Bugun O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi tomonidan «EURACTIV» media portali bilan birgalikda tashkil etilgan "Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro hamkorligi: nima uchun mintaqada va undan tashqarida muhim" mavzudagi virtual konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan.
Videokonferensiyadan ko‘zlangan maqsad Yevropa siyosiy-diplomatik, ekspert-tahliliy, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari e’tiboriga O‘zbekiston tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ilgari surilgan tashabbusni havola etishdan iborat.
Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O. Hakimov ishtirok etdi va u Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiqning amalga oshirilmagan salohiyatini baholash uchun sammit ishtirokchilariga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilining natijalarini taqdim etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari o‘zining nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida amalga oshirilmagan savdo-sotiq salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlariga to‘xtalgan.
2020 yil yakunlariga ko‘ra Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi umumiy savdo aylanmasi 4,4 mlrd. dollarni yoki ularning umumiy tashqi savdo aylanmasining (142,6 mlrd. dollar) 3,2% ni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasidagi eng katta ulushni Qozog‘iston (52,8%), O‘zbekiston (31,2%) va Turkmaniston (10,4%) egallaydi.
BCG xalqaro konsalting kampaniyasi «Markaziy Osiyo investitsiyasi: bitta mintaqa, ko‘p imkoniyatlar» («Investing in Central Asia: one region, many opportunities») nomlangan hisobotiga ko‘ra, 2018 yildan keyingi 10 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo salohiyati 170 milliard dollargacha, shu jumladan, qayta ishlash sanoatiga 40-70 milliard dollarga qadar baholanmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari eksportining tarkibi va Janubiy Osiyo mamlakatlari importining tarkibini qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, bir-biriga mos keladigan tovar buyumlariga ko‘ra, Janubiy Osiyo mamlakatlari importi qariyb 560 mlrd. dollarni tashkil qiladi.
"Albatta, bu Markaziy Osiyo davlatlari Janubiy Osiyo mamlakatlari importining belgilangan hajmini almashtirishi mumkin degani emas, lekin bu o‘zaro savdoda foydalanilmagan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi", - dedi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori.
Masalan, 2019 yilda Janubiy Osiyo mamlakatlari 8,6 mlrd. dollarlik kimyoviy o‘g‘itlar import qilgan, shu jumladan, Hindistonni 7,2 mlrd. dollarga, Bangladeshni 749,2 mln. dollarga, Pokistonni esa 606,0 mln.dollarga.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi bozorga 384,3 mln. dollarlik kimyoviy o‘g‘itlar eksport qildi, shundan atigi 32,3 mln.dollari Janubiy Osiyo mamlakatlariga. Shu jumladan, O‘zbekiston 2019 yilda 135,9 mln. dollarlik mineral o‘g‘itlar eksport qilgan bo‘lsa, shundan faqat 24,9 mln.dollari Janubiy Osiyo mamlakatlariga, asosan Afg‘onistonga 24,1 mln., Hindistonga 0,4 mln. va Shri Lankaga 0,3 mln. to‘g‘ri keldi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari shuni ko‘rsatdiki, Markaziy Osiyo davlatlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, bug‘doy, meva, sabzavot, dukkakli ekinlar hamda yong‘oqlar eksportini ko‘paytirish uchun hali amalga oshmagan imkoniyatlar mavjud.
"Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan, ayniqsa, Afg‘oniston, Hindiston va Pokiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor", - deydi Obid Hakimov.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari eksportining eng katta hajmlari uning geografik yaqinligi, shuningdek, O‘zbekiston va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida so‘nggi yillarda yaratilgan transport infratuzilmasining mavjudligi tufayli Afg‘onistonga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, O‘zbekiston 2023 yilga qadar Afg‘oniston bilan o‘zaro tovar aylanmasining yillik hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda, shuningdek, u bilan "Imtiyozli savdo shartnomasi"ni imzolanishini rejalashtirmoqda.
O‘z navbatida, Yevropa tomoni Yevropa Ittifoqining o‘zaro aloqa va kommunikatsiyalarni qurish bo‘yicha tajribasi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun alohida qiziqish uyg‘otishi mumkinligini ta’kidladi. Mutaxassislar tomonidan 5 ta asosiy bosqich, xususan, globallashuv, o‘z-o‘zini izolyasiyadan chiqarish yo‘li, xalqaro savdo, barqarorlik va hamkorlikni rivojlantirish belgilab olindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida gapirib, asosiy yo‘nalishlarni sanab o‘tdi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining janubiy dengiz portlariga chiqishni ta’minlovchi yangi transport yo‘laklarini ko‘rish, energetika sohasidagi hamkorlik (elektr energiyasi, tabiiy gaz, neft mahsulotlarini eksport qilish), o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek tashqi savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish.
Shu bilan birga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Markaziy va Janubiy Osiyo Afg‘oniston bilan chegarada bog‘langanligini, bu ikki mintaqa o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarishini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Obid Hakimov "Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashishi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni o‘rnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transport-kommunikatsion o‘zaro aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytiradi" deb ta’kidladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish