2023 yil yanvar-dekabr oylarida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 28,6%ni tashkil etgan.
2023 yil yanvar-dekabr oylarida xizmatlar sohasi tarkibida eng katta ulush savdo (31,6%), moliyaviy (25,2%) va transport (14,0%) xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarni ta’lim (4,3%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (4,2%) hamda yashash va ovqatlanish xizmatlari (3,7%) egallagan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yilning shu davriga nisbatan 2023 yil yanvar-dekabr oylarida deyarli barcha xizmat turlarining dinamikasida o‘sish sur’atlari kuzatildi. Boshqa xizmatlar 50,1%, savdo xizmatlari 14,5%, moliyaviy xizmatlar 14,3%, transport xizmatlari 12,1%, yashash va ovqatlanish xizmatlari 9,2%, ta’lim 7,3%, sog‘liqni saqlash 5,4%, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 5,2%, me’morchilik, muhandislik tadqiqotlari, texnik sinov va tahlillar bo‘yicha xizmatlar 5,1%, kompyuterlar, uy jihozlari, shaxsiy buyumlarni ta’mirlash xizmatlari 4,9%, shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari) 4,6%, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 3,5%ga oshgan bo‘lsa, ijara xizmatlari 15,7%ga pasaygan.
2023 yilning yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining 45,0% Jizzax shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmidagi eng katta ulushlar bo‘yicha keyingi o‘rinlar Sh.Rashidov (12,7%), G‘allaorol (7,7%) va Zomin (7,6%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida Yangiobod (0,8%), Arnasoy (1,6%) va Zafarobod (1,7%) tumanlarining o‘rni juda kam.
2023 yilning yanvar-dekabr oylarida xizmatlar sohasida eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax shahri (121%), Paxtakor (113,7%) va Sh.Rashidov (106,9%) tumanlarida kuzatilgan.
Elyor Pulatov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Jizzax filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish