– Sizning kasbiy faoliyatingiz nimadan boshlandi? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?
– Men Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilganman. Ma’lumotim oliy, 1998 yilda Termiz davlat universitetining “Tarix va jamiyatshunoslik” fakultetini tamomlaganman. Mehnat faoliyatimni 1994 yilda Qumqo‘rg‘on tumanidagi 20-umumta’lim maktabida tarix fani o‘qituvchisi sifatida boshlaganman. 1998 yilda Surxondaryo gidromelioratsiya texnikumiga o‘qituvchi bo‘lib ishga qabul qilindim va shu yilning o‘zidan to 2022 yilga qadar mazkur ta’lim muassasasining, keyinchalik u kasb-hunar kollejiga aylantirilgach esa kollejning direktori lavozimida faoliyat yuritdim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hokim yordamchilari lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilinganidan so‘ng, belgilangan tartibda tanlovda ishtirok etdim. Orttirgan mehnat tajribam va suhbat natijalarini inobatga olgan holda, tanlov komissiyasining xulosasiga binoan 2023 yilning noyabr oyida ushbu mas’uliyatli lavozimga loyiq deb topildim.
– Mahallaning portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infratuzilma ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?
– “Uyas” mahallasi bu tarixiy nom bo‘lib, “Ulamolar yashagan sohil”ning qisqartmasidir. Mahallamizda 5015 nafar fuqaro, 915 ta xo‘jalik, 1325 ta oila istiqomat qiladi. Mahallada mavjud asosiy infratuzilma ob’yektlariga ichki yo‘llar, bolalar bog‘chalari, bir necha sanoat korxonalari kiradi. Aholini ish bilan ta’minlash masalasi namunali, desam xato qilmagan bo‘laman. Mahallamizda har bir xonadon birma-bir yurib xatlovdan o‘tkazilgan.
Hozirda mavjud 900 xonadondan 724 ta xo‘jalikda eng kichigi besh sotix, eng kattasi 30-35 sotixgacha issiqxonalar mavjud. Bu issiqxonalarda bulg‘or qalampiri ekiladi, ko‘chatchilik bilan shug‘ullaniladi, ikki uch marotaba hosil olishga mo‘ljallangan. Suvimiz juda yaxshi, tuprog‘imiz unumdor, har bir xonadonda ariqlardan kelayotgan suvlardan tashqari yana yerdan qazib chiqariladigan artezian suvlari ham mana shu dehqonchilikka o‘z hissasini qo‘shib kelyapti. Masalan, mahallamizda yetishtirayotgan mahsulotlarimiz faqatgina ichki bozorda emas, balki tashqi bozorga ham chiqariladi. Xususan, ichki bozorga bulg‘or qalampirining bir navi yetishtiriladigan bo‘lsa, tashqi bozorlarga boshqa navi chiqariladi. “Bir mahsulot, bir kontur” shiori ostida ishlayapmiz.
Bugungi kunda mahallamiz fuqarolari tinch-totuv istiqomat qilyapti, mehnat qilyapti, har bir xonadonda mavsumiy ishchilar band qilinadi. Masalan, bulg‘or qalampirini ekish, agrotexnik qoidalariga amal qilgan holda chopiq qilish, begona o‘tlardan tozalash, barglarini yulish, pishgandan keyin terish, yuk mashinalariga taxlash, yashiklash va xaltalash ishlarida har bir issiqxonada kuniga 15 nafardan 50 nafargacha yigit-qizlarimiz mehnat qiladi. Mahallamizda birorta bekorchi odamning o‘zi yo‘q, hamma ishli.
– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– Har bir tashkilot, tizimda har bir xodimning o‘z vazifalari bo‘ladi. Prezidentimiz, vazirlik, undan tashqari, viloyat hududiy boshqarmamiz tomonidan, tuman bo‘limimiz tomonidan, tuman hokimimiz tomonidan berilgan topshiriqlarni sidqidildan bajarib kelyapmiz. Ish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Qiyinchiliksiz ishning o‘zi yo‘q, lekin ularni yengib o‘tish kerak.
– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar o‘tkazish orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi, qanday o‘sish drayverlari tanlandi va hozirda nimalar qilinmoqda?
– O‘zbeklarda bir gap bor. Ishni ertaga qilaman, degan narsa kerak emas. Agar ishni yengib olsang, hech qanday qiyinchilik bo‘lmaydi. Avvalboshda mahalladagi mavjud tabiiy sharoitlar, suv va yer resurslari, aholining ko‘nikma-qobiliyatlari atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida mahalla hududida ixcham issiqxonalar tashkil etib, sabzavotlar va sabzavot ko‘chatlari yetishtirish yo‘nalishini rivojlantirish rejalashtirib olindi. Bu sohani rivojlantirish uchun aholiga kerakli moliyaviy va amaliy ko‘makni berdik.
Shukrki, o‘z bilim va tajribamga tayanib, hududimizdagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oldim. Birgina misol: atrofimizda 60 ta mahalla bor. Xuddi Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan “Qamashi”, “G‘ijduvon” va “Uychi” tajribalari singari, bizda ham o‘ziga xos “Uyas tajribasi” yaratildi. Viloyatimizdagi 724 ta mahalla ichida mazkur tajriba alohida namuna sifatida tanlab olindi. Jumladan, 2025 yilda davlatimiz rahbari tashrif buyurgan “Tomorqa maktabi” hududidan ham “Uyas tajribasi”ni amaliyotda ko‘rsatish uchun maxsus yer ajratib berildi. Ushbu maydonda bulg‘or qalampirining “Svetofor” navi yetishtirilib, tashrif buyurgan mehmonlar hamda usta dehqonlarga tarqatildi. Ularning samimiy rahmatini eshitish, qilgan mehnatimizning bu qadar yuksak e’tirof etilishi esa barcha charchoqlarimizni unuttirdi.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Dehqonchilik, xususan, issiqxona xo‘jaliklari, ko‘chatchilikni rivojlantirish mahallamizning asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri sifatida belgilab olingan. Hozirgi kunda mahallamizdagi xonadonlarning 90 foizida issiqxona mavjud bo‘lib, buning ortidan oilalar yiliga kamida 120-150 mln. so‘mdan daromad ko‘rmoqda. Iqtisodiy imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida, o‘z faoliyatimni boshlagan kunimdan e’tiboran yangi tashabbuslarni ilgari surdim. Xususan, mahallamizdagi 724 ta issiqxonada yetishtirilgan bulg‘or qalampiri pishib yetilgan mavsumda, eng ilg‘or xonadon egalariga o‘zaro hamkorlik taklifi bilan chiqdim. Mahsulotlarni olib ketishga kelgan yuk mashinalarini bevosita xonadonlarga kiritib, mavsumiy ishchilarimiz – mahallamiz yigit-qizlari uchun soya-salqin va qulay ish joylarini tashkil etdik. Natijada mahsulot xaridorlari va haydovchilar uchun yuklash jarayonida hordiq chiqarish imkoni yaratilgan bo‘lsa, kunlik ishlovchi ayollarimiz uchun barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bir so‘z bilan aytganda, logistika tizimini bevosita xonadonlarning o‘zida yo‘lga qo‘ydik va bunday kichik markazlar hududimizda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qildi.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?
– Mahallamiz daryo bo‘yida joylashgani bois, uning iqlim sharoiti va suv ta’minoti o‘ziga xos tajriba maktabini yaratishga xizmat qilgan. Ma’lumki, ayrim hududlar poliz ekinlari, boshqalari esa piyoz yoki karam yetishtirishga ixtisoslashadi. Shu nuqtai nazardan, Uyas mahallasi asosan issiqxona xo‘jaligiga, xususan, bulg‘or qalampiri yetishtirishga yo‘naltirilgan. Ta’kidlash joizki, joriy yilning mart oxiri va aprel oyi boshlarida mahallamizda ekilgan bulg‘or qalampirining 50 foizdan ortig‘i pishib yetilib, sotuvga chiqariladi.
O‘tgan yili ilk hosilimizning kilogrammi 55-60 ming so‘mdan savdoga chiqarilgan edi, bu yil ham dehqonlarimiz shunday yuqori natijalarni ko‘zlab, tinimsiz mehnat qilmoqda. Hokim yordamchisi sifatida asosiy vazifam tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishdan iborat bo‘lib, davlat tomonidan ajratilayotgan kredit, subsidiya va ssudalarni fuqarolarning ehtiyoji hamda mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda to‘g‘ri va maqsadli yo‘naltirishga harakat qilmoqdaman. Ajratilayotgan kreditlarning aksariyat qismi tomorqalarda issiqxonalar tashkil etishga qaratilgan, sababi xalqimiz buning iqtisodiy manfaatini to‘la anglab yetdi.
Qolaversa, davlatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur hujjatlar doirasida bir necha fuqaromizga 100 mln. so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratilishiga ko‘maklashdik. Natijada ular tadbirkorlik yo‘nalishida o‘qib-o‘rganib, o‘z oilaviy korxonalarini ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu tashabbuslar nafaqat ularning oilaviy farovonligini yuksaltirdi, balki Uyas mahallasidagi ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlashga va belgilangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash orqali turmush darajasini muttasil yaxshilab borishga xizmat qilmoqda.
– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘ting.
– O‘zbek xalqida mehr-oqibat, bir-biriga yordam ko‘rsatish degan tushuncha azaldan shakllangan. Bu bizning mahallamiz aholisiga ham taalluqli. Bugungi kunda mahallamizda bitta yolg‘iz oila bor. Bu oilaga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan tortib barcha zarur yordamni berib kelyapmiz.
Mahallamizda ishsizlar yo‘q hisobi, chunki har bir fuqaro muayyan mehnat faoliyati bilan, xususan, o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad topmoqda. Eng asosiysi, boshqa hududlarga nisbatan bizda mehnat migratsiyasiga ketganlar soni juda kam. Xorijga yo‘l olgan yurtdoshlarimiz ham nafaqat Rossiyaga, balki boshqa rivojlangan davlatlarga jismoniy emas, balki aqliy mehnat qilish uchun shartnoma asosida ketishgan. Ular bakalavr va magistrlik diplomlariga ega bo‘lgan holda, tibbiyot, texnika va boshqa nufuzli sohalarda mehnat qilishmoqda.
– Sizning fikringizcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?
– Hududimizda kambag‘allik darajasini yanada samarali qisqartirish maqsadida o‘zimning individual rejamni ishlab chiqqanman. Mahallamizda bu toifaga kiruvchi 21 ta oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, tuman rahbariyati tomonidan ularning har biriga alohida mas’ullar biriktirilgan. Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan ssuda va subsidiyalar asosida kartoshka hamda limon yetishtirish uchun arizalar shakllantirib, ularga moliyaviy ko‘mak berishni maqsad qilganman. Jumladan, ehtiyojmand oilalardan 12 tasiga ssuda mablag‘lari olib berilishini ta’minladim.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni ta’kidlab o‘tishim joiz: mahallamiz yigitlari orasida eng keng tarqalgan va rivojlangan kasblardan biri payvandchilikdir. Boisi, issiqxonalarni qurish, ularni ta’mirlash, ustini yopish kabi barcha texnik ishlar aynan ularning zimmasida. Yigitlarimiz nafaqat o‘z mahallamizda, balki qo‘shni mahalla va tumanlarga borib ham shu kabi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib kelmoqdalar.
Masalan, Po‘lat Ibrohimov ismli yigitimiz 30 sotixli issiqxonaga ega. Usta dehqon bo‘lish bilan birga, hozirgi kunda o‘simliklarni agrotexnik parvarishlash bo‘yicha haqiqiy agronom darajasiga yetishgan. Oddiy hayotiy misol: u o‘z issiqxonasiga 200 ta presslangan somon solib, shu usul orqali yerning sho‘rini yuvadi. Uning bilim va tajribasi 4-5 yil o‘qigan oliy ma’lumotli mutaxassisnikidan aslo qolishmaydi, balki ziyodroqdir. Hatto YouTube platformasida ham qishloq xo‘jaligiga oid bir nechta ko‘rsatuv tayyorlab joylagan. Bugungi kunda ushbu fuqaromiz Xorazm viloyatiga borib, 1,5 gektar maydondagi issiqxona uchun shartnoma asosida o‘zi ko‘chat tayyorlab, ularni ektirib keldi. U bir vaqtning o‘zida ham o‘zining tomorqasini parvarishlamoqda, ham Xorazmdagi issiqxona ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqda. Nafaqat Xorazm, balki endilikda Qoraqalpog‘istondan ham unga hamkorlik takliflari tushmoqda.
Shu tariqa, bizning fuqarolarimiz issiqxonachilik madaniyati va tajribasini faqatgina o‘z viloyatimizda emas, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham keng joriy etishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Fuqarolarimiz ongiga shu fikrni singdirishga harakat qilyapman: tomorqa – bu sizning shaxsiy oltin koningiz va tinchlik qalqoningiz bo‘lishi kerak. Bugungi kunda dunyoda turli tahlikalar kuzatilmoqda, iqtisodiy bloklar to‘qnashmoqda. Bunday sharoitda eng katta boylik naqd pul yoki tilla emas, balki o‘z yeringizdan yetishtirilgan mahsulotdir. Men ularga doimo shunday deb uqtiraman: “Hurmatli mahalladoshlar! Tomorqa – shunchaki yer emas, u oilangizni har qanday global inqirozdan asrab qoluvchi xavfsizlik yostiqchasidir. Shu bois ham bugun tomorqaga o‘ta jiddiy e’tibor qaratishimiz shart”. Zero, bir qarich yer bir qop oltinga teng. 2026 yilda yerdan faqat an’anaviy usulda foydalanishning o‘zi kamlik qiladi. Maydoni kichik bo‘lsa-da, issiqxona va vertikal dehqonchilikni yanada rivojlantirish, bir yilda uch marta hosil olish imkonini beradigan usullarni amaliyotga joriy etish kerakligini ilgari surib kelaman. Tomorqa shunday bitmas xazinaki, agar unga aql bilan yondashilsa, tilladan-da ko‘proq daromad keltiradi. Eksportbop mahsulotlar yetishtirishga e’tibor qaratish lozim.
Biz inflyasiya va yuksak texnologiyalar asrida yashayapmiz. Bugun nafaqat davlat, balki har bir inson o‘zining shaxsiy rivojlanish strategiyasiga ega bo‘lishi kerak. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni o‘rganing, ishingizni avtomatlashtiring. Qog‘ozbozlik va hisobotlarga ketadigan vaqtni tejab, uni mahalladagi real muammolarni hal etishga yo‘naltiring. Kerak bo‘lsa, psixolog bo‘ling. Odamlar hozir moddiy ko‘makdan ko‘ra ko‘proq eshitilishlariga, to‘g‘ri yo‘nalishga muhtoj. Ularga shunchaki kredit emas, tayyor biznes-model taqdim eting!
Boqimandalik kayfiyatidan voz kechish vaqti keldi. Davlat tomonidan berilayotgan subsidiya yoki ssuda – bu tayyor “ovqat” emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu bir “qarmoq”dir. Undan foydalanib baliq tutishni o‘rganish kerak. Doimiy ravishda yordam kutib yashash kelajakni boy berish deganidir. Yangi kasb-hunarlarni egallang, chunki 2026 yilda eski usullar bilan tirikchilik qilib bo‘lmaydi. Farzandlaringizga chet tillarini, zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini o‘rgating. Masalan, bugungi kunda eng ilg‘or jahon tajribasi asosida zamonaviy dehqonchilik va issiqxona madaniyatini keng ommalashtirish zarur.
Dunyodagi ziddiyatlar va inqirozlar bizni cho‘chitmasligi kerak. Bizning eng katta qurolimiz: bilim va halol mehnatdir. Agar hokim yordamchisi va mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, yagona jamoa bo‘lib ishlasa, hech qanday iqtisodiy bo‘ron bizni yenga olmaydi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Mahalla tizimining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan hokim yordamchisi vakolati natijadorlik uchun nega muhim? Bugungi islohotlar markazi bevosita mahallaga ko‘chgan bir paytda, hokim yordamchisi instituti kutilgan samarani berishi uchun faqatgina mehnat qilish emas, balki tizimli muvofiqlashtirish ham zarur. Hokimning mahalladagi vakolatli vakili o‘z hududidagi muammolarni tezkor hal etishi uchun barcha tashkilotlar: bank, soliq, bandlik va boshqa idoralar rahbarlari hokim yordamchisining qonuniy asoslangan so‘rovlarini birinchi darajali vazifa sifatida qabul qilishi lozim.
Yana bir taklifim: har bir mahallada “Onalar maskani” yoki “Onalar maktabi”ni tashkil etishdir. Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan hikmatli gap bor. Lekin nafaqaga chiqqan, farzandlari ishda, nevaralari bog‘cha yoki maktabda bo‘lgan onaxonlarimiz kun bo‘yi to‘rt devor ichida zerikib qolayotgani bugungi kunning achchiq haqiqatidir. Xo‘sh, bu loyiha jamiyatimiz uchun nega suv va havodek zarur? Yolg‘izlikka chek qo‘yish va ijtimoiy faollik keksa yoshdagi ayollarimizning umrini uzaytiradi, tushkunlik va turli kasalliklarning oldini oladi. Milliy qadriyatlar maktabi vazifasini o‘tovchi bu maskanda onaxonlar shunchaki choylashib o‘tirmaydi, balki ustoz-shogird an’analarini tiklab, mahalla yoshlariga hunar, odob-axloq va oila sirlarini o‘rgatadilar. Qolaversa, mahallaning o‘zida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yengil badantarbiya va nafas mashqlarini tashkil etish orqali keksalar o‘rtasida kasallanish darajasini pasaytirish va poliklinikalardagi turnaqator navbatlarni kamaytirish mumkin.
Buning uchun millionlab mablag‘ sarflash yoki yangi bino qurish shart emas. Xuddi oilaviy nodavlat bog‘chalar modeli kabi, mahalladagi tashabbuskor, uyi fayzli onaxonlarga o‘z xonadonlarida ushbu maskanni ochishga ruxsat berish va ularni ijtimoiy tadbirkor sifatida rag‘batlantirish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, har bir mahalla markazi binosida onaxonlar uchun alohida ma’naviyat xonasi va choyxona ajratilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Shu bois, “Onalar maskani” loyihasini boshlashni taklif qilaman. Toki duogo‘y onalarimiz uyda yolg‘iz zerikib o‘tirmasin, ular mahallaning fayzi va jonli maktabi bo‘lib qolaversin.
– Prezidentning mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning aniq bir mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz? Ilgarigi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Oddiy qilib tushuntirganda ilgarigi yondashuvlarda tashabbus yuqori bo‘g‘indan quyiga tushirilar, mahalla darajasi esa uning ijrochi sifatida ko‘rilardi. Hozir joriy etilgan yangi tizimda esa mahalla islohotlarning boshlang‘ich nuqtasiga aylandi, desam adashmayman. Endilikda mahalladagi har bir xonadon atroflicha o‘rganilib, mavjud muammolar joyida aniqlanadi va shu asosda yechimi topiladi. Bu esa ancha vaqt va resurslarni tejab, hokim yordamchilari ishining samaradorlikni oshirmoqda. Pirovardida mahalladagi bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va infratuzilma bilan bog‘liq masalalar tezkor va manzilli hal etilmoqda.
– O‘tgan yildagi asosiy chaqiriqlar nuqtai nazaridan qaraganda, mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi? Sizningcha, ushbu model samaradorligini eng yaxshi aks ettiruvchi ko‘rsatkich qaysi?
– O‘tgan yilda “mahallabay” tizimini joriy etish jarayonidagi asosiy chaqiriq muammolarni aniqlashdan ularni barqaror hal etishgacha bo‘lgan zanjirni ishga tushirish edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mahallamizda qator aniq va sezilarli natijalarga erishildi. Masalan, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish orqali bir qator oilalar uchun doimiy daromad manbalari yaratildi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va ijtimoiy xavf guruhidagi oilalar aniqlanib, ularga nafaqa, moddiy yordam va ijtimoiy xizmatlar manzilli tarzda yetkazildi. Shuningdek, har bir xonadon kesimida muammolar o‘rganilib, individual “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi, muammolar ijrosi doimiy monitoring qilindi va oxiriga yetkazildi.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lar edingiz?
– Agar shunday imkoniyat bo‘lganida nima ishlar qilardim? Unda men, eng avvalo, mahallamizda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, muzlatkichlar sonini ko‘paytirish, mahsulotni saqlab, me’yoriga yetkazib, dunyo bozorlari talab qiladigan darajadagi narxlarda sotishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardim. Bugungi kunda mahallamizda istiqomat qilayotgan aholining 90 foizida issiqxona bor bo‘lsa, qolganlariga ham barchasiga kredit yordami bilan yoki subsidiya/ssuda orqali issiqxonalar qurib bergan bo‘lardim. Bu ishni oxiriga yetkazishni katta vazifam deb bilaman.
– Joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, siz oldingizga qo‘ygan mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?
– Xabaringiz bor, 2026 yilning fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu tashrif doirasida Davlat rahbari qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholi tomorqasidan unumli foydalanish masalalariga katta e’tibor qaratdilar. Shundan kelib chiqib, mahallamizdagi aholini tomorqa madaniyatini rivojlantirishga yanada o‘z hissasini qo‘shishga da’vat qilish, issiqxonachilikni yanada taraqqiy toptirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish, mahallamizda 2026 yilda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mening bosh maqsadimdir! Shulardan kelib chiqqan holda, joriy yilning o‘zidayoq mahalla aholisi yanada ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki “Mahallani rivojlantirish yili”dagi asosiy maqsad: mahallani faqat yashash hududi emas, balki inson qadri, barqaror daromad va munosib turmush ta’minlanadigan asosiy makonga aylantirishdan iborat. Besh yildan keyin esa “Uyas” mahallasi mamlakatimizning eng oldi va farovon mahallalaridan biri bo‘lishiga ishonaman!
Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2026
Izoh qoldirish