Birjada shakar va paxta yog‘ining narxi tushdi

Birjada shakar va paxta yog‘ining narxi tushdi

2020 yil 26 oktyabr – 1 noyabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 239,8 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 7,9% ga kam, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, sotuvlarning 88,1% - birja savdolari, 3,3% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 8,2% - elektron davlat xaridlari va 0,5% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri kelmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 424,4 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 21,6 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejab qolingan.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 259 ta avtoraqamlar sotilgan bo‘lib, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,0 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,1% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 10,9% ikkinchi, 14,5% uchinchi, 13,7% to‘rtinchi, 21,5% beshinchi va 35,3% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 091,9 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 3 737,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 2 194,0 tonnasi, ya’ni 58,7% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 187 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13 669,2 ming so‘mdan 13 064,8 ming so‘mgacha, ya’ni 4,4% ga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 13 855,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Birjaning shakar bozori nisbatan barqarorlashdi. Hafta davomida birja savdolariga 5 245,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 4635 tonnasi, ya’ni 88,4% sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 867,8 ming so‘mdan 6 198,7 ming so‘mgacha, ya’ni 9,7% ga pasaygan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 6 341,6 ming so‘mni, import qilingan 3-kategoriyali shakarning haftalik kotirovkasi esa 6 668,5 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

Birjaning sement bozorida narxlarning pasayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Hafta davomida birja savdolariga 236 544,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 226 212,0 tonnasi, ya’ni 95,6% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 45,2 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 557,8 ming so‘mdan 543,7 ming so‘mgacha, ya’ni 2,5% ga pasaygan.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 28 403,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 18 636,8 tonnasi, ya’ni 65,6% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 53 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 938,1 ming so‘mdan 4 944,7 ming so‘mgacha, ya’ni 0,1% ga sezilarsiz ko‘tarildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 4 920,5 ming so‘mni, AI-91 – 5 473,0 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar