Birjada benzin va shakar narxi ko‘tarildi, sement narxi ichki talabning o‘sishiga qaramay tushdi

Birjada benzin va shakar narxi ko‘tarildi, sement narxi ichki talabning o‘sishiga qaramay tushdi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 21 – 27 iyun kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 847,5 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,4% ga ortiq, deyiladi O‘zRTXB axborot xizmati xabarida.

Bunda sotuvlarning:

- 87,9% - birja savdolari;

- 1,3% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari;

- 10,4% - elektron davlat xaridlari;

- 0,4% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri kelgan.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 670,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 34,2 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejalgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 770 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,3 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning:

- 10,5% birinchi toifadagi avtoraqamlarga;

- 14,6% ikkinchi;

- 9,0% uchinchi;

- 12,7% to‘rtinchi;

- 16,9% beshinchi;

- 36,3% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 623,9 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Shakar

Birjaning shakar bozorida narxlar biroz o‘sdi. Hafta davomida birja savdolariga 12 790,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan barcha hajmi, ya’ni 100% sotildi. O‘rtacha xaridorlar soni 149 kishini tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 650,4 ming so‘mdan 7 704,0 ming so‘mgacha, ya’ni 1% ga o‘sgan.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 7 716,6 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

Birjaning sement bozorida ichki talabning o‘sishiga qaramasdan narxlar pasayishni davom etmoqda. O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 303 029,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 183 639,0 tonnasi, ya’ni 60,6% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 36,7 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 533,6 ming so‘mdan 521,0 ming so‘mgacha, ya’ni 2,4% ga pasaydi.

Benzin

O‘tgan haftada birjada avtomobil benzinining narxi biroz ko‘tarildi. Narxlarning oshishiga sotuvchi-korxonalar tomonidan boshlang‘ich narxlarning ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.

Xususan, ko‘rib chiqilayotgan davrda sotuvchi-korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 6 863,3 ming so‘mdan 6 970,8 ming so‘mgacha ko‘tarishdi.

Shu munosabat bilan, AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6 958,6 ming so‘mdan 7 047,1 ming so‘mgacha ko‘tarildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 7 010,6 ming so‘mni, AI-91 – 8 158,6 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi PQ-4664-son qaroriga muvofiq «O‘zbekneftgaz» AJ tasarufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan avtomobil benzinining boshlang‘ich narxlari, jahon birjalardagi Brent neftining kotirovkalaridan kelib chiqib shakllanadi.

Turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar