Buxoro viloyatining 544 ta mahallalarida 2009,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi. 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida viloyatda xizmatlar ko‘rsatish hajmi 15 179,9 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 115,8%ga o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulotda xizmatlar ulushi 34,5%ni va aholi jon boshiga 7,9 mln. so‘mni tashkil etdi.
Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari moliyaviy xizmatlar sohasida (146,2%) va aloqa va axborotlashtirish sohasida (121,9%) qayd etildi.
Nisbatan past o‘sish ko‘rsatkichlar transport xizmatlari sohasida (106,1%), me’morchilik, muhandislik xizmatlari sohasida (106,8%), yashash va ovqatlanish xizmatlari (107,4%), kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash xizmatlari sohasida (108,1%), ta’lim xizmatlari (108,6%), ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlarda (109,1%), savdo xizmatlari (110,7%) va ijara xizmatlari (112,0%) kuzatildi.
Hududlar kesimida yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga Buxoro shahri (119,4%), Kogon shahri (119,1%), Vobkent tumani (117,7%), Peshku tumani (116,8%) va Romitan tumani (116,6%), tashkil qilgan bo‘lsa, past ko‘rsatkichlar G‘ijduvon tumani (109,9%), Jondor tumani (110,1%), Olot va Qorovulbozor tumanlari (111,4%dan), Kogon tumani (112,3%), Qoraqo‘l tumani (113,4%), Buxoro tumani (114,0%) hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rganishga ko‘ra, viloyatdagi 50 ta xizmatlar ko‘rsatish korxonalari o‘tgan davrga nisbatan 100,3 mlrd.so‘mga xizmatlar hajmini kamaytirgan, shundan transport xizmatlari korxonalari 46,6 mlrd.so‘m, savdo xizmatlari korxonalari 30,6 mlrd.so‘m, moliyaviy xizmatlar 14,8 mlrd.so‘m va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish korxonalari 8,3 mlrd.so‘m hisobiga to‘g‘ri keladi.
Tahlillarga ko‘ra, viloyatning G‘ijduvon, Jondor, Olot, Qorovulbozor, Kogon tumani va Qoraqo‘l tumanlarida xizmatlar ko‘rsatish sohasi rivojlanishi va viloyat ko‘rsatkichidan past hisoblanadi.
Bunga sabab, mahallalarning o‘zida aholi ehtiyojlarini qondirish uchun mavjud bo‘lishi tavsiya etilgan 20 ta turdagi xizmat ko‘rsatish va servis ob’yekt (nuqta)larini tashkil etilishi tizimli tartibga solinmaganligi va soha uchun ajratilgan moliyaviy resurslar asosan xizmat turlari rivojlangan hudud (shahar va tuman markaz)lariga yo‘naltirilayotganligidan deb xulosa qilinishi mumkin.
Xususan, hokim yordamchilari bilan 544 ta mahallalarda 20 ta turdagi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari mavjudligi holatini o‘rganilganda, mahallalarda jami 19 765 ta servis ob’yektlari mavjudligi aniqlanib, aholi uchun qo‘shimcha 6 751 ta xizmatlar ko‘rsatish ob’yektlari, jumladan 112 ta savdo do‘koni, 96 ta sartaroshxona, 536 ta guzallik saloni, 925 ta nusxa ko‘chirish punkti, 462 ta poyabzal ta’mirlash, 304 ta kiyim tikish, 286 ta maishiy texnika asboblari ta’mirlash, 343 ta avtomobillarni ta’mirlash va yuvish xizmati, 198 ta qurilish texnikalariga xizmat ko‘rsatish, 128 ta internet va paynet xizmati, 299 ta tantana va oilaviy tadbirni o‘tkazish, ko‘mish va motam xizmati, 218 ta sport va sog‘lomlashtirish markazi, 246 ta omuxta yem va shrot sotish punkti, 375 ta mineral o‘g‘it sotish punktlari, 389 ta o‘simliklarni himoya qilish maskani, 428 ta zooveterinariya punktlari, 571 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va yaslilar, 226 ta uy bog‘chalari, 331 ta repetitorlar va ta’lim markazlari hamda 278 ta dorixona ob’yekt (punkt)lari nisbatan yetishmasligi aniqlandi. (1-jadval ilova qilinadi)
Hududlar kesimida qaralganda, Buxoro shahrida 823 ta, Kogon shahrida 187 ta, Buxoro tumanida 897 ta, Vobkent tumanida 245 ta, Jondor tumanida 395 ta, Kogon tumanida 152 ta, Olot tumanida 283 ta, Peshku tumanida 459 ta, Romitan tumanida 368 ta, Shofirkon tumanida 677 ta, Qoraqo‘l tumanida 708 ta, Qorovulbozor t. - 97 ta va G‘ijduvon tumanida 1459 ta xizmat ob’yektlari nisbatan yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.
Misol uchun, uzoq cho‘l hududi bo‘lgan Qorako‘l tumani “Yangizamon” MFYda istiqomat qiladigan 4110 nafar aholiga 7 ta servis ob’yektlari xizmat ko‘rsatib, aholi ehtiyojlarini mahallaning o‘zida qondirish uchun eng zarur bo‘lgan ko‘plab xizmatlar ko‘rsatish servis ob’yektlari yetishmaydi. Jumladan, 2 ta go‘zallik saloni, 1 ta poyabzal tikish va ta’mirlash, 2 ta kiyim tikish va ta’mirlash xizmati, 1 ta maishiy texnikani ta’mirlash xizmati, 2 ta avtomobillarni ta’mirlash va yuvish xizmati, 1 ta tantana va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’yekti, 1 ta omuxta yem va shrot sotish punkti, 1 ta zooveterinariya punkti, 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va yaslilar, 1 ta repititorlik va ta’lim markazi, 1 ta dorixona va boshqa xizmatlar ko‘rsatish maskanlari, jami hisobda 22 ta servis xizmatlariga aholi tomonidan mahallaning o‘zida foydalanishga ehtiyojlari mavjud. Bu holat viloyatning boshqa mahallalarida ham kuzatiladi. (mahallalar kesimidagi 2-jadval ilova qilinadi)
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohani rivojlantirish uchun berilayotgan ko‘plab moliyaviy resurslar, soliq va bojxona imtiyozlariga qaramasdan, ma’sul idoralar tomonidan barcha mahallalarda xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasini bir xil ravishda rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022 yil 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashriflari davomida “aholi uchun barcha sharoitlar birinchi navbatda mahallaning o‘zida bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratilishi” lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Markaziy bank, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi tijorat banklari bilan birgalikda mahallalardagi xokim yordamchilari yordamida quyidagilarni amalga oshirish taklif etiladi:
- joriy yilning 1 apreliga qadar mahallalardagi mavjud xizmatlar va servis ko‘rsatish holatini tanqidiy o‘rganib chiqib, mahallaning o‘zida mavjud bo‘lishi tavsiya etiladigan lekin bugungi kunda yetishmaydigan xizmatlar ko‘rsatish va servis ob’yektlari hisobini aniqlab olsin;
- soha uchun ajratilgan moliyaviy resurslarni xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasi nisbatan past rivojlangan mahallalarida servis ob’yektlarini barpo etish va faoliyat ko‘rsatayotgan ob’yektlarni yanada rivojlantirish uchun yo‘naltirsin;
- o‘rganish natijasiga ko‘ra yetishmaydigan xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish yuzasidan respublikaning har bir mahalla (ovul) fuqarolar yig‘inlari kesimida “Mahallalarda 2023-2025 yillarda xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish Dasturi”ni ishlab chiqsin;
- har chorakda mazkur dasturlari ijrosi yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining oraliq sessiyalarida tanqidiy muhokama qilib borsin.
Izoh qoldirish