Bugun, 26 iyul kuni Toshkent shahridagi "Hilton" mehmonxonasida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar ishtirokida «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» xalqaro konferensisiya bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, ushbu konfrensiyada Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalarining Afg‘onistonda barqarorlikni tiklashga bevosita jalb etilgan 20 dan ortiq davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, Yevropa Ittifoqi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Tadbirni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov ochib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi. Davlat rahbari o‘z murojaatida Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, davlat rahbari jahon hamjamiyati qo‘shni mamlakat bilan munosabatlarda avvalgi xatolarni qayta takrorlamaslik zarurligini aytgan.
«Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa O‘zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda.
Davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda.
Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz. Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblandi», deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Gutterishning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Konfrensiyada Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afg‘on xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni ta’minlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va boshqa bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, xalqaro konferensiya doirasida qo‘shni Afg‘onistonda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga qaratilgan gumanitar va infratuzilma loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish