Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat muntazam tahlil qilib boriladi.
Yanvardagi faollikning keskin tiklanishi ortidan fevralda sotuvlar 12%ga pasayib, oldi-sotdi shartnomalari soni 22,4 mingtani tashkil etdi. O‘tgan yilga solishtirganda shartnomalar soni o‘rtacha 1%ga o‘sdi (221 ta bitimga oshdi).
Hududiy dinamika
Fevral oyida hududlar kesimida sotuvlar sonida keskinroq pasayish Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilib, sotuvlar 20%dan ko‘proqqa kamaygan. Toshkent shahrida ham oldi-sotdi bitimlar soni 9,5%ga pasaygan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Oy davomida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari 0,6%ga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 1 foizga oshdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Jizzax va Xorazm viloyatlarida kuzatilib, o‘rtacha 8%ni tashkil etdi.
Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Fevral oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori segmentlarida turlicha tendensiya kuzatildi. Xususan, ikkilamchi bozorda narx 0,3%ga pasaygan bo‘lsa, birlamchi bozorda, aksincha, narx 2,5%ga oshdi.
O‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5,1%ga, birlamchi uy-joy narxi esa 3,1%ga pasaydi.
Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (8,5%), Chilonzor (6,9%) va Yashnobod (6,6%) tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Uchtepa (10,1%), Shayxontohur (10,1%) va Mirobod (9,1%) tumanlarida qayd etildi.
Uy-joy ijara bozori
Fevralda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxlarida biroz pasayish (- 0,8%) kuzatilib, o‘rtacha ijara narxi 8,0 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 9,8%ga pasaygan. Eng katta pasayish Yunusobod (13,7%), Chilonzor (12,5%) va Olmazor (12,2%) tumanlarida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish