Andijon shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, davlat idoralari rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining bugungi holatiga baho berib, uni har tomonlama rivojlantirish vazifalari haqida so‘zladi.
- Andijonga kelishimizdan maqsad - odamlarning dardini tahlil qilib, aniq rejalarni belgilash, aholi jon boshiga daromadni oshirish, mahallalarda sharoitni yaxshilash. Hamma natijalarga tanqidiy qarashimiz kerak. Andijonning birini ikki qilish uchun yana qanday «o‘sish nuqtalari» bor, odamlarni qiynayotgan nima muammolar bor, deb savol qo‘yib, ularga chora topish zarur. Buning uchun ijro organi rahbarlari va mahalliy deputatlar dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak. Agar ular dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lib ishlasa, hamma soha o‘zgaradi, - dedi Prezident.
Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Andijon viloyatida 882 ta mahalladagi imkoniyatlar o‘rganilgani, aholining azaldan shakllangan ko‘nikmalaridan kelib chiqib, eng samarali “o‘sish nuqta”lari sifatida – hunarmandchilik, tomorqa va issiqxona xo‘jaligi, bog‘dorchilik, gulchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlar belgilangani qayd etildi. Har bir mahallaga salohiyatli tadbirkorlar biriktiriladi, zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Joriy yilda viloyatda o‘rta va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiya loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 100 million dollar ajratilishi ma’lum qilindi.
2021-2022 yillarda viloyatda umumiy qiymati qariyb 20 trillion so‘m bo‘lgan 584 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bunda to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari «drayver» bo‘ladi.
Bu yilning o‘zida Asaka tumanidagi “Asaka tekstil” hamda Jalaquduq tumanidagi “Zumrad tekstil” korxonalarida yangi quvvatlar, Xo‘jaobod tumanida sement zavodi va qurilish materiallari klasteri, “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasida shprits korxonasi ishga tushiriladi.
Qishloq xo‘jaligidagi vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi. G‘alladan bo‘shaydigan 70 ming gektar maydonni ikkilamchi ijaraga berish orqali 220 ming ishsiz aholi bandligini ta’minlash mumkin.
Davlatimiz rahbari gulchilik salohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 sotix yerga ekilgan orxideya guli 850 million so‘mgacha, liliya 450 million so‘mgacha, pion 320 million so‘mgacha daromad olish imkonini beradi.
Shu bois Andijon tumanidagi “Andijon gullar bog‘i” korxonasini klasterga aylantirib, 30 gektar yerda gul va manzarali ko‘chatlar yetishtiriladigan bog‘ barpo etish, Shahrixon tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Gulchilik maktabi ochish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu yo‘nalishda issiqxonalar tashkil etish, tomorqalarda gul yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish