Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishi muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.
2021 yilning iyul oyida O‘zbekistonda 18,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari tuzildi, bu 2020 yilning mos davriga (16,1 ming) nisbatan 12,5%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyiga nisbatan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 16%ga kamaydi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi
Lekin, joriy iyul oyi ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki 2020 yil iyul oyi lokdaun holati joriy etilgan edi.
Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni kamayishining asosiy sabablari – epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi bo‘lib, buning natijasida potensial xaridorlar hozirgi bozor sharoitlarida bitimlar tuzishni foydasiz hisoblab, noaniqliklar tarqalishini kutishadi. Shu bilan birga, ta’kidlash kerakki, karantin cheklovlari butun mamlakat bo‘ylab amal qilmoqda, bu ham iqtisodiyotga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Bu Markaz tomonidan o‘tkazilgan parallel tadqiqotda ham qayd etilgan, xususan kichik va o‘rta biznes vakillarining 17 foizi pandemiyaning tovarlar/xizmatlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sirini qayd etgan.
Ko‘chmas mulk bozorida talabning sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘lgan boshqa omillar orasida aholiga berilgan ipoteka kreditlari sonining kamayishi ham bor.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida ipoteka kreditlari soni 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,3%ga kamaygan. Iyun oyida esa pasayish 53% ni tashkil etdi.
Umuman olganda, 2021 yil 7 oyida berilgan ipoteka kreditlari soni o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslanganda 19,2 foizga kamaydi.
2-rasm. Aholiga berilgan ipoteka kreditlari
Manba: O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar
Hududlarga keladigan bo‘lsak, joriy yilning iyun oyiga nisbatan barcha hududlarda talabning pasayishi kuzatildi. Eng yuqori pasayish sur’atlari Buxoro (27,3%), Namangan (22,1%), Qashqadaryo (20,7%), Navoiy (18,1%), Samarqand (17,8%) viloyatlarida qayd etildi.
3-rasm. 2021 yilning yanvar-iyul oylari uchun viloyat bo‘yicha aholiga berilgan ipoteka kreditlari hajmi va soni
Manba: O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar
Shu bilan birga, 2021 yilning iyul oyida berilgan ipoteka kreditlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Qashqadaryo (60,1%), Buxoro (40,3%), Jizzax (39,9%), Sirdaryo (34,1%), Surxondaryo (29%) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.
Kuzga borib, ta’til mavsumining tugashi hamda faol ish mavsumining boshlanishi bilan ko‘chmas mulk bozorida talabning oshishi kutilishi mumkin. Shuningdek, ommaviy emlash ham talabni tiklanishiga yordam beradi.
Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bosh ilmiy xodimi
tel: (78) 150 02 02 (410)
Tadqiqot haqida savollaringiz bo‘lsa, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Jamoatchilik bilan aloqalar xizmatiga murojaat qiling.
tel: (78) 150 02 02 (417)
telegram: @Ziyo7282
Izoh qoldirish