O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 aprel kuni qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hozirgi global inqiroz va pandemiya sharoitida aholi bandligi va daromadini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xo‘jaligi eng ko‘p imkoniyatga ega soha hisoblanadi.
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga yetadi.
Mamlakatimizda ichki talabni to‘liq ta’minlash bilan birga eksportni oshirish uchun ham katta imkoniyatlar bor. So‘nggi uch yilda sohada manfaatdorlikni oshirish, oddiy qilib aytganda, dehqon va fermerni boy qilish uchun barcha masalalar hal qilib berildi. Endi mutasaddi rahbarlaru mirishkorlar ham hosil va daromadni ko‘paytirish uchun yangicha ishlashi zarur.
Bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun katta sinov va keng imkoniyatlar yili bo‘ladi. Pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qat’i nazar, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji kamaymaydi. Shu bois meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Yig‘ilishda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ bu borada yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Bog‘ va tokzorlarda qator oralari, takroriy maydonlarning har bir qarichidan samarali foydalanib, 2-3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik hamda Uzumchilik agentliklari sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlar ekilishini tashkil etish uchun mas’ul etib belgilandi.
Ichki ishlar vazirligiga karantin qoidalariga amal qilgan holda, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq avtotransport vositalarining erkin harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Mahsulot hajmini oshirish uchun joriy yilda 124 ming gektar oborotdan chiqqan yerlarni to‘liq o‘zlashtirish lozim.
Bugungi kunda Baxmal tumanida 3 ming gektar, Qo‘shrabot tumanida 5 ming gektar, Beshariq tumanida 2 ming gektar oborotdan chiqqan yerda quduqlar qazilib, bog‘ va tokzorlar barpo qilish boshlangan. Bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, suv chiqarib, lalmi yerlarni o‘zlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu maqsadlar uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamg‘armalariga 300 milliard so‘m ajratiladi. Tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar, issiqxonalar aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha lizing asosida beriladi.
Yana bir yo‘nalish – o‘zlashtirilgan yerning ijara huquqi muayyan oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 5-10 yilga sotiladi. Bundan tushgan mablag‘ yangi yerlarni o‘zlashtirishga sarflanadi.
Yig‘ilishda urug‘lik va mineral o‘g‘itlar ta’minoti muammosi ham tahlil qilindi.
Bugungi kunda ekin urug‘larining 25-30 foizi xorijdan olib kelinadi, qolgan qismi esa dehqonlar tomonidan turlicha tayyorlanadi.
Xitoyda eksportbop dukkakli ekinlardan 30-40 sentner hosil olinsa, O‘zbekistonda 20 sentnerdan oshmaydi, ayrim hududlarda esa 7-8 sentnerni tashkil qiladi, xolos.
Pandemiya sharoitida urug‘liklar ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi kerakligi aytib o‘tildi.
Har yili mamlakatimizga 300 ming tonnaga yaqin kartoshka, shuningdek, 10-15 ming tonna urug‘lik kartoshka chet eldan olib kelinadi. Shu bois Qo‘rg‘ontepa, Baxmal, Zomin, Shahrisabz, Kitob, Yangiqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Bo‘stonliq tumanlari urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilishi belgilandi.
Tizimdagi yana bir muammo – meva-sabzavot yetishtirish uchun 255 ming tonna fosforli, 290 ming tonna azotli o‘g‘it yetishmaydi. Shuningdek, o‘g‘itlarning birja savdolari orqali sotilishi ham dehqonlarga qator qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.
Shu bois “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda o‘g‘it do‘konlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
– Ekinlarni ekishga oz muddat qoldi. Bu ishlarni o‘n kun ichida yakunlamasak, keyin kech bo‘ladi. Mablag‘ bo‘lmasa, ekin ham bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan kelib chiqib, meva-sabzavot yetishtirish va sotib olishga alohida moliyalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Serquyosh yurtimizda aprel oyining ikkinchi yarmida ko‘kat, pomidor, bodring, may oyida esa gilos va o‘rik tayyor bo‘ladi. Eksportning 60-70 foizi ushbu mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.
Mutasaddilarga meva-sabzavotlar eksporti bo‘yicha tumanlar va xo‘jaliklar kesimida aniq hisob-kitob qilib, pandemiya sharoitida yuzaga keladigan masalalarni qisqa muddatda hal qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini shu tarmoqqa ixtisoslashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Umuman, tarmoqda oldingi yillarda bo‘lmagan rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Naslli mollar uchun 2 million so‘mgacha, naslli qo‘y va echkiga 400 ming so‘mdan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etildi. Joylarda zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda.
Prezidentimiz endi mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan birga import qilinayotgan tovarlar o‘rnini qoplash zarurligini ta’kidladi.
Ozuqa ishlab chiqaradigan korxonalar, qoramol boqish bo‘yicha oilaviy kooperatsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Har bir viloyatda naslli qoramol tayyorlash va sotishga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etilishi belgilandi.
Parrandachilikda ham ozuqa ta’minotini mustahkamlash va aholi bilan kooperatsiyani rivojlantirish kerak.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladi. Bunda parrandachilik korxonasi xonadonga uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi. Qirq kundan keyin kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi.
Ma’lumki, baliqchilik uchun ham barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilgan. O‘tgan yili yurtimizda 200 ming tonna baliq yetishtirilgan.
Bugungi kunda 38 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 0,6 foizida intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Qolaversa, ularda hosildorlik darajasi pastligicha qolmoqda.
Yig‘ilishda bu yil baliq yetishtirishni kamida 350 ming tonnaga yetkazish, sun’iy havzalardan foydalanish samaradorligini oshirib, baliqchilik xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari tashkil qilish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.
Asalchilik tarmog‘iga e’tibor qaratilar ekan, bu yil ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga ko‘paytirish, o‘rmon xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘la ishga solish muhimligi ta’kidlandi. Aholiga asalari uyalari tarqatib, ulardan mahsulot sotib oladigan asalarichilik klasterlari tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Qishloq aholisini uy sharoitida ish bilan ta’minlaydigan rezervlardan biri – ipakchilik sohasi. Joriy yilda 382 ming quti ipak qurti boqilishini inobatga olsak, bu kamida 750 ming odamni ish bilan band qilish degani.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Mehnat vazirligiga bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, yaxshi hosil olgan xonadonlarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish topshirildi.
– Ushbu chora-tadbirlar natijasida minglab fuqarolarimizni ish bilan ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirishga erishamiz. Bozorlarimizda mahsulot ko‘p bo‘ladi. Har bir vazir, sektor rahbari buni yuragidan o‘tkazib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda mening o‘rnim qanday bo‘ladi, degan savolga vijdonan javob berishi kerak, – dedi Prezident.
Videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari axborot berdi. Hududlarga biriktirilgan mutasaddilar va hokimlarning pandemiya davrida amalga oshirayotgan ishlari tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish