan 3,6%), 2019 yil tushumlari bilan solishtirganda 1,6 trln. so‘mga va 2018 yil bilan solishtirganda 8,6 trln. so‘mga ko‘proqni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligi e’lon qilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlar qismining 2020 yil ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarida keltirilgan.

Resurs soliqlaridan tushumlarning asosiy qismi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa (77,2%) to‘g‘ri keladi. Bunda, 2020 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 2019 yil bilan solishtirganda 1,7 trln. so‘mga ko‘paydi va 16,4 trln. so‘mni tashkil etdi, 2018 yilgi soliq tushumlari bilan solishtirganda esa 1,9 barobarga oshgan. Tushumlarning asosiy qismi (deyarli 79,5%i) davlat kon qazish korxonalariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu yillarda (2019-2020 y.) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlarining ko‘payishi quyidagilar hisobiga ta’minlandi:

– 2019 yilda belgilangan ushbu soliq stavkalarining 2020 yilda 15 foizga indeksatsiya qilinishi, 2019 va 2020 yillarda foydali qazilmalarning ayrim turlari uchun soliq solishni belgilangan stavkalardan kelib chiqib, lekin qatiy belgilangan miqdorlardan kam bo‘lmagan miqdorda bosqichma-bosqich o‘rnatish;

– 2020 yilda qimmatbaho metallar bozorida oltin narxining 2019 yil bilan solishtirganda 22 foizga oshishi;

– soliq to‘lovchilar sonining oxirgi 2 yil mobaynida 709 ta korxonaga yoki 70%ga ko‘payishi hisobiga.

2020 yilda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar deyarli 2019 yil darajasida saqlab qolindi va 4,8 trln. so‘mni tashkil etdi, 2018 yil bilan solishtirganda esa 0,6 trln. so‘mga ko‘paydi.

Ushbu davr (2019- 2020 y.) mobaynida bu turdagi soliqlar bo‘yicha tushumlar quyidagilar hisobiga ta’minlandi:

– yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini (2019 yilda 1,2 va 2020 yilda 1,15 barobarga) indeksatsiya qilish;

– 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab sanoat korxonalari (3 barobar) va avtotransport vositalarini yuvishga ixtisoslashgan korxonalar (10 barobar) hamda 2020 yil 1 yanvardan esa pivo va vinodan tashqari (60 barobar) alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ularni ishlab chiqarish uchun ishlatilgan suv hajmi bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining oshishi;

– 2019 yil 1 yanvardan 1 mlrd. so‘mgacha aylanmaga ega bo‘lgan barcha tadbirkorlik sub’yektlariga, yuridik shaxslarni inobatga olgan holda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovining majburiy qilinishi va 2020 yil 1 yanvardan bozorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek gastrol-konsert faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning ushbu soliqlarni to‘lovchilar jumlasiga kiritilishi;

– 2020 yil 1 yanvardan qayta baholangan (bozor) qiymatidan kelib chiqib hisoblab chiqariladigan mol-mulk solig‘iga butkul amortizatsiya qilingan binolarni soliqqa tortishga jalb qilish;

– 2020 yil 1 apreldan, avval soliq imtiyozlari berilgan ob’yektlarga nisbatan yer solig‘i stavkasiga pasaytiruvchi koeffitsiyent va mol-mulk solig‘i bo‘yicha kamaytiruvchi stavka kiritilishi. Ushbu turdagi ob’yektlarga umumfoydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, konservatsiya qilinishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan ko‘chmas mulk va boshqa ob’yektlar kiradi.

Yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar tabiiy resurslar va ko‘chmas mulk ob’yektlaridan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarning to‘liq hisobini yuritish maqsadida kiritilgan.

2019 yil 1 yanvardan yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirildi va ushbu stavkaning pasaytirilishi tushumning deyarli 2 barobarga, ya’ni 1,9 trln. so‘mdan 1 trln. so‘mgacha kamayishi taxmin qilingan. Mol-mulk solig‘ini to‘lovchilarga barcha tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilish hisobiga ushbu yilda soliq bazasini oshirish natijasida (soliq to‘lovchilar soni 6 barobarga ko‘payib, 58 334 tani tashkil etdi) 2019 yilda ushbu soliq bo‘yicha daromadlar 1,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bunda 2019 yilda yangi soliq to‘lovchilardan (50 ming korxona atrofida) tushumlar deyarli 629 mlrd. so‘m yoki umumiy tushumning uchdan birini tashkil etdi.

Yuridik shaxslar olinadigan yer solig‘i to‘lovchilar soni 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 5,4 barobarga ko‘payib, 70 046 korxonani, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha esa – 16,3 barobarga ko‘payib, 56 024 korxonani tashkil etdi. Mos ravishda, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lovchilar doirasi kengaytirilishi hisobiga 2019 yilda tushum 298,4 mlrd. so‘mga (ma’lumot uchun: soliq solinadigan yer maydonlari 388,6 ming ga.ga oshdi va 888,6 ming ga.ni tashkil etdi), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha esa – 33,5 mlrd. so‘mga oshdi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilar 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 2,4 barobarga ko‘payib, 136 366 korxonani tashkil etdi. Ushbu o‘sish 80 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining yillik aylanmasidan (tushum) qat’iy nazar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisobga olgan holda umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tganligi va ular uchun yagona yer solig‘ini bekor qilingani (2020 yil 1 yanvardan) bilan bog‘liq. Mos ravishda, 2020 yil uchun soliq to‘lovchilar doirasi kengaytirilishi hisobiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumi 123 mlrd. so‘mga ko‘paydi. Ma’lumot uchun: 2020 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligi korxonalari barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rniga yagona yer solig‘i to‘laganlar. Bunda, 2020 yilda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i 2019 yilga nisbatan 312,9 mlrd. so‘mga, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha esa – 103,0 mlrd. so‘mga qisqardi.

Mol-mulk va yer solig‘ining kamayishining asosiy sabablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik sub’yektlariga qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgani hisobiga to‘g‘ri keladi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli hamda 2020 yil 3 apreldagi PF-5978-sonli Farmonlarida nazarda tutilgan, tadbirkorlik sub’yektlariga ushbu soliqlarni to‘lash bo‘yicha soddalashtirilgan tartib talablarida foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash);

– kichik tadbirkorlik sub’yektlarining soliqlar bo‘yicha foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berilgan, 2020 yil aprel va may oylarida to‘lashi lozim bo‘lgan ushbu turdagi soliq summalari hisobdan chiqarildi;

– alohida tadbirkorlik sub’yektlariga 2020 yilning oxiriga qadar ushbu turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilindi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushum 2020 yilda 73,1 mlrd. so‘mga qisqarib, 733,4 mlrd. so‘mni tashkil qilib, 2018 yil bilan solishtirganda esa, 25,1 mlrd. so‘mga ko‘paydi. 2018 yildan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan mulk ob’yektlariga kadastr qiymatidan (2018 yildan boshlab inventar qiymatdan bekor qilindi) kelib chiqib soliq solishga o‘tildi. Ushbu chora ko‘chmas mulk ob’yektlariga soliq bazasi sezilarli oshirilishiga imkon berdi. Shunga asosan soliq solish maqsadida ko‘chmas mulk ob’yektlari qiymati 46,6 trln. so‘mdan 293,6 trln. so‘mga ko‘paydi. Shu bilan birga ushbu davrda soliq stavkalari 1,7 dan 0,2 foizgacha (8,5 baravar) kamaytirildi. Bunda, soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, 2018 yilda va undan keyingi (2019-2020) yillarda chegara belgilangan bo‘lib, joriy yil uchun 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan soliq summasi avvalgi yilda hisoblangan soliq summasidan oshmasligi lozim. Shunga asosan 2018 yilda 2017 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,2 barobardan, 2019 yilda – 1,3 barobardan va 2020 yilda – 1,3 barobardan ko‘p oshishi mumkin emas.

Ko‘chmas mulk ob’yektlarining ko‘payishi hisobiga soliq bo‘yicha tushumlar ta’minlangan. Ularning oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar quyidagilar hisoblanadi:

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi 445-sonli qarori doirasida aniqlangan ko‘chmas mulk ob’yektlari;

– oxirgi 3 yil davomida qurilgan yangi uylar; – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-sonli Farmoniga muvofiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini (turar-joy amnistiyasi) o‘tkazilishi.

Bu orqali turar joy ko‘chmas mulk ob’yektlarining soni 2020 yil oxiriga 7 354 mingtani tashkil etdi (2018 yilda – 5 944 ta).

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar