Energetika vazirligida «Worley» xalqaro injiniring kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Energetika vazirligida «Worley» xalqaro injiniring kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida «Worley» (AQSh) kompaniyasi vakillari bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasida muzokara o‘tkazildi.

Kompaniya delegatsiyasi tarkibidan energetika va kimyo tarmoqlari prezidenti Vinayak Pay hamda atom energetikasi prezidenti Aleksandr Superfin joy olgan bo‘lib, ular tomonidan «Worley» tizimidagi so‘nggi moliyaviy va tashkiliy o‘zgarishlar taqdim etilib, bulardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi qirralari xususida takliflar bildirildi.

Mamlakat yoqilg‘i-energetika majmui (YoEM) neft-gaz sohasida «Worley» kompaniyasi bilan ko‘p yillardan buyon muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda va bunga «WorleyParsons Uzbekistan Engineering» QK MChJni misol sifatida keltirish mumkin.

Kompaniya vakillariga YoEMda, shu jumladan, elektr energetikasi va neft-gaz sohasida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida ma’lumotlar berildi. Tomonlar o‘rtasidagi muloqotda etom energetikasi sohasida hamkorlik o‘rnatish istiqbollari ham muhokama etildi va ayni paytda qo‘shma korxona shaklidagi O‘zbekiston Atom injiniring markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar yakunlanayotgani ma’lum qilindi.

Tomonlar muloqot yakuni bo‘yicha yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida neft-gaz, elektr energiyasi va kimyo sanoati mutaxassislarini jalb etgan holda treninglar o‘tkazishga kelishib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar