Alisher Usmonov O‘zbekistonda rus-tilini o‘qitish darajasini yaxshilashga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda

Alisher Usmonov O‘zbekistonda rus-tilini o‘qitish darajasini yaxshilashga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda

11 oktyabr kuni Toshkentdagi 129-maktabda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi hamda Alisher Usmonovning «San’at, fan va sport» xayriya jamg‘armasi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida rus tili va umumiy fanlarni rus tilida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan memorandumni imzoladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi xabar qildi.

Memorandum O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev va Rossiya Federatsiyasi maorif vazirining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Glushko tomonidan imzolandi.

Usmon Sharifxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini oshirish dasturi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni kengaytiradi, balki O‘zbekiston ta’lim muassasalarida rus tilida yuqori saviyada ta’lim olish uchun qulay sharoit yaratadi. A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamda Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti Dastur operatori bo‘lib, ular yordamida Rossiyaning malakali mutaxassislari (o‘qituvchilar va metodistlar) O‘zbekistonning o‘zbek tilida dars o‘tiladigan maktablarda rus tili o‘qituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradi.

Loyihasining ilk bosqichida 32 nafar rus metodistlari mahalliy maktablar o‘qituvchilari va o‘quvchilari o‘rtasida rus tilini bilish darajasini nazorat qilish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Rossiyalik mutaxassislar O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini baholaydi hamda hamkasblariga tilni o‘qitish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. 2021 yilda 100 nafar rossiyalik mutaxassis mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonga yo‘naltirilgan mutaxassislar soni har yili 100 nafarga ko‘payadi.

Dasturning barcha bosqichlari 30 mingga yaqin o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni qamrab oladi. Memorandumni imzolash chog‘ida Rossiyaning San’at, fan va sport jamg‘armasi asoschisi Alisher Usmonov marosim ishtirokchilariga video murojaat yo‘lladi: “Rossiya va O‘zbekiston bir-biri bilan umumiy tarix va madaniy meros bilan chambarchas bog‘liqdir. Men o‘zim rus tilidagi maktabni tugatganman, shuning uchun vatanimda rus tilini o‘qitish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati, Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligining bunday uzoq muddatli va strategik tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotganimdan juda mamnunman.

Ishonchim komilki, bu nafaqat ta’limni qo‘llab-quvvatlash, balki umumiy an’ana va iste’dodlarimizni qo‘llab-quvvatlashdir. Ushbu tashabbus muvaffaqiyatli bo‘ladi va butun O‘zbekiston aholisi tomonidan yaxshi qabul qilinadi, shuning uchun men unga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman".

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar