Asosiy maqsad odamlar dardini tinglash, muammolariga yechim topish

Asosiy maqsad odamlar dardini tinglash, muammolariga yechim topish

Prezident Xalq qabulxonalari Qarshi shahri, Shahrisabz, G‘uzor va Koson tumanlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan ommaviy qabullar Qashqadaryo vohasi aholisini o‘ylantirayotgan masalalarni yana bir bor ich-ichidan chuqur o‘rganish, viloyatda mazkur yo‘nalishdagi murojaatlar bilan ishlash holatini tanqidiy tahlil qilish, bu boradagi tizimli muammolarni amalda hal qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini berdi.

Uch kunlik qabullarda Oliy sud mas’ullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 391 ta masalani ko‘rib chiqdi. Murojaatlarning 146 tasiga joyida yechim topildi.

Qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Dehqonobod, Qamashi, Nishon va Koson tuman sudlari tomonidan 52 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, Qarshi shahar, Nishon tuman va Koson tuman sudlari tomonidan esa 15 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolari yengilrog‘i bilan almashtirildi.

Koson tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ham hech bir mahkum aybini inkor qilmadi. Faqat bilib-bilmay to‘g‘ri yo‘ldan toyganini, jinoyat ko‘chasiga kirib qolganini, qilg‘iligi oqibatini anglab yetganini, qilmishiga ming pushaymonligini aytib, hayotini o‘nglashi uchun yana bir imkon so‘radi. Sudda barcha jihatlar inobatga olinib, 6 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi, 7 nafar mahkumga belgilangan jazo yengilrog‘iga almashtirilib, ular ham oilasi bag‘riga qaytarildi,17 nafar mahkum manzil koloniyasiga o‘tkazildi. Mahkumlarni ko‘rsangiz, ko‘pi yosh-yosh yigitlar, qonunlarni hurmat qilmaslik, tarbiyasizlik, to‘g‘ri yashashning qadriga yetmaslik ularni bu yerga olib kelgan. Poytaxtlik Murodjon To‘laganov ham to‘g‘ri yo‘ldan adashib, guldek umrining 7,5 yilini tikanli sim ortida o‘tkazdi. Shu davrda ko‘zi ochildi, qonunlarga bo‘ysunib, tinch va to‘g‘ri yashashning qadriga yetdi. Murojaatlaridan so‘ng davlatimiz unga ham izdan chiqqan hayotini o‘nglab olishi uchun yana bir imkon berdi. Shu bois ham unga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmay qolgan 10 oyu 28 kuni axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, u jazoni o‘tashdan muddatidan oldin, lekin shartli ozod qilindi. Shart shuki, bu yigit agar yana yo‘ldan ozib, jinoyat ko‘chasiga kirsa, endi jazo juda og‘ir bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining Qarshi shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida tashkil qilingan ochiq sud majlisida ham 32 nafar shaxsga insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanildi. Jazo muddatini ma’lum qismini o‘tagan, munosib xulq atvorda bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan 7 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi, 3 nafarining ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi, 22 nafar mahkum qattiq tartibli koloniyadan manzil koloniyasiga o‘tkazildi. Jumladan, jizzaxlik O‘ktam Aliyev ham 2019 yili firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgani uchun 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Bu mahkum ham panjara ortida munosib jazosini oldi, aybidan to‘g‘ri xulosa chiqardi, tartib-qoidalarni buzmadi, qilmishiga pushaymon bo‘lib, tavba qildi. Uning va oila a’zolarining murojaatlaridan so‘ng sud barcha tomonni tinglab, O‘ktam Aliyevni o‘talmay qolgan 3 oy 3 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda ozod etdi.

2017 yilda muboraklik Abdurahmon Mahmanazarovning xususiy savdo do‘koni buzilgan bo‘lsa-da, unga buning evaziga hech qanday kompensatsiya to‘lanmagan. Ommaviy qabul Abdurahmon aka uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Oliy sud mas’ullariga bor dardini to‘kib solgan Abdurahmon Mahmanazarovning masalasi shu kunning o‘zida fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud uning da’vosini qanoatlantirib, Abdurahmon Mahmanazarov foydasiga 64 million so‘m kompensatsiya undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Kitob tumanidagi “Shams nur saxovati” fermer xo‘jaligining Kitob tumani hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi ham qanoatlantirilib, fermer xo‘jaligining buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklandi.

Shuningdek, murojaatlar asosida 55 ta aliment, bitta ish haqi undirish, 3 ta pensiya tayinlash yuzasidan sud buyruqlari ham chiqarilib, ijroga qaratildi.

