O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi PQ-4804-sonli qaroriga asosan Buxoro viloyati “Ishga marhamat” monomarkazi (keyingi o‘rinda – “Monomarkaz”) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Monomarkaz hududi 2,2 gektarni, shundan bino va inshootlar maydoni 0,5 gektarni tashkil etadi. Monomarkazda o‘quvchilar sig‘imi 580 nafar, yiliga 2320 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish imkoniyati hamda 120 o‘rinli talabalar yotoqxonasiga ega. Monomarkazda 125 ta ish o‘rinlari yaratilgan. 30 turdagi kasb-hunar yo‘nalishida hamda 5 ta rus, ingliz, yapon, nemis va koreys tillari o‘qitiladi.
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘tgan 2022 yil davomida 3873 nafar ishsiz fuqarolar qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb qilinib, o‘qishni tugatgan fuqarolarga tegishli sertifikatlar berildi.
Bugungi kunda 3873 nafar bitiruvchilardan (86%) bandligi ta’minlangan bo‘lib, bitiruvchining 1468 nafari o‘zining tadbirkorligini boshlagan bo‘lsa, 892 nafari davlat korxonalarida ishlab kelmoqda.
Bundan tashqari Monomarkazda chet el kompaniyalari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan, Xitoyning SRESS kompaniyasi, “Sovutish va havoni konditsionerlash” sohasida texnik xodimlarni tayyorlash bo‘yicha PROON bilan hamkorlikda o‘quv markazi ochilgan va ushbu yo‘nalishda 30,5 ming AQSh dollari miqdorida asbob-uskunalar o‘rnatilgan. Chet el korxonalari bilan hamkorlikda qisqa muddatli kurslarga o‘qitilgan ishsiz fuqarolar ushbu hamkorlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan korxonalariga yuqori daromadli ishlarda ishlash uchun joylashtirilmoqda. Masalan: Oshpazlik sirlarini o‘rgangan 9 nafar qisqa muddatli kurs bitiruvchilari Xitoyning SRESS kompaniyasi tasarrufidagi korxonalarida yuqori daromadli (400 AQSh doll. ish haqi) ish o‘rni bilan ta’minlandi. Sovutish va havoni konditsionerlash yo‘nalishda 13 nafar soha mutaxassislarini malaka oshirish kursida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan biga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishning 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha jahon bankining 600 ming AQSh dollarlik mablag‘i hisobiga jihozlar olinib, hozirgi kunda talab yuqori bo‘lgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ishsiz fuqarolarimiz kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Rossiya Federatsiyasining Ural tadbirkorlik va texnologiyalar kolleji bilan hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, o‘zaro ikki tomonlama tajriba almashish va hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga Germaniyaning “NoVoAgency” kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Germaniya tibbiyot muassasalarida ishlash istagini bildirgan 23 nafar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot ma’lumotga ega bo‘lgan ishsizlarimizni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan (joriy 2023 yilning aprel-may oylarida bu fuqarolarimizni Germaniyaga ishga yuborish rejalashtirilgan). Kelishuvga asosan “NoVoAgency” kompaniyasi tomonidan tahsil olayotgan har bir o‘quvchiga 10 oy davomida 1,1 mln so‘mdan stipendiya to‘lab beriladi.
Buxoro shahar “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 28803-sonli harbiy qism o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga asosan harbiy xizmatchilarga xizmat davomida kasb-hunar egallashlari uchun ularni bo‘sh vaqtlarida Monomarkazda o‘zlarining xohish va istaklariga qarab qisqa muddatli kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 324 nafar serjantlar va oddiy askarlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlarini monomarkazning malakali mutaxassislari tomonidan o‘quv kurslariga jalb qilingan.
Bundan tashqari joylardagi ishsiz fuqarolarimizga va ishlab chiqarish korxonalariga yengillik yaratish maqsadida malakali ishchi kuchiga talabi yuqori bo‘lgan yirik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zida Monomarkazning malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda ishsizlarni qatnashlariga qulaylik yaratish uchun vaqtinchalik o‘quv kurslari tashkil qilinib ushbu o‘quv kurslarini bitirgan ishsizlarni shu korxona to‘liq ishga joylashtirish metodikasi yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun: Shofirkon tumanidagi “Buxara az-teks” MChJda 600 nafar ishsiz fuqarolar Monomarkaz tomonidan kasbga o‘qitilib, shu korxonada to‘liq ishga joylashtirildi. Bu kabi korxonalarni Kogon, Vobkent, G‘ijduvon, Romitan va Peshko‘ tumanlaridan misol keltirish mumkin. Shunga o‘xshash ishlab chiqarish korxonalaridagi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda viloyat bo‘yicha 1080 nafar ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga yo‘naltirilib bandligi ta’minlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabr PQ-57-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlikka jalb qilish yuzasidan monomarkazda hozirgi kungacha qandolotchilik, yosh bolalar uchun enaga, tarbiyachisi yordamchisi, oshpazlik, payvandlovchi, elektrik, ayollar sartaroshi va uqalovchi yo‘nalishlarida jami 40 nafar nogironligi bo‘lgan ishsizlar kasb-hunarga o‘rgatilib, bandligi ta’minlangan.
O‘tgan 2022 yilda Buxoro shahri markazida joylashgan vaqtinchalik bo‘sh turgan “Modarixon” tarixiy majmuasi belgilangan tartibda Monomarkazga uzoq muddatga ijaraga olinib, bu joyda 20 turdagi milliy hunarmandchilik yo‘nalishlarida ishsizlarni hunarga o‘rgatish kurslari tashkil etilib, hozirgi kunda ushbu o‘quv kurslariga 120 nafar ishsizlar hunarmandchilik yo‘nalishida o‘qitilmoqda.
Buxoro shahridagi Monomarkazda 30 ta yo‘nalishda 948 nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
O‘rganishlar natijasida sohada qator tizimli kamchiliklar aniqlandi, xususan, mehnat migrantlari borayotgan asosiy hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar mavjudligiga qaramasdan ishchilarni uyushgan holda yollash darajasi past hisoblanadi. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini yanada takomillashtirish zarur. Amaldagi kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha dasturlar mahalliy va xorijiy mehnat bozorining talablariga to‘liq javob bermaydi hamda ularni yangilash va yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash tizimini takomillashtirish talab etiladi.
Izoh qoldirish