So‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va davlat boshqaruvi tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish birinchi navbatda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi, shu bilan birga ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘ztkazilishi, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizdagi eng asosiy og‘riqli muammolardan biri – korrupsiya illatiga barham beradi.
Elektron Hukumat – raqamli texnologiyalar yordamida davlat idoralari samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini onlayn tarzda taqdim qilinishiga aytiladi. Biroq, bu tushuncha hozirda yanada kengayib bormoqda. Jumladan, elektron hukumatning markazlashgan tizimi yordamida to‘plangan katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etish orqali yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizning sohaga oid xalqaro reyting ko‘rsatgichlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi 4 yil ichida elektron hukumatni rivojlantirish xalqaro reytingida «Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi»ning samaradorlik ko‘rsatkichi (0-1 oralig‘ida) 0,54 balldan 0,67 ballga ko‘tarildi va hozirda 87-o‘rinni egallamoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar reytingida (Open Data Inventory) 63 ball yig‘ib, qariyb 125 pozitsiyaga yuqoriladi, hamda jahon bo‘yicha 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Hozirgi kunda Internet tarmog‘ida my.gov.uz domeni ostida O‘zbekistoni Respulikasi yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda Yagona portal deb ataladi) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yagona portal bir darcha tamoyili ostida yaratilgan bo‘lib, unda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar 19 yo‘nalishda jami 218 turdagi davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanishi mumkin. Bunda Yagona portal tomonidan taqdim qilinadigan davlat xizmatlarining 25 foizi avtomatlashtirilgan bo‘lsa, qolgan 75 foizi yarimavtomatik tarzda ishlamoqda.
Joriy yilda eng ko‘p foydalanilgan xizmatlarga qo‘ydagilar kiradi:
Xizmatlar nomi | Foiz |
Tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt (shartnomalar) ma’lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish | 17% |
O‘zbekiston Respublikasi hududiga temiryo‘l transport vositasi orqali olib kirilayotgan yuk haqida ma’lumot olish | 16% |
Tovarlarni elektron deklaratsiyalash | 12% |
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini avtomobil transportida olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan Davlat bojxona xizmati organlariga oldindan elektron ma’lumot taqdim etish | 10% |
Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnoma olish | 6% |
Chet el tovarlarining harakatiga bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash haqida habarnoma berish | 5% |
Yagona portalda aksariyat xizmatlar bepul taqdim qilinishiga qaramay, hozirda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuchilari soni 362,3 ming kishini tashkil etmoqda, bu esa atiga 1,6 foiz internet foydalanuvchilaridir.
2020 yilda O‘zbekiston Respulikasida jami internetdan foydalanuvchilar soni 22,5 mln. kishini tashkil etmoqda, shundan 86 foizi mobil internet foydalanuvchilar hisoblanadi.
Yagona portalning hozirgi kundagi asosiy muammolaridan biri sifatida shaxslarni raqamli identifikatsiya qilish tizimi murakkabligidadir. Shuningdek, mobil ilovalarning mavjud emasligi bu kabi xizmatlarning aholi orasida ommalashmasligiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari hozirgi kunga qadar davlat idoralarining 700 dan ortiq axborot tizimi mavjud bo‘lib, ularning atiga 30 foizi “Elektron hukumat” tizimiga ulangan va 80 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralardan 27 tasi Davlat xizmatlari agentligiga integratsiya qilingan. Soha oid ishlarni jadallik bilan amalga oshirmasak, Prezidentimiz ta’kidlaganidek har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi.
“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq “Elektron hukumat” tizimini yanada takomillashtirish maqsadida jami 1,3 trln. so‘mni tashkil qiluvchi 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektoriga oid jami 5,3 trln. so‘mdan iborat 87 ta loyiha, telekommunikatsiya sohasiga oid 15,1 trln. so‘mlik 35 ta loyiha, agrar sohaga oid 24 ta loyiha va IT-parklarga bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilandi.
Xususan, elektron hukumatni yanada rivojlantirishga oid loyihalarning ijrosini sarhisob qiladigan bo‘lsak, bugungi kunga kelib 104 ta loyihalarning o‘rtacha yakunlanganlik darajasi 51 foizni tashkil etadi. Shulardan 2020 yil oxirigacha 30 dan ortiq loyihalar yakunlanishi kutilmoqda. 2022 yil yakunida esa “Elektron hukumat”ga oid 104 ta axborot tizimlarining barchasi my.gov.uz – yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilinadi. Bunda Yagona portal tomonidan taqdim qilinadigan elektron davlat xizmatlari ulushi 60 foizgacha oshadi. Bundan tashqari 2021 yil 1 yanvardan boshlab ID-kartalarning joriy qilinishi “Elektron hukumat” tizimida ro‘yxatdan o‘tish va shaxslarni raqamli identifikatsiya qilish jarayonini axborot xavfsizligini ta’minlagan holda soddalashtirish imkoniyatini yaratadi.
Xulosa o‘rnida shu aytishimiz mumkinki, yurtimizda elektron hukumatni keng joriy etilishi, avvalo, xalqimiz manfaatlari uchun xizmat qiladi. Bu esa yurtdoshlarmizning davlatmizga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Izoh qoldirish