Muloqotlar natijasida 106 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Bu bilan 106 nafar inson olis yo‘l bosib poytaxtga borish o‘rniga o‘zi ularning huzuriga kelgan Oliy sud mutasaddilari qo‘liga arizalarini bevosita topshirish, bu ishlar bo‘yicha barcha savoliga Oliy sud mas’ullaridan javob olish imkoniga ham ega bo‘ldi.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘rib chiqqan 110 ta masalaning 76 tasi bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi. Deylik, chiroqchilik Abdulla Rahmatillayev va Umid Otayevning muammosi bitta: 7 yil avval Chiroqchi oziq-ovqat dehqon bozori rekonstruksiya qilingan vaqtida ularning bozor hududidagi savdo do‘konlari buzib tashlangan, biroq 2014 yildan beri ularga kompensatsiya to‘lanmagan. Holbuki, bu masala sud tartibida ko‘rilgan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining qaroriga ko‘ra yetkazilgan zarar uchun Abdulla Rahmatullayevga 145,3 million so‘mdan ziyod, Umid Otayevga esa qariyb 100 so‘m kompensatsiya undirilishi belgilangan. Ularning ommaviy qabuldagi murojaatlaridan so‘ng viloyat prokuraturasiga 7 yildan beri ijrosi osilib turgan mazkur sud qarorlarining ijrosini zudlik bilan ta’minlash bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Shahrisabzlik Sayfulla O‘rinov 2019 yilda tijorat bankdan olingan krediti bo‘yicha tayyorlangan hujjatlar soxtalashtirilganidan shikoyat qildi. Murojaatga asosan bu masala tez fursatda nazorat tartibida o‘rganib chiqiladigan, zarur bo‘lsa, hujjatlar ekspertizadan o‘tkaziladigan bo‘ldi. G‘uzorlik Dilmurod Safarovning arz qilishicha, uning nomida bo‘lgan yerni boshqa kimsalar o‘zlashtirib olib, kamiga yashash uchun uy ham ko‘taribdi. Bosh prokuratura mas’ullari bu murojaatni ham nazoratga oldi. G‘uzorlik Juma va Jo‘rabek Hayitovlarning murojaatlaridan so‘ng tuman hokimligi bu aka ukaga takroriy ekin ekib, daromad topish uchun 1 gektar yer maydoni ajratib beradigan bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari ko‘rib chiqqan 131 ta murojaat bo‘yicha uch yigit ichki ishlar organlariga ishga qabul qilindi, 29 nafar fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi pasportini olish bilan bog‘liq muammolari hal qilib berildi. Qariyb 100 ta murojaat bo‘yicha mas’ullarga aniq muddatli topshiriqlar berilib, Prezident Xalq qabulxonasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Xususan, Dehqonobod tumanidagi “Bek Biyo Impeks” MChJ ish yurituvchisi Nasriddin Otaqulovning arz qilishicha, ularning korxonasiga tegishli 614 gektar yer maydoni tuman hokimi qarori bilan xatlov o‘tkazilmasdan olinib, boshqa klasterga berib yuborilgan. Holbuki ular 2018 yilda 3 ming gektar lalmi yerga kovrak urug‘i ekib, 20 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirgani va 350 ta mavsumiy ish o‘rni yaratganini da’vo qilishmoqda. Bu masala ham o‘rganilib, adolatli hal qilib beriladigan bo‘ldi.

Muborak tumani Yoshlik mahallasida istiqomat qiluvchi Ma’ruf Xusainov ham qabulga ko‘pning dardi bilan keldi. Uning arz qilishicha, hududdagi namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan uylar nihoyasiga yetkazilmay tashlab ketilgan. Chala bitgan uylarning egalari esa uch yildan buyon sarson. Vaholanki, uylarning boshlang‘ich to‘lovlari qoplangan, kreditlari ham oyma oy to‘lab borilyapti, lekin ishni chala qilib ketgan quruvchilardan darak yo‘q. Murojatchilarning quruvchi pudratchi hamda buyurtmachi qishloq qurilish invest tashkilotining mansabdor shaxslariga nisbatan ish materiallarini ko‘rib chiqish viloyat IIB Tergov boshqarmasi zimmasiga yuklatilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Ommaviy qabullar davomida viloyat hayoti bilan bog‘liq tizimli muammolar ham aniqlanib, ularni hal qilish uchun chora-tadbirlar belgilandi. Deylik, Shahrisabz tumani xalq ta’limi bo‘limi metodisti Dilmurod Tilavov bu qabulga taklif bilan keldi. Uning aytishicha, tuman markazidan 50-55 km uzoqda joylashgan 16 ta umumta’lim maktabi bor, ammo ulardan bor yo‘g‘i to‘rttasi eng olis maktablar ruyxatiga kiritilgan, qolgan 12 ta maktab ham bu ro‘yxatga qo‘shilsa, olis qishloqlarga qatnab dars berayotgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama to‘lash imkoni yaratiladi.

Murojaatdan so‘ng Prezident Xalq qabulxonasi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan birga shu murojaat asosida viloyatning barcha hududidagi xuddi shu muammolarni tizimlashtirib, bu masalani respublika darajasigacha ko‘tarib, ijobiy hal qilinishini ta’minlaydigan bo‘ldi.

Umumlashtirib aytsak, uch kun davomida Qashqadaryo viloyatining barcha hududi aholisi qamrab olingan ommaviy qabullarda 827 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 225 tasi joyida hal etildi, 228 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 374 ta murojaat nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar