Buxoroda elektromobillar sotish savdo shoxobchasi ochiladi

Buxoroda elektromobillar sotish savdo shoxobchasi ochiladi

Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Malayziyaning “ALPHA INDERA” kompaniyasi asoschisi Muhammad Shukri Osman hamda shu tashkilot ijrochi direktori Dalia Alkatiri boshchiligidagi investorlarni qabul qildi, deb xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Dastlab viloyat rahbari xorijlik mehmonlarga Buxoroning turizm salohiyati, investitsion jozibadorligi, geografik nuqtai nazardan qulay hududda joylashgani, qishloq xo‘jaligi, tabiiy boyliklari, sanoat zonalari hamda investorlarga yaratib berilgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berdi.

Muhammad Shukri Osman hamda Dalia Alkatiri xonim o‘z kompaniyalari haqida ma’lumot berishdi.

“ALPHA INDERA” kompaniyasi tarkibida bir nechta bizneslar bor. Birinchi biznesi primium klass avtomashinalari importi bilan boshlagan. Undan keyin har xil yo‘nalishlarga investitsiya olib kira boshlagan hamda barchasini yagona kompaniya qilib birlashtirgan. Xususan, kompaniya tarkibida elektromobil savdosi, neft-gaz, turizm va IT-texnologiyalari sohasida ham yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Malayziya kompaniyasi vakillari tomonidan tuzilmaviy bo‘linmalar orqali qimmatli qog‘ozlar bozoridagi xizmatlarni (suquq) taqdim etish taklifi bildirildi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport-logistika va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning dastlabki bosqichi sifatida Buxoro shahrida turli rusumdagi elektromobillar savdosini tashkil etish bo‘yicha savdo shoxobchasi ochish taklifi ma’qullandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar