"Iqtisodiy sharh" jurnali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikka qarshi kurashish va joylarda aholi hayotini bevosita yaxshilash maqsadida joriy etilgan yangi “mahallabay” tizimiga bag‘ishlangan yangi rukn ochmoqda. Unda siz hokimlarning mahallalardagi yordamchilari faoliyati bilan tanishib borasiz.
Yangi ruknning ilk intervyusi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Uyshun mahallasidagi hokim yordamchisi Sardor Abdullayev bilan bo‘ldi.
– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi joriy etildi, buning natijasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasi va bandligini ta’minlash mahalla darajasida amalga oshirila boshlandi, buning uchun barcha mahallalarda hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday ko‘rasiz va tushunasiz?
– Davlat rahbariga tayanch va suyanch, kamarbasta bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan hokim yordamchilari lavozimi joriy etilishi mahallada istiqomat qilayotgan har bir fuqaro va davlat o‘rtasida tet-a-tet muloqot o‘rnatilishi, ularning fikri, muammolari va kamchiliklari bo‘yicha yanada yaqindan tanishish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkonini yaratadi, bu esa xalqning yurtboshimiz tomonlaridan olib borilayotgan islohotlarga yanada ishonchini oshiradi deb o‘ylayman. Bejizga mahallalarda hokim yordamchisi lavozimiga o‘rta bo‘g‘im davlat xizmatchilari tayinlangani yo‘q, ular uyma-uy yurib, xar bir xonadonning holatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, iqtisodiy ahvoli bo‘yicha tahlil qilish imkoniyatiga, natijada haqiqiy ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, ayniqsa yoshlar va ayollarni ishga joylashtirish hamda imtiyozlarni to‘g‘ri va shaffof yetkazilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lishadi va har bir rahbarning pirovard maqsadi bo‘lishi lozim bo‘lgan, birinchi navbatda xalq farovonligini oshirish bo‘yicha chuqur tushunchaga ega bo‘lishadi. Men o‘z vazifamning mohiyatini davlatimizning mahalla aholisining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha siyosatiga mahalla darajasida ko‘maklashishda deb bilaman.
– O‘zingiz haqingizda batafsilroq gapirib bering. Bu lavozimga qanday o‘tdingiz, bunga qadar nima bilan shug‘ullangansiz, qayerda ishlagansiz? Yangi vazifalarni qanday uddalayapsiz? Yangi ishingiz sizga qoniqish keltiryaptimi?
– Men Abdullayev Sardor Sa’dulla o‘g‘li Chiroqchi tumanidagi Uyshun mahallasida hokim yordamchisi sifatida ish faoliyatimni boshladim. Bunga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida, shuningdek, Qarshi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat rahbari lavozimlarida ishlaganman. Har bir loyiha va ishlarni mahalla raisi, yoshlar yetakchisi va mahalla faollari bilan birgalikda maslahat qilgan holda amalga oshirmoqdaman. Har bir tashabbus ushbu faollar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Haqiqatdan ham har bir rahbar quyi tizimda ishlasa, xalq dardini tinglasa, ularga nafi tegsa va duosini olsa, albatta kelajakda yuqori marralarga erishishi mumkin ekan, ushbu haqiqatga men mahallada ishlab amin bo‘lmoqdaman.
– “Mahallabay” ish tizimi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining o‘zaro yaqindan hamkorligiga mo‘ljallangan. Ushbu aloqa qanday yo‘lga qo‘yilgan? Mahalladagi faoliyatingizda tuman, viloyat va respublika tomonidan qo‘llab-quvvatlashni sezyapsizmi?
– Hokimlik bilan aloqalar yaxshi o‘rnatilgan. Biroq, kamchiliklar kuzatilmoqda. Ayniqsa, mahalladagi muammo va takliflarni ko‘rib chiqishda. Taklifim: onlayn platformaga hokim yordamchilari tomonidan bildirilgan taklif va muammolar bo‘limini qo‘shish va tumandagi mutasaddi tashkilotlarni ham ulash orqali ortiqcha ovoragarchiliklar bartaraf etiladi. Hozircha Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali ishlayapmiz.
Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha master klass va seminarlar muntazam ravishda tashkil etilib borilmoqda, odamlarning tadbirkorlikka qiziqishi ortgan va munosabati o‘zgarmoqda.
– Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida hokim o‘rinbosarlarining faoliyati to‘g‘risida ma’lumot beruvchi platforma yaratilmoqda, u orqali mahalla fuqarolari o‘z muammolarini hal qilishlari mumkin bo‘ladi. Siz shaxsan aholi bilan qanday muloqot qilyapsiz? Murojaatlar ko‘pmi?
– Elektron platforma ishimiz samaradorligini yanada oshirgan bo‘lar edi. Lekin qishloqlarda ko‘p fuqarolar elektron qurilmalardan foydalanishni bilishmaydi. Mahalla fuqarolari murojaati asosan xizmat xonasida ko‘rib chiqilmoqda va telefon orqali tushuntirish berilmoqda. Murojaatlarning asosiy mazmuni moddiy yordam ajratish to‘g‘risida. Tuman pensiya bo‘limiga borib-kelish aholi uchun ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarib, norozilik bildirilmoqda. Taklif: Hokim yordamchisi uchun onlayn mahalla platformasiga moddiy yordam, bola puli va boshqa ijtimoiy to‘lovlarga ariza topshirganlik holatini ko‘rib chiqishni, qachon elektron tizim orqali javob berilishi yoki rad etish sabablari to‘g‘risida ma’lumotlarni onlayn ko‘rish funksiyasini qo‘shish. Ushbu funksiya orqali aholiga tezkor javob beriladi.
– Qaysi oilalar yordamga muhtojligini aniqlash maqsadida mahallada tadqiq va so‘rovlar o‘tkazyapsizmi? Qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarni qanday aniqlamoqdasiz? Kambag‘al va zaif qatlamlar qanday mezonlarga ko‘ra aniqlanmoqda?
– Uyshun MFYdagi 810 ta xonadonda 1 251 nafar oila istimoqat qilib, mahallaning doimiy aholisi soni 4 832 nafar kishiga teng. Iqtisodiy faol aholi soni 1 470 nafarni, ishsizlar soni esa 520 nafarni tashkil qiladi. Mahalla aholisining 62 nafari xorijda mehnat faoliyatini olib boradi. Ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 101 tani (shundan, xizmat ko‘rsatish sohasida 41 ta) tashkil qiladi.
Mahalladagi 77 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga, 4 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Shuningdek, mahallada 26 nafar nogironlik belgisi mavjud fuqarolar ham istiqomat qiladi.
Albatta, xar bir xonadonga uyma-uy kirib chiqyapman. Kambag‘allik mezoni yashash sharoiti, mehnatga qobiliyati va ishga layoqatliligi va mahalladagi faollar ishtirokida o‘rganilmoqda. Tezkor ravishda yordamga muhtoj 25 ta ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni aniqlab oldim.
– O‘tkazilgan tadqiq va so‘rovlar natijalari haqida gapirib bering. Mahallangizdagi kambag‘allikning bugungi holatini ta’riflab bera olasizmi? Kambag‘allikka olib kelayotgan asosiy muammolar va sabablar nimada?
– Mahallada har bir xonadonda o‘rtacha 6 nafardan aholi yashaydi. Aholi tarkibida voyaga yetmaganlar soni 1 159 nafar (jami aholiga nisbatan 24%), bog‘cha yoshidagilar soni 280 nafar (6%) ni, pensionerlar soni 868 nafar (18%)ni tashkil qiladi.
Mahallada 26 nafar nogiron fuqarolar mavjud bo‘lib, 3 nafari – 1 guruh, 17 nafari – 2 guruh, 6 nafari – 3 guruh toifasiga mansub.
Mahallada oliy ma’lumotlilar 225 ta, o‘rta-maxsus ma’lumotga egalar soni 1 150 tani tashkil etadi.
Xonadonbay o‘rganish orqali aholining kambag‘allik domiga tushib qolishiga bir qator sabablar mavjudligini aniqladim. Birinchi va eng katta sabab sifatida, uy xo‘jaliklarining ta’lim olishga bo‘lgan munosabatida farqlarning mavjudligidir. Masalan, kam ta’minlangan oilalarda ta’lim olishga uncha katta e’tibor qaratilmaydi, ota-onalar ta’lim olishdan keladigan haqiqiy foydani past darajada deb hisoblaydi. Mening fikrimcha, ta’lim tizimi uzoq kelajak uchun qo‘yilgan investitsiyaning bir ko‘rinishidir. Ota-onalar bolalari uchun investitsiya qilib kelajakda ularning yaxshi ishga kirib yaxshi daromad olishi orqali xarajatlarini qoplash imkoniga ega bo‘ladi. Kuzatishlar orqali olgan aniqroq xulosalarimga keladigan bo‘lsak, oilasida oliy ma’lumotli yoki aniq kasbga ega bo‘lgan fuqarolar mavjud bo‘lgan xonadonlarning daromadi turmush tarzi oliy ta’limga yoki aniq kasbga ega bo‘lmagan xonadonga nisbatan kamida 2-3 barobar yuqoridir. Shuningdek, oila boshlig‘i oliy ma’lumotli yoki kasbga ega xonadonlar farzandlarining ta’lim olishiga bo‘lgan munosabati mutlaqo boshqa holatdadir.
Ikkinchidan, mahalla aholisi bir necha 100 yillardan buyon chorvachilik va qisman dexqonchilik bilan boshlang‘ich darajada shug‘ullanib keladi va aksariyat hollarda, ming afsuski, juda ko‘pchilik o‘z tirikchilik manbaini o‘zgartirishni, tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlarida sinab ko‘rishni xohlamaydi.
Mening fikrimcha, ushbu holat ham ko‘proq ta’lim va ilm darajasiga bog‘liq. Aholida ta’lim va ilmning yetishmasligi tadbirkorlik qilishga uquvning pastligi va mavjud imkoniyatlardan foydalanishga risk qilishdan qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Qachonki biz odamlarning dunyoqarashini ta’lim va tarbiya orqali o‘zgartira olsakgina, ishsiz, kambag‘al, muhtoj degan tushunchalarni jamiyatimizdan chiqara olamiz.
Yana bir muammoni aytib o‘tish lozimki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan eng quyi pog‘onada tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmasdan oldin, mahallada hech kim ushbu masalalar bilan shug‘ullanmagan. Shu paytgacha tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki beradigan sohalarni rivojlanmaganligi natijasida yoshlar dexqonchilik boshlanadigan fasllarda chet elga ishlashga ketib qolishi kuzatilgan.
Lekin, agarda maqsadni to‘g‘ri qo‘yib, ilm asosida aholini tadbirkorlik qilish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltira olsak, bizning mahallada barcha fuqarolar uchun ish o‘rni va daromad manbaini yaratishga imkoniyat mavjud.
Aholining o‘z salomatligini saqlash, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha yetarlicha tushunchalarga ega emasligi ham kambag‘allikni keltirib chiqaridagan omillardan biri deb hisoblayman. Masalan, mahalladagi 530 nafar yoshi katta aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari mavjud bo‘lib, ushbu kasalliklarning asosiy kelib chiqish sababi nosog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik bilan bog‘liqdir
Shuningdek, to‘y-hasham va boshqa tadbirlar uchun keskin isrofgarchilik bilan, kimo‘zarga xarajatlarga yo‘l qo‘yish aholini kambag‘allik domiga tortadigan sababdir. O‘rtacha oladigan bo‘lsak, bitta to‘y xarajatlari uchun kamida 50-60 mln so‘m mablag‘ sarflanayotganligi, bir kunlik orzu-havas uchun muhtoj oilalarni qarz olishga undayotganligiga jim qarab turib bo‘lmaydi. Bu borada, mahallalar oqsoqollari bilan tushuntirish ishlarini olib borishimiz, to‘y xarajatlarini imkon boricha qisqartirib, aholining daromadini sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash uchun yo‘naltirish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.
– Mahallangizda oziq-ovqat xavfsizligi, aholining zarur va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan arzon ta’minlanishi qay darajada? (kam ta’minlangan oilalarda zarur oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish bo‘yicha tizimli monitoringi/o‘lchovi mavjudmi?).
– Mahalladagi xonadonlarda o‘rtacha 30 sotixdan 1 gektargacha tomorqa yer maydoni mavjud bo‘lib, aholi tomorqalarida aksariyat holatlarda chorva uchun ozuqa ekinlari ekilishini aniqladim. Shuningdek, mahallada bor-yo‘g‘i 5 ta xonadonda issiqxona mavjud ekan. Tushuntirish va targ‘ibot orqali aholi xonadonlarida oziq-ovqat ekinlarini ekish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshladik. Mahalladagi Shavkat Erkayev o‘z xonadonida issiqxona usulida qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, yiliga o‘rtacha 35-40 mln daromad topadi. Ushbu xonadonni boshqalarga namuna qilgan holda aholi tomorqasida issiqxona tashkil qilish orqali ham sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va barqaror daromad manbaiga erishish bo‘yicha ishlar boshlangan. Agarda aholini tomorqa maydonlaridan unumli foydalanishini yo‘lga qo‘ysak, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zimizni-o‘zimiz ta’minlash bilan birgalikda, daromad manbaiga ham ega bo‘lamiz.
– O‘z ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday innovatsion va noodatiy usullarini qo‘lladingiz? Ushbu xonadonlar bilan ishlash natijalari haqida batafsilroq so‘zlab bering.
– Shaxsiy tajribam va kuzatuvlarim asosida shunday xulosaga keldimki, faqat kredit yoki subsidiya mablag‘lari ajratish aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun yetarli bo‘lmaydi. Shuning uchun, kambag‘al uy xonadonlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha eng avvalo ishni ularni tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari va kasblarga o‘qitishdan boshlayapmiz. Qaysi tumanda yoki viloyatda tadbirkorlikning serdaromad yo‘nalishi bo‘lsa, fuqarolarni tajriba o‘rganishga olib boryapmiz, tajribali tadbirkorlar faoliyati, biznes g‘oyalar, amaliy seminarlar tashkil qilyapmiz.
Masalan, har bir aholi xonadonida o‘rtacha 2-3 tadan chorva mollari mavjud bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida ushbu soha bo‘yicha xomashyo-tayyor mahsulot zanjirini to‘liq amalga oshirish tushunchalari mavjud emas. Bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rgangan holda chorva mollarining har bir xomashyosini yakuniy mahsulotga aylantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni boshladim. Xususan, chorva mollari suyagidan suyak uni ishlab chiqarish, ichagidan tibbiyotda ishlatish uchun mo‘ljallangan ketgut ipini ishlab chiqarish, terisidan tayyor mahsulotlari, hattoki go‘nggidan biogumus olish loyihalarini yo‘lga qo‘yishni boshladik. Ekologik toza bo‘lgan biogumus o‘g‘iti aholi xonadonlariga qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi bilan birgalikda, hosildorlikni o‘rtacha 2-3 barobarga oshirishiga aholi tomonidan juda katta qiziqish bildirildi.
Shuningdek, mahalla aholi xonadonlaridagi uy-xayvonlaridan kunlik o‘rtacha 1,5 tonna sut olinadi, bu esa sutdan qiymat qo‘shilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatini beradi. Shu sababli, 3 ta xonadonda qurut mahsulotlarini kooperatsiya asosida ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 8 nafar xotin-qizlarga o‘z uylarida qurut tayyorlash o‘rgatilib, tayyor mahsulotni viloyatning Shaxrisabz, Kitob, Yakkabog‘ tumanlari va Samarqand viloyatiga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Yaqin kunlarda ushbu xonadonlarda brinza mahsuloti ishlab chiqarish va qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishi hisobga olinsa, mahallada veterinariya shoxobchasinig mavjud emasligi ularni ushbu xizmatdan foydalanish uchun tuman markaziga borishga majbur qilar edi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida Uyshun MFYda birinchi veterenariya shoxobchasi tashkil etildi va veterinariya xizmati, konsultatsiya va vet dorixona xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Hozirda veterinariya shifokori mustaqil ravishda uy hayvonlarida jarrohlik amaliyotini amalga oshirmoqda va aholi uchun tuman markaziga borishga hojat qolmadi.
Bundan tashqari, mahallada “Agro ximiya unuversal xizmati” MChJ tomonidan aholi chorvasi uchun yem va tomorqa ekinlari uchun kimyoviy o‘g‘itlar sotish shoxobchasi tashkil etildi. Bundan tashqari, yaqin oylarda tadbirkorlik sub’yekti tomonidan granulali yem ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘yish va 3 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Daromad keltiruvchi boshqa faoliyat turlarida aholi bandligini ta’minlash maqsadida mahalladagi bo‘sh turgan Qorako‘lchilik uyushmasiga qarashli eski garaj binosida Qarshi shahridagi “Sanam” tikuvchilik fabrikasi bilan hamkorlikda “Uyshun tekstil chevarlari” oilaviy korxonasi tashkil etilib, mahalladagi “Temir daftar”da bo‘lgan 20 nafar ayollar uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
Bandlik jamg‘armasi subsidiyalari hisobiga kam ta’minlangan oilalardagi 10 nafar ayollardan iborat tikuvchilik kooperatsiyasi tuzildi. Shu joyni o‘zida tikuvchilik va gilam to‘qishga o‘qitish bo‘yicha Bandlik boshqarmasi markazi tashkil etilgan. Tikuvchilik kasbini egallagan ayollar kooperatsiya asosida tikish ishlarini amalga oshiradi. Gilamchilik bo‘yicha ko‘nikmaga ega ayollar uchun esa jun yarim tayyor mahsulotidan jun gilam to‘qish yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini o‘zini-o‘zi band qilish ishlarini tashkil qilishda boshqa hududlarda amalga oshirilgan ijobiy ishlarni o‘z hududimga joriy qilish qilish bo‘yicha ham bir qator ishlarni amalga oshirmoqdaman. Xususan, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tajribasi asosida 7 ta xonadondagi 1,3 gektar tomorqalarda 16 ming dona manzarali ko‘chatlar va 500 dona pavloniya daraxti ko‘chatlarini ekish bilan 10 nafar fuqaro uchun o‘zini o‘zi band qilish orqali ish o‘rinlarini yaratdim. Shahrisabz tumani Yangi qishloq mahallasi tajribasi asosida 5 ta xonadonda biogumus yetishtirish tashkil qilindi va ushbu xonadon egalarining bandligi ta’minlandi.
Mahallamizda yer osti suvlari tarkibi chuchuk bo‘lib, mutaxassislar fikricha, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar mavjud. Shundan kelib chiqqan holda, Qarshi tumani tajribasi asosida Uyshun mahallasida birinchi marta intensiv usulda baliq yetishtirish tajribasi joriy qilindi. Hozirgi kunda 1 ta xonadonda 4 000 dona sazan balig‘i yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, mahalladagi boshqa xonadonlarda ham tadbirkorlikning ushbu turini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlangan.
Yil oxirigacha oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha 30 ta 1,5 mlrd so‘mlik, hududiy dasturlar bo‘yicha 5 ta 21 mlrd so‘mlik loyihalar yo‘lga qo‘yiladi hamda 647 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Mahallada aholi boqayotgan chorva va parrandalarning go‘shti, suti, juni, teri, ichak, patini qayta ishlash hamda parranda, baliq va chorva uchun ozuqa yem ishlab chiqarish, shuningdek chorva go‘nggidan biogomusni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha lider tadbirkorlar bilan birgalikda yo‘l xaritasi ishlab chiqdim.
Ushbu ishlarni kooperatsiya asosida tashkil qilib, aholidan uyida boqayotgan uy hayvonlari va parrandalarini sotib olib, mahalladagi 70 ta xonadonga o‘rtacha 2,5-3 mln so‘mdan daromadga ega bo‘lishini hamda ushbu qayta ishlash sexlarida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishini ta’minlash rejalarimiz bor.
– Mahallangizdagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash uchun nima ishlar qilmoqdasiz? Ushbu muammolar qanchalik hal etilmoqda?
– Mahallada 2 ta umumta’lim maktabi o‘rganib chiqildi. 2 ta umumta’lim maktabida quvvatdan foydalanish darajasi ortgan. Jumladan, 63-maktabda 620 o‘rinli binoda 876 ta o‘quvchi (1,41%) ta’lim olsa, 75-maktabda 210 o‘rinli binoda 373 ta o‘quvchi (1,77%) ortiqcha sig‘imlarda ta’lim olmoqda. Maktablarga optik tolali internet tarmog‘i 2021 yilda tortilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar internetga ulanmagan. Joriy yilda maktabda ta’lim sifatini yaxshilash, muammolarni hal qilish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yganman.
Shu paytgacha mahallada yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlaydigan, ularni kasbga o‘rgatadigan maskanlar bo‘lmagan. Shundan kelib chiqqan holda, mahallada ilk o‘quv markazi tashkil etishda bosh-qosh bo‘ldim. Toshkent shahrida “Ziyo ta’lim” faoliyat ko‘rsatayotgan o‘quv markazining filiali “Renessans 3” nomi bilan tashkil etildi. 2 nafar tadbirkorga qarashli binoning ikkinchi qavatlari o‘quv markazi sifatida foydalanish uchun bepul berilib, o‘qitish uchun zarur jixozlar bilan ta’minlandi. O‘quv kurslarida oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlarni tayyorlash, matematika, tarix, ona tili va adabiyot, mental arifmetika fanlari dars berilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu o‘quv kurslariga muhtoj oilalarning farzandlari imtiyozli ravishda ta’lim olishmoqda.
Shuningdek, ota-onalarning talablari va qiziqishlarini inobatga olib, Qarshi shahridan o‘qituvchilar ingliz tilidan dars berish uchun markazga kelishmoqda. Natijada, aholi uchun farzandlarining uzoq hududlarga ortiqcha sarf xarajatlari va ovoragarchiliklari bartaraf etilib, mahallaning o‘zida bilim olishlari uchun imkoniyat yaratildi. Bugungi kunda kunlik qamrov 100 nafar yoshlarni tashkil etadi.
O‘rganishlar orqali mahallada kompyuter savodxonligi va xorijiy tillar kurslariga ehtiyoj mavjudligini aniqladim. Chiroqchi tumanidagi xorijiy korxonada faoliyat olib borayotgan hindistonlik mutaxassis Shaikat Bharatjeeni jalb qilgan holda, yaqin kunlarda mahallada IT va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etmoqchiman.
Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha mahallada yagona oilaviy shifokorlik markazi o‘rganib chiqildi. Markaz yangitdan ta’mirlangan va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarga ega. Mahallaga chegaradosh Gulobod, Nurobod, G‘allachi, Oqtosh, Oqoltin, Yashnobod, Beshbuloq mahallalaridagi aholi uchun tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyoj soni ortmoqda. Shifoxonaning tug‘ruq bo‘limida akusher ginekolog mutaxassisi bir necha yillardan beri yo‘q. Aholi tuman markaziga yoki Qarshi shahriga qatnab, ortiqcha sarf-xarajatdan norozilik bildirmoqda. Ma’lumot uchun: shifoxona joylashgan Beshchashma hududida 12 ta mahallada 60 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Tuman markazidan uzoqligi 25 km.
– Mahallada mehnatingizga munosabat qay darajada o‘zgardi, aholining ishonchi oshdimi? Aholining og‘irini yengil qilish ishlariga qanday hissa qo‘shdingiz?
– Uyshun mahallasida ota-bobomlar istiqomat qilishgan, dastlab ish boshlashdan oldin mahalladagi oqsoqollar, mahalla faollari bilan uchrashdim va tanishib, ularning duosini oldim.
Mavjud tadbirkorlik sub’yektlarining har biri bilan uchrashib, kelgusida tadbirkorligini kengaytirish uchun mavjud to‘siq va muammolarini bartaraf qilish bo‘yicha maslahatlashishdan boshladim. Mahalla aholisi va tadbirkorlar davlat xizmatlari markazi va bank xizmatlaridan foydalanish uchun tuman markaziga qatnov (40 km) transport va vaqt nuqtai nazaridan noqulayliklarni keltirib chiqarayotganligini bildirishgan. Shundan kelib chiqqan holda, 12 ta mahalladagi 60 mingdan ortiq aholi va 500 ga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari uchun Uyshun mahallasi hududida Davlat xizmatlari markazi Chiroqchi tuman bo‘limining filialini tashkil etishda ishtirok etdim.
Ta’mirtalab bo‘lgan, Qoraboy xoji qabristonida obodonlashtirish ishlari tashkil qilindi. Xususan, 1000 metr qabriston devori qayta qurilib, aholi tomonidan hashar ishlari tashkil qilindi. Shuningdek, manzarali ko‘chatlar ekildi. Tadbirkorlar va faollar ishtirokida mahalladagi 1,2 km ichki yo‘l tekislanib, tosh va qum yotqizildi. Mahallaga yangi kirish darvozasi qurib bitkazilib, mahalla markazidagi tungi chiroqlar ishlatildi.
– Faoliyatingizni yanada samaraliroq amalga oshirish uchun sizga yana qanday amaliy-metodik yordam kerak?
– Men o‘zim ham rivojlangan davlatlarning qanday qilib odamlarni kambag‘allikdan olib chiqqanlariga juda qiziqaman va bu bo‘yicha ko‘plab maqolalarni o‘qib boraman. Albatta har bir hudud o‘ziga xos xususiyatga ega va individual yondashuvni talab etadi, bizning vazifamiz esa aynan bizga biriktirilgan mahallaga mos yo‘nalishni tanlay olishda, bu uchun esa bizdan bilim va tajriba talab etiladi. Xorijda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha turli eksperimentlar o‘tkazilib boriladi, shularni natijalarini biz ham olsak, o‘rgansak bizga nafi tegardi.
Bundan tashqari, faoliyatimiz davomida aholining yordamga muhtoj qatlamini aniqlab olish, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha xorijiy davlatlarda amalga oshirilgan tajribalarni o‘zida aks ettirgan uslubiy materiallarga ehtiyoj sezilmoqda. Shuningdek, mana shu masalalar bo‘yicha barcha hokim yordamchilari uchun seminar-treninglar tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu bilan birga, kambag‘allik darajasi, muhtoj qatlamni aniqlab olishda so‘rovnomalar o‘tkazish va ularning natijalarini umumlashtirish bo‘yicha ham amaliy yordam ko‘rsatilsa yaxshi bo‘lar edi.
– Tajribangizdan kelib chiqib, aytingchi, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nima ishlar qilish kerak? Bu borada takliflaringiz bormi?
– Ushbu lavozimga qadar men Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida, Qarshi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat rahbari lavozimlarida ishlaganman va mehnat faoliyatim davomida orttirgan tajribamdan kelib chiqib, avvalambor mahalla aholisini tadbirkorlikka qiziqishini yanada oshirish, mahalla imkoniyatlariga mos biznes loyihalar ishlab chiqish va tashabbuskorlarni topib, ularga mazkur loyihalarni amalga oshirishga yordam berishni reja qilganman. Buning natijasida mahallada yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi va ishsizlik darajasi kamayadi.
– Janubiy Koreya va AQShning 60–70 yillardagi muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan loyihaning birinchi ishtirokchilaridan biri sifatida nimani his qilmoqdasiz?
– Yangi O‘zbekiston mamlakati qurilishida ishtirok etish imkoniyati berilgani va ushbu bildirilgan ishonch menga ulkan mas’uliyat va motivatsiya berdi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yagona yo‘limiz tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish. Niyatim, qisqa fursatlarda mahalladagi barcha fuqarolarni o‘z hududimda ish o‘rni, daromad manbai bilan ta’minlash, yoshlarni o‘qitish ishlarini jonlashtirishdir.
Mamlakatda / Ustuvor masalalar
Jamoliddin Turdimov,
Anvar Qobilov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2022
Izoh qoldirish