Afg‘oniston bank tizimi — qo‘shnilarda banklar qanday ishlaydi

Afg‘oniston bank tizimi — qo‘shnilarda banklar qanday ishlaydi

Oxirgi kunlarda Afg‘oniston O‘zbekiston va dunyo ommaviy axborot vositalari diqqat markazida turibdi. Tolibonning har bir qadami, har bitta viloyat/tuman/qishloq markazini jangsiz yoki jang bilan egallashi OAVda keng yoritilmoqda.

Afg‘onistonda bank tizimi

Afg‘onistonda bank tizimi ikki pog‘onali qilib tashkil etilgan. Birinchi pog‘onada mamlakat markaziy banki — Afg‘oniston DA Banki (DAB) bo‘lsa, ikkinchi pog‘onada — tijorat banklari turadi.

DA Bankning tarixi 80 yildan ortiq. 1939 yil Kobulda Afg‘oniston qirolining 1317/5280 sonli qaroriga asosan tashkil etilgan. Bank tashkil etilganidan to 2001 yilgacha ham markaziy bank, ham tijorat banki sifatida faoliyat yuritgan (bu davrda DAB bilan tijorat banki sifatida raqobatlashgan boshqa banklar ham bo‘lgan). Aynan shu yildan boshlab, DA Bank tijoriy faoliyatini yakunladi va bank mamlakatda Markaziy bankni tamsillaydigan mustaqil institutga aylandi.

Afg‘onistonning "DAB tog‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, narxlar barqarorligi bankning bosh maqsadi sanaladi. Shuningdek, monetar siyosat ishlab chiqish, ijro etish va moslashtirish, xorijiy valyuta siyosatini amalga oshirish, banknotalar va tangalar zarb qilish bankning majburiyatlariga kiradi.

Mamlakatdagi tijorat banklari

Ikkinchi pog‘ona, ya’ni bevosita aholi va korxonalar bilan ishlaydigan tijorat banklari soni, rasmiy manbalarga ko‘ra, 12 dona. Ulardan 7 tasi xususiy, 3 tasi hukumatga qarashli va 2 tasi xorijiy banklarning sho‘’ba banki.

Davlat banklari:

  • Afg‘on milliy banki (Bank Millie Afghan),
  • Pashtoniy bank (Pashtany Bank),
  • Yangi Kobul banki (New Kabul Bank).

Xususiy banklar:

  • Aziziy bank (Azizi Bank),
  • Afg‘oniston xalqaro banki (Afghanistan International Bank),
  • Afg‘oniston islom banki (Islamic Bank of Afghanistan),
  • Maivand bank (Maiwand Bank),
  • Afg‘on Yunayted bank (Afghan United Bank),
  • Birinchi mikromoliya banki (The First Micro Finance Bank),
  • G‘azanfar bank (Ghazanfar Bank).

Xorijiy bank sho‘’balari:

  • Pokiston milliy banki (National Bank of Pakistan),
  • Alfalah banki (Bank Alfalah ltd).

Mamlakat bo‘ylab 409 ta bank filiallari bor, ulardan 138 tasi hukumat banklari, 271 tasi xususiylarga tegishli. 2014 yilgi statistikaga ko‘ra, omonatchilar (depozitorlar) soni 3 134 754 kishi, kreditchilar (qarzdorlar) soni esa 54 217 kishi. O‘sha yilda omonatlarning umumiy miqdori $3,76 mlrd.ga, kreditlarning umumiy miqdori esa $742 mln.ga teng edi. Depozit va kredit munosabati 20% ga teng. Aholi omonatini bankka ishonishiga eng katta sabablardan biri, mablag‘larning uydagidan ko‘ra xavfsizroq turishidir. Kreditlarning depozitlarga nisbatan kamligi esa qisman aholining an’anaviy bank kreditini ribo sifatida bilib, undan foydalanmasligi, aholi xarid qobiliyatining pastligi bilan izohlanmoqda. Mamlakat qishloq joylarida, viloyatlarda aholi va mahalliy tadbirkorlarda banklar va ularning mahsulotlari haqida ma’lumot yetarlicha emas. Odamlar haligacha pul ayirboshlashda sarroflar xizmatidan foydalanadi. Mamlakatda yangi tijorat banklari ochilishi munosabati bilan sarrof tizimining bozordagi ulushi oxirgi o‘n yillikda pasayib bordi.

Afg‘oniston Banklar assotsiatsiyasiga ko‘ra, kamida 12 foiz afg‘onlar bank xizmatlaridan foydalanadi. 8 foiz aholida esa elektron bank xizmatlaridan to‘liq foydalanib kelmoqda. Assotsiatsiya tomonidan yuritiladigan statistika mamlakatda 3,5 mln.dan ortiq depozitorlar borligini, ulardan 300 mingi 7 ta turdagi debit kartalardan foydalanishini ko‘rsatmoqda.

Islom banklari

Mamlakatda aholining katta qismi islomga e’tiqod qilgani uchun mamlakat banklari tomonidan islom bankchiligi xizmatlari ham ko‘rsatiladi. Afg‘oniston Markaziy banki tomonidan islom banki/darchasi ochish uchun bankning aktivlari klassifikatsiyasi, bank likvidligi va risk menejmentiga turli talablar qo‘yilgan. Mamlakatda banklar tomonidan murobaha, muzoraba, ijara, mushoraka, qarz al-hassan, salam, istista kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Afg‘onistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan barcha banklarda islom darchalari mavjud yoki bank to‘liq sha’riy tamoyillar asosida faoliyat yuritadi.

Afg‘oniston bank tizimi kamchiliklari

Afg‘oniston Markaziy banki - DA Bank o‘zining suveren obligatsiyalarini chiqarmaydi. Ayrim mutaxassislarda ushbu bank o‘zining asosiy faoliyati narxlar barqarorligini ta’minlay olmayotgani borasida savollar bor. Mamlakat iqtisodiyoti yuqori darajada dollarlashgan. So‘nggi o‘n yilda afg‘oni (Afg‘oniston pul birligi) dollarga nisbatan o‘z qiymatini 80-90 foizga yo‘qotdi. Markaziy bank bunga sabab sifatida mamlakat iqtisodiyotidagi beqarorliklar, mutassil davom etayotgan urushlarni keltirsa, ayrimlar shunday sharoitda ham narxlar barqarorligi DAB tomonidan ta’minlashga nisbatan yetarli sharoitlar yaratilmaganini ta’kidlab keladi.

Afg‘on banklari kelajagi

Afg‘onistonda hokimiyat tolibon tomoniga o‘tib bo‘ldi. Tolibon esa mamlakatda Islom amirligi qurishini e’lon qildi. Davlat, agar to‘laligicha islom tamoyillari asosida boshqarilsa, 2001 yildan keyin ozgina jonlangan tijorat banklari faoliyati yanada to‘xtatilishi xavfi yuzaga keladi. Chunki shariyat qonun-qoidalari an’anaviy banklar faoliyat ko‘rsatishiga qarshilik qiladi. Mamlakatdan yirik va o‘rta biznes vakillarining chiqib ketishi, kapitalning chetga oqishi, oxir-oqibat bank tizimi inqirozida o‘zini ko‘rsatadi. Agar tolibon boshqaruvi bir necha yillar davom etsa, toliblar oldida, mamlakat iqtisodiyotini qayta qurish, bank tizimi faoliyatini jonlantirish masalasi kun tartibiga chiqadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar