Qurilish sohasi – milliy iqtisodiyotimizning “drayver”laridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizning qurilish sohasida keskin oshish yuzaga keldi. Qurilish sohasini kengaytirish aholi sonining oshishi, aholi farovonligi va xarid qobiliyatining oshishi kabi omillar bilan bevosita bog‘liq. O‘z navbatida, qurilish sohasining rivojlanishi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga va infratuzilmani yaxshilashga yordam beradi.
Chet davlatlarning, xususan Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, qurilish sohasining o‘sishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini ham, ijtimoiy sohani ham rivojlanishini ta’minlab, butun iqtisodiyot uchun multiplikativ ta’sir etadi.
Qurilish sohasining o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda, 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatning barcha hududlarida uy-joy qurilishining keng ko‘lamli dasturini e’lon qildi. Umumiy qiymati 1,1 milliard AQSh dollar miqdorida moliyalashtirish natijasida, pandemiyadan keyingi davrda iqtisodiy rivojlanishga qo‘shimcha turtki beradi.
Tahlil natijalari ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning qurilish sohasiga 1,1 mlrd. dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya kiritilishi yalpi ichki mahsulot va iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatdi.
Qurilish sohasida yakuniy talabning oshishiga iqtisodiyotning birinchi reaksiyasi ushbu sohada ishlab chiqarish hajmining ortishi bo‘ladi. Ishlab chiqarish hajmining ortishi esa, qurilish materiallari sanoati, energiya resurslari va boshqa qazib olish sohalaridagi oraliq tovarlarga qo‘shimcha talab tug‘diradi. Xususan:
- Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning real hajmi qo‘shimcha +2,3 foizga o‘sadi;
- Xizmat ko‘rsatish sohasi +3,9%;
- Chakana savdo aylanmasi +1,1%;
- Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishi + 0,1%.
Sanoat ishlab chiqarish hajmining qo‘shimcha o‘sishi tog‘-kon sanoati ishlab chiqarishi (+2,1%), qurilish materiallari ishlab chiqarish (+9,2%), tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish (+5,6%), rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish (+5,5%), metallurgiya sanoati ishlab chiqarishi (+3,2%), elektr jihozlari ishlab chiqarish (+3,1%) va boshqa sanoat tarmoqlari hajmining oshishi bilan bog‘liq.
Qurilish sohasini moliyalashtirishning iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga ta’siri, %da
Xizmat ko‘rsatish sohasida ijara va lizing xizmatlari (+4,6%), boshqaruv, biznes va boshqa xizmatlar (+4,2%), ishga joylashtirish xizmatlari (+3,8%), mashina va uskunalarni ta’mirlash va o‘rnatish bilan bog‘liq xizmatlar (+3,8%) va boshqa turdagi xizmatlar hajmining ortganligi bilan bog‘liq.
Qurilish sohasidagi keng miqyosli ishlab chiqarish hajmining oshishi pirovard natijada yalpi ichki mahsulot hajmining qo‘shimcha +1,0%dan 1,5% oralig‘ida o‘sishiga olib keladi va yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantiradi hamda aholi farovonligini oshiradi.
Izoh qoldirish