O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich bilan uchrashdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, Belarus kompaniyalarining Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida eko-uylar qurish imkoniyatlariga oid masalalarni muhokama qildi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ikki tomonlama turizmni rivojlantirishga doir hukumatlararo kelishuv tayyorlanmoqda.
Mazkur kelishuv joriy yilning 16-18 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan.
Kelishuv ikki tomonlama turistik salohiyatni targ‘ib qilish hamda O‘zbekistondan Belarusga va Belarusdan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilishga yo‘naltiriladi. Hujjatda, shuningdek, O‘zbekistonning tog‘-chang‘i kurortlarini targ‘ib qilishga hamda mamlakatimizning investitsion loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Izoh qoldirish