Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faoliyatining keng qamrovli monitoringini taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faoliyatining keng qamrovli monitoringini taqdim etdi

Tadbirkorlik faoliyati tahlili har oyda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlari bo‘yicha kompleks monitoringning tezkor ma’lumotlari asosida hisoblanadi. Ma’lumotlar Bojxona va Coliq qo‘mitalari, Markaziy bank va O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan taqdim etiladi.

Umuman olganda, respublika bo‘yicha soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,5%ga o‘sdi, bu esa iqtisodiy faoliyatning kengayishini ko‘rsatmoqda.

Soliq tushumlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (18,3%), Surxondaryo (13,6%) va Xorazm (6,6%) viloyatlarida qayd etildi.

Daromad solig‘i - 18%, mulk solig‘i - 38% va yer solig‘i - 31% kabi asosiy soliq manbalarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Bojxona tushumlari 14,5%ga oshdi, bu tashqi iqtisodiy faoliyat faollashayotganidan dalolat beradi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bojxona tushumlarining eng ko‘p o‘sishi Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida mos ravishda 2,7 va 2,2 barobar, Buxoro viloyatida esa 65%ga qayd etilgan.

Ushbu o‘sish transport uskunalari va butlovchi qismlari, texnik jihozlar, metall va metall buyumlar, elektrotexnika va butlovchi qismlari kabi bir qator asosiy tovarlar uchun import qilinadigan mahsulotlar hajmining oshishi bilan bog‘liq.

Joriy yil boshidan buyon mahsulot eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8%ga oshdi. Eksportning eng yuqori o‘sishi quyidagi hududlarda kuzatildi: Surxondaryoda – 58,8%ga, Navoiyda – 55,1%ga, Qashqadaryoda – 38,1%ga va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (31,3%ga).

Yil boshidan buyon tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 9,5%ga oshdi.

Kredit berishning eng katta o‘sishi Navoiy - 18,6%, Toshkent - 14,5% viloyatlarida va Toshkent - 19,5% shahrida qayd etildi.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 32,4%ga o‘sdi. Birja faolligining eng ko‘p o‘sishi quyidagi hududlarda, mos ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,2 barobar, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida 2 baravarga kuzatildi.

Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, texnik chigit, qurilish va maishiy materiallar, dizel yoqilg‘isi, benzin, bug‘doy, mineral o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlarni sotish hajmining oshishi hisobiga ta’minlanmoqda.

O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi tadbirkorlik sub’yektlari soni 41,4 mingtani tashkil etdi.

Eng ko‘p yangi korxona va tashkilotlar Toshkent shahrida – 8,2 mingta, keyin Samarqand – 4 mingga yaqin, Xorazm – 3,5 mingta viloyatlarida ro‘yxatga olingan.

Shunday qilib, kompleks monitoring ma’lumotlari soliq va bojxona tushumlari, eksport va kreditlash hajmlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi faollik sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi, bu esa mamlakat hududlarida ishbilarmonlik faolligining o‘sishini ko‘rsatadi.

Sultonmurod Ozodov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar