Dastur doirasida 3.5 ming xonadon, 571 ta ko‘cha obod qilinmoqda

Dastur doirasida 3.5 ming xonadon, 571 ta ko‘cha obod qilinmoqda

Respublikaning tanlangan 56 ta “qizil” toifadagi mahallada Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat sektor rahbarlaridan iborat shtablar tuzilib, har bir mahalla kesimida ishlar belgilab olindi va jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Xususan, o‘tgan ikki yarim oy mobaynida 3,5 mingdan ziyod uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari joriy va kapital ta’mirlab berildi, 900 ga yaqin xonadonga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berildi.

Dastur doirasida mahallalardagi 571 ta ko‘chalarda infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida 113 km asfalt, 336 km yo‘l shag‘al, 7 km yo‘lga beton yotqizilib, 29 758 m2 piyodalar yo‘lagi barpo etildi.

Undan tashqari 175 km uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 1 882 dona yoritish moslamalari o‘rnatildi, 60 ta yangi transformator o‘rnatilib, 174 tasi ta’mirlandi, 5 188 ta simyog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 1 831 ta yangi qo‘shimcha temir-beton ustunlar o‘rnatildi.

Joylarda gaz ta’minotini yaxshilash uchun 119 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 5 km uzunlikdagi yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortildi, 155 km gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Aholi talabidan kelib chiqib, 12 mingdan ziyod qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlar, 1,6 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi.

Ichimlik suv ta’minoti borasida 183 km uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortildi, 13 kilometri ta’mirlandi, 7 ta yangi ichimlik suvi inshooti o‘rnatildi va 18 tasi ta’mirlandi.

Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 21 ta ko‘p qavatli uyning 243 m2 tom qismi, 59 tasining kirish yo‘laklari ta’mirlandi.

Aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi.

Jumladan, 1,1 ming nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 mlrd. 680 mln. so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi. Ikki yuzdan ziyod fuqaroga nogironlik aravachasi, protez-ortopediya vositalari yetkazildi. Yetti mingdan ziyod aholiga bepul dori-darmon vositalari ajratildi.

Mingga yaqin fuqaroga 15 mlrd so‘m imtiyozli kredit, to‘rt yuz nafariga 2,5 mlrd. so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashildi.

Shu bilan birga 206 nafariga tikuv mashinasi va 139 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.

Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 116 mingdan ziyod shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra ularning 838 nafariga davolanish uchun order ajratildi, 85 nafar shaxslarga sihatgoh, sanatoriya va profilaktoriyalarga yo‘llanma berildi, 36 nafar yakka yolg‘iz keksalarga hamda 297 nafar nogironlarga turli yordamlar ko‘rsatildi.

Mahallarda ma’naviy muhitni yaxshilash borasida turli hil ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi. Jami 10 mingdan ziyod turli tadbirlar tashkil etilgan bo‘lib, ular xonadon madaniyatini yuksaltirish, xonadonlarni obod hamda ko‘rkam qilish, farzand tarbiyasi, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish kabi yo‘nalishlarda bo‘ldi.

O‘tkazilgan targ‘ibot, tashviqot va tushuntirish ishlari natijasida 245 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar