Bojxona yuk deklaratsiyasiga o‘zgartirish kiritish tartibi soddalashdi

Bojxona yuk deklaratsiyasiga o‘zgartirish kiritish tartibi soddalashdi

“Bojxona yuk deklaratsiyasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga muvofiq, endilikda bojxona yuk deklaratsiyasiga (BYuD) o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish nisbatan soddaroq to‘ldiriladigan bojxona yuk deklaratsiyasini tuzatishning alohida elektron shakli orqali amalga oshiriladi.

Bu esa o‘z navbatida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini BYuDning birgina grafasiga o‘zgartirish kiritish uchun yangidan to‘liq BYuD to‘ldirib taqdim etish majburiyatidan ozod qiladi.

Bundan tashqari, deklaratsiyalovchi shaxs va bojxona organlari o‘rtasida elektron xabarlarni almashish va bu orqali qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish va qabul qilib olish vositasi – axborot almashish tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan, shuningdek, bojxona qiymati deklaratsiyasiga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritish, bojxona yuk deklaratsiyasini tuzatish shaklini to‘ldirish, uni bojxona organlariga taqdim etish, rasmiylashtirish unga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimcha kiritish tartibi belgilab berilmoqda.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar